date
views 6 137

Esiz, ayol degan nom…

Esiz, ayol degan nom…
Dilafro‘z (ismlar o‘zgartirilgan) farzandlari Hakima bilan Nozimni olib onasini ko‘rgani keldi. Keksa, betob onasi oldida biroz o‘tirgach, Nozimni shu yerdagi beshikka beladi, qizchasiga ko‘z-quloq bo‘lishini tayinlab, hovliga chiqdi.

Kelini Ma’rifat ikkovi qo‘shni bo‘lib turadigan akasi Tursunning hovlisiga bulg‘or qalampiri terishga o‘tishdi. Shu payt akasining uyida Sharofatni ko‘rib qolishdi. «Nima qilib o‘tiribsiz bu yerda? Chiqing uydan», – dedi ularning jahli chiqib.

– Bor, akangni topib kel, – dedi Sharofat g‘uldirab.
– Uydan keting, mana mahalladan kelishayapti. Bo‘lmasa o‘zlari chiqarishadi, – deyishdi ular Sharofatni qo‘rqitmoqchi bo‘lib.
– E, o‘zim boraman mahallangga, – deb Sharofat ko‘chaga chiqdi.

Uning ortidan chiqqan Dilafro‘z bilan kelini mahallada maslahatchi bo‘lib ishlovchi Zuhra opani ko‘rib qoldi. Ular bo‘lgan voqea haqida gapirib, «shu ayol bilan bir gaplashib qo‘ying, biz bilan birga yuring» deyishdi. «Gaplashaman, hozir maktabdagi tadbirga shoshayotgandim», – deb Zuhra yo‘lida davom etdi.

Bu paytda Sharofat Tursunning onasining uyiga kelishga ulgurgandi. U oshxonaga kirib pichoq olib chiqdi. Jahli chiqib aqli ketgan Sharofat nafaqat ayol, ona nomiga, balki ongli mavjudotga xos bo‘lmagan qabih jinoyatni sodir qildi.

U endigina dunyoga kelgan, hali ona suti-yu beshikdan boshqasini anglamagan, shirin uyqudagi Nozimjonning umriga zomin bo‘ldi. Keksa kampir nabirasini asrab qololmadi. Jajji Hakima esa «ukamga teginma» dedi. Vahshiylashib ketgan Sharofat qizchaga tashlandi. Pichoq Hakimaning ko‘ksini tirnab o‘tdi. Qizcha tashqariga otildi. Baqirib tog‘asini chaqirdi.

To‘planganlar Sharofatni ushlab qolmaganda, u yana bir go‘dakning boshiga yetishi aniq edi.
Uyidan onasining baqirayotganini eshitgan Dilafro‘z bilan kelini yugurib keldi.

Dilafro‘z beshikdagi o‘g‘lining qonga belanganini ko‘rib yuragi yorilay dedi. Nozimni beshikdan olib, ukasi bilan shifoxonaga olib ketdi. Shifokorlar chaqaloqning joni uzilganini aytishdi.

Sud tibbiy ekspertizasi xulosasida marhumning ko‘krak qafasida besh joyda sanchilib teshib kiruvchi yara, uchta teshib o‘tmagan yara borligi yozilgan.
Sharofatning bunday shafqatsizlik qilishiga nima sabab bo‘ldi ekan degan savol tug‘iladi.

Bir kuni u telefonini sozlatish uchun ustaga olib bordi. Shu kuni bekatda Tursun bilan tanishib qoldi. Telefon raqamlarini almashishdi. Shundan so‘ng ular qo‘ng‘iroqlashib, tez-tez ko‘rishadigan bo‘lishdi. Sharofat o‘n yetti yillik turmushini, shirindan-shakar ikki farzandini kayfu safoga almashdi. Ayollik iffatini, or-nomusini yengil-yelpi hayotdan ustun qo‘yolmadi. Oilasining sha’ni, farzandlarining taqdirini o‘ylab etagini yig‘ishtirib olishga nafsi yo‘l bermadi. Har gal tumandagi oshxonalarda birga ovqatlanadigan bu kimsalar spirtli ichimlikni kanda qilmasdi.

«Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi» deyishadi. Ko‘p o‘tmay Sharofat bilan Tursunning benomusliklari oshkor bo‘ldi. Sharofatning turmush o‘rtog‘i Asror uni taloq qildi. Turmushini nopok yo‘lga almashgan ayol ota uyiga qaytdi.

Sharofat Tursun bilan aloqani uzmadi, ular ko‘rishib turar, ba’zan ayol Tursunnikida qolib ketardi. Bir gal Tursun uyida yashashni so‘raganda «…yashash uchun sharoit yaratib ber» deb baqirdi. Janjallashib qolishdi, jahliga erk bergan Tursun ayolni urib tashladi. Ayol uyiga ketdi, lekin ko‘p o‘tmay yana Tursunni yo‘qlab keldi. Tursun ulfat topolmay turgandi, Sharofatning kelgani yaxshi bo‘ldi. Ikkovi spirtli ichimlik ichib, mast bo‘lib qoldi. Keyin Tursun onasinikiga borishini aytib, chiqib ketdi. Ayol shu yerda uxlab qoldi. Uyqudan turib, mudrab o‘tirganda Dilafro‘z bilan Ma’rifatga duch kelgandi.

Ma’nan qashshoq, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan ayol jaholat botqog‘iga botib bo‘lgandi. Tursun bilan Sharofatning nopok qilmishlaridan bir oila jabr ko‘rdi.
Sud Sharofatni 13 yilu 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Abbos ABDURAYIMOV,
Samarqand viloyati prokuraturasi
bo‘lim boshlig‘i

Manba: Huquq.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Esiz, ayol degan nom…