
Foto: Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videodan skrinshot
Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumani To‘qboy qishlog‘ida imoratlarni buzish jarayonida sodir bo‘lgan ko‘ngilsiz voqea tafsilotlari ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi.
Tarqalgan videolardan ko‘rinishicha, ko‘plab ichki ishlar xodimlari va davlat idoralari xodimlari tuproq ortuvchi traktor vositasida qandaydir noqonuniy qurilmani qurishga chog‘lanishgan. Ularga bir guruh ayollar keskin qarshilik qilishmoqda.
Kutilmaganda o‘sha yerdagi yigitlardan biri qo‘lidagi yelim idishda ichki ishlar organi xodimlaridan birining ustiga yonilg‘iga o‘xshash suyuqlik sepib yuboradi. Qolgan ichki ishlar organi xodimlari uni quvib ketishadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar go‘yoki davlat idorasi va ichki ishlar organi xodimlari fuqarolarning qonuniy turar joylarini noqonuniy buzishga borgandek, noto‘g‘ri talqin qilib, davlat idoralari sha’niga haqoratli va noo‘rin sharhlarni yog‘dirishgan.
Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Qamashi tuman hokimligi axborot xizmati bilan birga rasmiy bayonot berib, unda ushbu ko‘ngilsiz voqeaning mazmun-mohiyati nimadan iboratligi, janjalli tortishuvning bosh sababi nima ekanligiga aniqlik kiritgan.
«Qamashi tumani «To‘qboy» MFY To‘qboy qishlog‘ida yashovchi fuqaro Madina Poyonova tuman hokimligiga tadbirkorlik qilish maqsadida murojaat qilgan.
Qamashi tumani hokimining 2019 yil 12 iyuldagi X-4448/07-sonli qaroriga asosan unga To‘qboy qishlog‘idagi 13-umumta’lim maktabi yonidan o‘tgan yo‘l yoqasidan «Yengil tipdagi kitob do‘koni» qurish uchun fuqaro M.Poyonovaga 60 kv.metr yer maydoni ajratilgan.
Lekin fuqarolar — M.Poyonova va uning akasi A.Poyonov hamda Sh.To‘rayev o‘zboshimchalik bilan tuman hokimi qarori bilan ajratilgan 60 kv.m yer maydonidan tashqari 120 kv.m.dan ortiq yer maydonini noqonuniy o‘zlashtirishib, ushbu maydonga ham beton poydevor qo‘ygan.
Noqonuniy qo‘yilgan bu poydevor maktabning oldi tomonini butunlay to‘sib qo‘ygan hamda ta’lim dargohining tashqi ko‘rinishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Shuning uchun tuman hokimligi qurilish bo‘limi xodimlari tomonidan ushbu qonunbuzarlik o‘z vaqtida aniqlanib, fuqarolar M.Poyonova va uning akasi A.Poyonov hamda Sh.To‘rayev 3 marta yozma va bir necha bor og‘zaki ogohlantirilgan. Lekin ular qonunga amal qilmasdan, o‘zlarining noqonuniy faoliyatini davom ettirgan.
Shu sababli shu yilning 19 fevral kuni tuman hokimligi qurilish bo‘limi va tuman IIB xodimlari tomonidan fuqarolar — M.Poyonova, A.Poyonov hamda Sh.To‘rayev noqonuniy poydevor tashlangan joyning o‘zida avval batafsil tushuntirishlar orqali ogohlantirilgan. So‘ngra o‘zboshimchalik bilan qurilgan poydevor buzib olingan.
Tuman hokimi qarori bilan fuqaro M.Poyonovaga «Yengil tipdagi kitob do‘koni» qurish uchun berilgan 60 kv.m yer maydoni o‘z joyida qoldirilgan.
Buzish jarayonida 1990 yilda tug‘ilgan Arslon Poyonov tuman hokimligi va tuman IIB xodimlariga qarshilik ko‘rsatib, poydevorni buzayotgan traktor oldini to‘sib, singlisi M.Poyonovaning qo‘lidagi 5 litrlik kondensat yonilg‘isini tuman IIB xodimi B.Avlayevga sepib, voqea joyidan qochib ketgan.
Ayni kunlarda A.Poyonov va fuqarolar M.Poyonova hamda Sh.To‘rayevga nisbatan bu huquqbuzarlik holati bo‘yicha tuman ichki ishlar bo‘limining hudud profilaktika noziri tomonidan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqida qaror qabul qilinib, tuman ma’muriy sudiga taqdim etilgan.
Qamashi tumani prokuraturasi ham aholi va maktab ma’muriyatining haqli e’tirozini inobatga olib,tuman hokimi qaroriga amal qilinmasdan qo‘shimcha tarzda tashlangan mazkur bino poydevorining noqonuniyligini o‘rganib, qonun buzilish holatini aniqlagan va fuqaro M.Poyonova O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 200-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganligi sababli tegishli tartibda ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi ish quzg‘atish haqida qaror qabul qilib, tuman ma’muriy sudiga taqdim etgan. Mazkur qonunbuzarlik holati 16 martda sudda ko‘rib chiqilishi belgilangan», deyiladi bayonotda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar