date
views 3 074

Sudlanuvchi qaysi hollarda «sudlangan» degan tamg‘adan xalos bo‘ladi?

Sudlanuvchi qaysi hollarda «sudlangan» degan tamg‘adan xalos bo‘ladi?
Yarashuv instituti jinoiy javobgarlikdan ozod qilishning bir turi sifatida shaxsning aybdorlik masalasini hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish uchun asos bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi JKning 661-moddasida ko‘rsatilgan ellikdan oshiq jinoyat tarkibi yuzasidan 45 ta moddada nazarda tutilgan jinoyatlar sodir etgan shaxs, agar u o‘z aybiga iqror bo‘lsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, yarashilganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.

Xalqimizning tarixiy an’analariga mos tushadigan yarashuv instituti ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat sodir etgan va qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, jabrlanuvchi bilan yarashgan hamda yetkazilgan ziyonni qoplagan fuqarolar jinoiy jazodan ozod etiladigan bo‘ldi. Juda ko‘p fuqarolarimiz jinoiy jazolarning liberallashtirilishi nechog‘li insonparvar ekanini o‘z hayotlarida anglab yetdilar. Eng asosiysi, sudlanuvchi yarashuv orqali «sudlangan», degan tamg‘adan xalos bo‘ladi. Shuningdek, dastlabki tergov ishlarini olib borish va ishni sudda ko‘rib chiqish uchun sarflanadigan muddatlar ancha qisqaradi.

Shu o‘rinda sud amaliyotidan misol keltirsak: Norin tumanida yashovchi O.Abdulaxatov 2019 yil 20 oktabr kuni soat 13:30larda jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, jamoat tartibini buzib, jamoat joyi hisoblangan Norin tumani, O‘zbekiston MFY hududida joylashgan “Nuroniy bog‘i”da havaskorlar shaxmat o‘yini tashkil qilgan A.Irisovni hech bir sababsiz yuziga qo‘llari bilan urib, tan jarohati yetkazib, bezorilik qilgan.

Sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, u yengil tan jarohati olgan. Sud majlisida jabrlanuvchi va gumonlanuvchi o‘zaro yarashganligi haqidagi ariza bilan murojaat etib, gumonlanuvchiga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligi, yarashuv ixtiyoriy ravishda bo‘lganligini ko‘rsatib o‘tdi. Sud jabrlanuvchining yarashganligi haqidagi arizasini qanoatlantirib, O.Abdulaxatovga oid jinoyat ishini taraflar yarashganligi munosabati bilan harakatdan tugatdi.

Sudlar tomonidan yarashuv institutining samarali qo‘llanilayotgani inson huquqlari, erkinliklari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari ustuvor qadriyat sifatida e’zozlanayotganining yaqqol tasdig‘idir.

Jasurbek Qurbonov
Jinoyat ishlari bo‘yicha Norin tuman sudining raisi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sudlanuvchi qaysi hollarda «sudlangan» degan tamg‘adan xalos bo‘ladi?