19:37 / 06.03.2020
3 351

Iltijo

Iltijo
Beshga to‘lib, endi oltiga qadam qo‘ygan jamalaksoch qiz – Dildora otasini kattalardek «yaxshi borib keling, dada» deb ishga kuzatib, hovli sahnidagi dasturxon yozilgan chorpoyaga chiqdi. Choynakdan choy quyib, bir tishlam non yegan bo‘ldi.

Quymoq yegisi keldi va bir vaqtlar onasi shirin quymoq tayyorlab berganini esladi. Lekin onasining ko‘rinishini ko‘z oldiga keltirolmay, hiqillab yig‘lashga tushdi.

Yig‘i asnosida ota-onasi gap talashib urishib qolganini, onasi ukasi Dilshodni ko‘tarib buvisining uyiga, keyinchalik uymi, ishmi izlab uzoqqa ketib qolgani haqida o‘ylab turganida, ayvon shiftiga vijirlab uchib-qo‘nayotgan qaldirg‘ochlar xayolini bo‘ldi.

Dildora hamma narsani unutganday qaldirg‘ochlarga mahliyo bo‘lib qoldi. «Qaldirg‘och bo‘lish qanday yaxshi-ya, qanoting bo‘ladi, xohlagan joyingga uchib borasan», – deb o‘yladi.

So‘ng ko‘zlarini yumib, xayolan qaldirg‘ochga aylandi va ko‘kka parvoz qildi. Balanddan yerga ko‘z tashlab onasini qidira boshladi.

Ichkaridan chiqib kelgan buvisining «Dildora, qayerdasan, ona qizim?» degan ovozidan cho‘chib tushdi. Buni ko‘rgan buvi «Voy, seni cho‘chitib yuborgan buving o‘lsin, jonim bolam» deya nabirasini quchoqlab, erkalay ketdi.

Dildora baribir qaldirg‘ochlardan ko‘zini uzolmas, «Qaldirg‘och, jon qaldirg‘och, men ayamni sog‘indim. Qanotlaring berib tur, birrov borib kelayin» deb pichirlar edi.

Yoshi yetmishni qoralab, qulog‘i og‘irlashib qolgan buvi nabirasining gapini eshitmay qolgani sabab «Bir nima dedingmi, qizim?» deb so‘radi.
Dildora «Ayamni sog‘indim, ayamga boraman» deb yig‘lab yubordi.

Buni kutmagan buvi jonsaraklik bilan:
– Jon qizim, yig‘lama, mana men yig‘lasam bo‘ladi – mening enam endi hech qachon kelmaydi, chin dunyoga ketib qolgan. Menam senga o‘xshab enamning mehriga qonmaganman, to‘rt yoshimda undan ajrab qolganman, bolam. Sening ayang esa keladi, albatta keladi, bolam. Sen yig‘lama… – deb ovutdi.

Buvi kech kirganda uyga kirib kelgan o‘g‘lining ovqatlanib bo‘lishini kutdi. Keyin ertalab nabirasi ayamni sog‘indim deb yig‘laganini aytib, «Bolam, kelin bilan xabarlash, qaytsin. Yarashib yashanglar, bollaringni o‘zlaring katta qilinglar» dedi.

Tabiatan og‘ir-vazmin o‘g‘il biroz sukutdan so‘ng «Xo‘p, ona» deb qo‘ydi va choynakdagi sovugan choydan quyib ichib, o‘rnidan turdi. «Ona, men hozir kelaman, siz dam olavering» deb qo‘­yib, qo‘shni mahallada yashovchi qaynonasinikiga yo‘l oldi.

Qaynonasi «keling, bolam, keling» deb kuyovi­ni yaxshi kutib oldi. Hol so‘rashgan bo‘lishdi. Chorpoyaga omonat o‘tirgan o‘g‘il hovliga nazar tashlab, o‘g‘lini qidirdi. Buni sezgan qaynonasi «Dilshodjon kelib qoladi, bolalar bilan qo‘shninikiga o‘ynagani chiqqan edi» deb qo‘ydi. Shu bilan gap uzilib, jim bo‘lib qolishdi.

Biroz o‘tib, o‘g‘ilning o‘yi tiliga ko‘chib, «Qizingizdan xabar bormi?» deb so‘radi.

– Qizim tushmagur kelib qolar, telefon qilganida tez yetib kel dedim, – dedi. So‘ng yana qizini o‘ylaganday bo‘lib qo‘shimcha qildi: – Qizimning boshini aylantirib, boshlab ketgan dugonasini ham urishdim qaytarib jo‘nat deb…

Shu payt ko‘chadan qaytgan Dilshod yugurgilab kelib o‘zini otasining quchog‘iga otdi va mahkam quchoqlagancha turib qoldi… Keyin «Olib keting, buvimga boraman» deb oyoqlarini tipirlatib yig‘lay boshladi.

O‘g‘il «Xo‘p, mayli, biz ketdik» deya oyoqqa qalqdi va o‘g‘lini opichlab uyiga qaytdi.
Hovliga kirishgach otasining yelkasidan tushgan Dilshod «Buvi, men keldim!» deb qiyqirib ichkariga o‘zini urdi.

Buvi va nabira bir-birini quchoqlab, silab-siypalashib turishganida, uydan uyqusirab chiqib kelgan Dildora ukasini ko‘rib unga talpindi va uni quchoqlab, baralla yig‘lab yubordi. So‘ng «Ayam qani Dilshod, ayam ham keldimi?» deb so‘ray boshladi, ko‘zlari jovdirab otasiga qaradi. Buni ko‘rib turgan ona-bolaning bo‘g‘ziga xo‘rsiniq tiqilib, ko‘zlari yoshlandi…

Ertasi kuni buvi nabirasi Dildoraning pichirlab duo qilganday jajji qo‘llarini juftlab qaldirg‘och uyasiga tikilib turganini ko‘rib, o‘zini ko‘rmaslikka oldi. Bu payt qizcha qaldirg‘ochlarga ukasi uyga kelgani uchun rahmat aytib, onasini uyga qaytarishni iltijo qilayotgan edi.

Oradan o‘n kuncha vaqt o‘tib, oilasidagi arzimas yetishmovchilik sabab eri bilan aytishib, onasining uyiga ketgan, keyin dugonasining gapiga kirib, birdan boyish niyatida ish izlab o‘zga yurtga ketgan, bolalarini sog‘ingan kelin mo‘ltirab uyiga qaytdi.

U qadrdonlariga qarab «Men adashdim, men izlagan boylik sizlar ekaningizni tushundim, meni kechiring» deb yer chizgan bo‘ldi. Uning gapini bolalarining xursandchiligi va shodon qiyqirig‘i bosib ketdi.

Shu-shu, kichkina Dildoraning ishi har kuni qaldirg‘ochlar bilan goh pichirlab, goh vijirlab gaplashish ham qo‘llarini qanot qilib hovli aylanish bo‘ldi.

Xolmo‘min Yodgorov

Manba: Huquq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Iltijo