Magistraturaga qabul boshlandi: hujjatlar onlayn topshiriladi

O‘zbekistonda 2026/2027 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga hujjatlar qabul qilish boshlandi.
Abituriyentlar barcha jarayonlarni onlayn tarzda amalga oshirishi mumkin. Hujjat topshirish uchun oliygoh yoki boshqa idoralarga shaxsan borish talab etilmaydi.
Hujjatlar qachongacha qabul qilinadi?
Magistraturaga arizalar 1 iyuldan 30 iyulgacha qabul qilinadi.
Hujjatlar my.edu.uz elektron platformasi orqali yuboriladi. Ariza topshirishni so‘nggi kunlarga qoldirmaslik tavsiya etiladi — dedlayn yaqinlashganda platformada yuklama ortishi mumkin.
Til sertifikati majburiy
Tanlovda ishtirok etish uchun abituriyentda chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat bo‘lishi shart.
Bunda belgilangan talablarga mos:
milliy sertifikat;
xalqaro namunadagi sertifikat qabul qilinadi.
Til sertifikatiga ega bo‘lmagan talabgorlar magistratura tanlovida ishtirok eta olmaydi.
Qanday hujjatlar talab qilinadi?
Ariza topshirish uchun quyidagi asosiy hujjatlar kerak bo‘ladi:
Bakalavr diplomi;
Chet tilini bilish to‘g‘risidagi milliy yoki xalqaro sertifikat.
Hujjatlarning elektron nusxalari aniq va to‘liq ko‘rinishi lozim. Ma’lumotlardagi xato yoki sifatsiz yuklangan fayl arizani ko‘rib chiqish jarayoniga ta’sir qilishi mumkin.
Ariza qanday topshiriladi?
Abituriyent my.edu.uz platformasiga kirib, shaxsiy ma’lumotlarini to‘ldiradi, tegishli mutaxassislikni tanlaydi va talab qilingan hujjatlarni yuklaydi.
Ariza jo‘natilgandan keyin uning holatini shaxsiy kabinet orqali kuzatib borish mumkin.
Qabul 30 iyul kuni yakunlanadi. Shu sabab diplom va til sertifikatini oldindan tayyorlab, arizani vaqtida topshirish muhim.































Izohlar 0
…