date
views 3 651

“Ura-ura”chilik qachongacha?!

“Ura-ura”chilik qachongacha?!
Buxorodagi kechagi tabiiy ofat talafotlaridan hikoya qiluvchi suratlarga boqqan odamning ichi achishadi, albatta. Uylar va ekin maydonlarining jiddiy zarar ko‘rishi, birinchi navbatda, aholi turmushiga zarba bo‘lib tushdi. Ayniqsa, bugungi sharoitda bu — dard ustiga chipqonday bo‘ldi.

Mayli, Prezident hududga bordi, mas’ullar va aholi bilan uchrashdi, ahvolni o‘rgandi. Demak, davlat buni shunday tashlab qo‘ymaydi. Bundan ko‘ngil to‘q. Lekin o‘sha suratlarga qarasangiz, ular sizga boshqa bir narsaniyam aytadi.

E’tibor qiling, shamolda tomi uchgan, talafot yetgan imoratlarning aksariyati — biz kecha ura-urachilik bilan qurgan, zamonaning noyob loyihasi, deb topilgan namunaviy uylar... Mustaqillik bayramigacha falon massivda falonta uy, Navro‘zgacha falonta turarjoy... Bu zarar o‘sha sanalarga topinishimiz tovoni emasmikan, deb o‘ylab qolasan kishi.

Eski zamonlardan qolgan (sovet davrida KPSSning falon s’ezdigacha bitirishga sotsialistik majburiyat olganmiz, degan gaplar bo‘lardi) asoratlardan qutilaylik. Sanalar nomi bilan qasam ichmasdan, oddiy odamga o‘xshab quraylik, yashaylik.

Sal narsadan ilhomlanib, hovliqib, esankirab, matbuotga chiqib, o‘zimiz va xom-xatala ishimizni ko‘rsatib karillashni to‘xtataylik. Ishimizga profesionallarcha yondashaylik. Endi birgina odamning ko‘nglini olish uchun ishlanadigan zamonlar o‘tib ketganini tushunib yetaylik. Odamlar roziligini olishga xizmat qilaylik.

Eng muhimi, tabiatimizdagi ba’zi hodisalardan huda-behuda ruhlanib ketish kayfiyatini jilovlaylik... Normal odamlarga o‘xshab ishlashga o‘rganaylik. Bo‘lmaydigan narsani bo‘ldirishga, zo‘rma-zo‘raki g‘oyalarni hayot tarzimizga aylantirishga tirishmaylik!

Manba: platforma.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Ura-ura”chilik qachongacha?!