07:29 / 19 февраля 2020
2 248

Prezident farmoni bilan yangi vazirlik tashkil etildi

Prezident farmoni bilan yangi vazirlik tashkil etildi
Foto: Prezident matbuot xizmati
«Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF-5938-son, 18.02.2020 y.) qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, har bir mahallada «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyiliga asoslangan yangi tizim joriy etiladi.

Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) bo‘linmalari tashkil etildi.

Jamiyatda «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyilining to‘laqonli va samarali joriy etilishida har tomonlama ko‘maklashish, oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorligini o‘rnatish vazirlikning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Farmonga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamda «Mahalla» o‘quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot markazi negizida «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi va vazirlik tuzilmasiga o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi rahbar organlarining ushbu tashkilotlarni tugatish haqidagi qarorlari qabul qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamoat birlashmasi shaklidagi «Nuroniy» jamg‘armasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) bo‘limlarini tugatish haqidagi qarorlari qabul qilindi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)