12:45 / 14 февраля 2020
1 151

Andijonda dahshatli YTHda to‘rt kishi vafot etdi

Andijonda dahshatli YTHda to‘rt kishi vafot etdi
Kecha, 2020 yil 13 fevral kuni, taxminan soat 21:00 larda, 24 yoshli X.M. «Nexia-3» rusumli avtomashinada 3 nafar yo‘lovchilar bilan birga «Andijon-Asaka» avtomobil yo‘lining «Asaka» yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib ketayotib, Andijon tumani, «Teraktagi» mahallasi hududida yo‘lning chekka qismida harakatsiz holda turgan 27 yoshli A.N.ning boshqaruvida bo‘lgan «Zil-130» rusumli yuk avtomashinasiga urilib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.

Natijada «Nexia-3» avtomashinasi haydovchisi X.M. va oldi yo‘lovchi o‘rindiqdagi yo‘lovchi 24 yoshli I.J.lar hodisa sodir bo‘lgan joyida, yo‘lovchilar 24 yoshli M.B. va 20 yoshli N.P.lar esa ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan shifoxonada vafot etishgan.

Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodekining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (Odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Tergov departamenti halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.

Hurmatli fuqarolar yo‘llarda harakatlanganda belgilangan tezlik talablariga qat’iy rioya qilishingizni so‘raymiz. Tezlikni me’yoridan oshirib o‘zingiz va boshqa harakat ishtirokchilarining hayotini xavf ostida qoldirmang. Unutmang! Sizni uyda farzandlaringiz, ota-onangiz va yaqinlaringiz kutadi. Har doim yo‘l harakati qoidalariga rioya qiling.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)