5 448
Ahmadboy Tursunboyev – eng katta xatosi, kelgusi rejalari va artistlar bilan munosabati haqida
O‘zbekiston tarixidagi eng mashhur moliyaviy piramida asoschisi – chinozlik Ahmadboy Tursunboyev ustidan to‘rtinchi sud 12 fevral kuni o‘z ishini yakunladi. Sud uni avvalgi jinoyat ishi bo‘yicha tayinlangan jazoni qo‘shib, 14,5 yilga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqardi.
Mahkum mahkamadan so‘ng jurnalistlar savollariga javob qaytardi.
«Men bu faoliyatimni 10 yil yurgizganman. 2006 yilda boshlab, avvaliga faqat chorva bilan ish qilganman. O‘zim qassobman – mol olardim, fuqarolarga mol berardim... To‘g‘ri, qilgan ishimdan pushaymonman. Molni foiz hisobida berganman, Xudoning o‘zi kechirsin.
Shu o‘yinga kirganman. U o‘yinga kirgandan keyin, chiqa olmaysiz. Qiyin narsa u... Menda fuqarolarning puli ko‘payganidan keyin, ularning pulini ferma va shu kabi narsalarga qo‘yib, pulini «oborot qilib», o‘zlariga taqsimlab bermoqchi bo‘lganman. Vaziyat shunaqa bo‘ldi, endi», – deydi Ahmadboy Tursunboyev.
– Shu 10 yillik faoliyatingiz davomida hech qaysi davlat organi bilan o‘rtangizda muammo bo‘lmaganmi?
– Yo‘q... Bitta narsa: agar siz birovning pulini bermasangiz va u ariza bilan shikoyat qilsa, unda tashkilotingizni yopishadi. Endi o‘zingiz o‘ylang, men odamlarning pulini vaqtida to‘laganman-ku, joy-joyiga qo‘yib berganman. Olingan pullarni qanday qaytarishim esa meni muammom. Tekshirishlar bo‘lmagan, faoliyatimni 2006 yilda boshlab 10 yil yurgizganman.
– Oxiri baribir shu bilan tugashini bilarmidingiz?
– Mening maqsadim yomonlik qilish bo‘lmagan. Maqsadim ishlash bo‘lgan. Endi, fuqarolar ko‘payganidan keyin, ularning pulini nima qilishim kerak. Joy qurganman, ferma qurganman, shuni yurg‘izaman deb harakat qilganman. Fuqarolarni aldamoqchi bo‘lmaganman.
– Sizga ko‘plab san’atkorlar pul bergani haqida gap-so‘zlar yuradi.
– Falonchi artist sizga pul bergan ekan, degan gapni men o‘zim ham ko‘p eshitdim. Men, birinchidan, san’atkorlar bilan oldi-berdi qilmaganman. O‘sha payti o‘g‘il to‘y qilganimda to‘yona hisobidan kelgan u artistlar. Sherali Jo‘rayevdan pul olibdi, Ozodbekdan pul olibdi degan gaplar mish-mish. Men artistlar bilan umuman pul oldi-berdi qilmaganman.
Birov orqali kirgizmagan bo‘lsa agar, biron bir artist shaxsan o‘zi kelib qo‘limga 50-100 ming dollar bermagan.
– Moliyaviy piramida butun dunyoda bor narsa. Bu g‘oyani kimdandir olganmisiz?
– Yo‘q, menga birov o‘rgatmagan. Birovlar buni piramida deyapti. Endi, bitta narsani o‘ylang, siz agar biron bir tashkilot ochib, ishni vaqtida joy-joyida qilib olib borsangiz, fuqarolar sizga ishonadi. Agar boshidan birovni aldasangiz, sizga ishonmaydi. Odamlarda menga nisbatan ana shu ishonch bo‘lgan – vaqtida pullarini to‘laganman.
– Sizga berilgan jazo turi qamoq emas, ozodlikni cheklashga o‘zgartirilsa, nima ish qilgan bo‘lardingiz?
– Agar muhtaram sudyamiz yengil jazo berib, sudga ko‘chadan qatnasam, imkoniyatim boricha qilib yurgan tirikchiligimni – o‘sha chorvachiligimni sekin-sekin yo‘lga tushirardim.
– Odamlar yana pul olib kelsa, olasizmi?
– Yo‘q, fuqarolar pul olib kelsa olmayman. Chunki o‘zingiz o‘ylang-da, buni yana yurg‘izgan taqdiringizda ham, vaqti kelib yana odam ko‘payadi, ish yana kengayib, yana qamalasiz.
Eng haloli, tinchgina chorvadorlik bilan shug‘ullanib, dehqonchiligimni qilaman.
Mening eng katta xatom – fuqarolar haddan tashqari ko‘payib ketganida. Vaqtida to‘xtatishim kerak edi. To‘xtatish uchun 2009-2010 yillarda yopishim kerak edi.
Jinoyat ishi ochilishiga sabab ham odam haddan tashqari ko‘payib ketganida. Dedi-dedi gaplar ko‘payib ketdi. Ko‘plar ko‘chada mening nomimni sotib, ish qilib yuborgan. Filial ochgan bolalar bor. Ularga umuman aloqam yo‘q.
– Ustingizdan ariza tushmagan bo‘lsa, jinoyat ishi ochilishidan norozi emasmisiz?
– Endi o‘sha paytda ishim to‘g‘ri kelmagandir, balki masalan naqd aylanma pul qilganim uchundir. Naqd pul aylanmasi bo‘lgani uchun fuqarolar ham ko‘payib ketdi. Shuning hisobiga balki firmam yopilgandir. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Tomoshabinlar nafratiga uchragan, saratonni yenggan turk aktrisasi — Vahide Perchinning murakkab taqdiri
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi