date
views 5 153

Deputat: “UzAuto Motors” xalqqa oshnomi yoki..."

Deputat: “UzAuto Motors” xalqqa oshnomi yoki..."
Mamlakatdagi yagona yengil avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya hisoblangan “UzAuto Motors” bir qator mahsulotlari narxini to‘satdan oshirdi. Bu xalqimizning noroziligiga sabab bo‘ldi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati va “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi sifatida ushbu holatda xalqimizning e’tirozlari o‘rinli deb bilaman.

Qayerdaki, mavhumlik, yopiqlik bo‘lsa, o‘sha yerda savollar, noroziliklar ko‘payaveradi. Shu boisdan barcha sohalarda ochiqlik, oshkoralik siyosati olib borilayotgan bir sharoitda mamlakatimiz aholisini yengil avtomobil bilan ta’minlovchi yakka-yu-yagona korxona, hech qanday tushuntirishlarsiz, ogohlantirishsiz mahsulotlari narxnomasini yangilab qo‘ydi. Bu esa avtomobil bozoridagi narxlarini keskin oshib ketishiga sabab bo‘lishi hammamizga ayon. O‘z-o‘zidan xalqimizda savollar kelib chiqmoqda va hozirgacha birorta mas’ul javob berishga shoshilmayapti. Biz kimga, nimaga gapiryapmiz o‘zi?

Shunday bo‘lsa ham “UzAuto Motors” mutasaddilari quyidagi masalalar bo‘yicha o‘z munosabatini bildirishidan umid qilib qolamiz. Har qalay deputatlar ular ishlab chiqarayotgan mashinaning eng asosiy haridori hisoblangan shu xalqning vakillari hisoblanadi.

Birinchidan, nega “UzAuto Motors” na saytida, na biror bir boshqa ommaviy axborot vositalarida narxlari oshganini rasmiy xabar va tushuntirish tarzida ma’lum qilmayapti? Xuddi ayb ish qilayotgandek, saytning ichki qismidagi narxnoma imi-jimida yangilab qo‘yish, e’lon qilishga kirmaydi.

Ikkinchidan, xo‘p narxlar oshishga oshibdi. Biroq nima sababdan, umumiy qilib qaysi omillar tufayli oshganini iste’molchi bilishga haqqi bormi yoki yo‘qmi?

Uchinchidan, nega aynan xalqimiz orasida eng talabgir hamda “ekonom” hisoblangan Damas, Spark, Nexia, Cobalt va Lacetti kabi avtomobillar narxi oshirilmoqda. Oylikka qarab qolmagan, nisbatan o‘ziga to‘qlar xarid qiladigan Malibu 2, Tracker, Trailblazer, Equinox, Traverse va Tahoe narxlari esa o‘zgartirishsiz qolmoqda. Yoki bu “Kambag‘alni tuyani ustida ham it qopadi” naqlining amaldagi ifodasimi?

To‘rtinchidan, oshirilgan narxlar eksportga chiqarilayotgan mashinalarga taalluqlimi? O‘zi nima uchun “UzAuto Motors” hanuzgacha eksportga ichki bozordan ancha arzon narxda avtomobil sotmoqda. Misol uchun bizda 30 000 ming AQSH dollaridagi Malibu 2, boshqa davlatlarda ikki barobar arzon narxlarda sotilmoqda. Agarda buni valyuta oqimini ko‘paytirish bilan deb izohlamoqchi bo‘lsangiz, boshqa yangiroq bahona toping, hozir banklarimizda istagancha valyuta xarid qilishingiz mumkin.

Beshinchidan, mamlakatimiz ichki bozorida hamyonbop avtomobillar sotuvi bo‘yicha boshqa davlatlar avtomobillari sotuvi yildan yilga oshib borayotgan bir sharoitda mahalliy ishlab chiqaruvchimizning narxlarni oshirish to‘g‘risidagi qarori qaysi bozor qonuniyatlariga to‘g‘ri keladi? Bu ochiqdan-ochiq bozorni qolganlarga bo‘shatib qo‘yishga harakatga o‘xshab ko‘rinmayaptimi? Yoki sun’iy ravishda kasodga (bankrot) uchratish nazarda tutilganmi, agar unday bo‘lsa 20,0 mingga yaqin ishchilar, qorako‘zlarimiz taqdiri nima bo‘ladi?

Xullas savollar ko‘p, ammo hozircha javoblar yo‘q.

Shu o‘rinda ko‘pchilikni bir mulohoza qiziqtiryapti. Darhaqiqat, yuqoridagi narxlari oshirilgan mashinalar eng xaridorgir hisoblanadi. Ularning sotib oluvchilari miqdori ham yuqori. Shu o‘rinda talabning yuqoriligini inobatga olgan holda, ular narxini biroz arzonlashtirib, yana ham ko‘p mashina sotuvini yo‘lga qo‘yish orqali foydani ko‘paytirish ham mumkin-ku. Axir bu ham oddiy bozor qonuniyati-ku.

Bundan tashqari “UzAuto Motors” keragidan ko‘ra yopiqroq bo‘lgani ko‘pincha unga tegishli har bir xabarni jamiyatimiz norozilik kayfiyati bilan kutib oladi. Narxlar nimaga asoslanib oshirildi, mashinalar tan narxi qaysi mezonlar asosida shakllantiriladi kabi ko‘plab masalalar ochiq, oshkora bo‘lganida milliy avtosanoatimizga bu qadar ko‘p e’tirozlar yog‘ilmas edi.

Umid qilamizki, “UzAuto Motors” mutasaddilari yuqoridagi savollarga batafsil javob berishadi hamda agar maqsadlari foyda ko‘rish bo‘lsa, bundan keyingi faoliyatlarini bozorning tabiiy qonuniyatlari asosida yo‘lga qo‘yish harakatini boshlashadi.

Maqsud QURBONBOYEV
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Deputat: “UzAuto Motors” xalqqa oshnomi yoki..."