date
views 8 306

Deputat Kusherbayev boshida "qora bulut aylanyapti"mi?

Deputat Kusherbayev boshida "qora bulut aylanyapti"mi?
Mazkur postni yoza turib, bir voqea esimga tushib ketdi. 2011 yil o‘sha paytdagi MXXning Surxondaryo viloyati boshqarmasi tergov bo‘limi sobiq boshlig‘i, polkovnik Nodir To‘raqulov meni qamash uchun mahalliy jurnalist Saidvafo Boboyevni hibsga olib, uni 2 oy qiynagan, menga qarshi ko‘rsatmalar olgan.

Go‘yo, bu shaxsdan men doimiy ravishda pora olib turganman va Nodir meni hibsga olish uchun Toshkentga odamlarini ham yuborgandi. Ammo taqdir ekan, ishi teskari ketib, o‘zi umrbod qamoqqa kirib ketdi.

Shu kunlarda jamiyatimiz advokati Umid Davlatov Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida tergovi ketayotgan bir necha tadbirkorlarni himoya qilmoqda. Mulkni talon-taroj qilish aybi bilan 3 oydan beri ushlab turilgan tadbirkorlarga tayinli ayblov ham qo‘yisha olmayapti.

Ularning aytishicha, 2017 yilda tadbirkorlik sub’ektini tashkil qilish chog‘ida O‘zbekiston Oliy Majlisining deputati Rasul Kusherbayev huquqiy ko‘mak bergan. Endi tadbirkorlar mazkur “shag‘al biznesi asli Kusherbayevniki” ekanini aytishsa bo‘ldi, hammasi joyida bo‘larmish.

Yana bir gap, bundan 6-7 yil muqaddam Rasul Kusherbayev marhum otasiga ajratilgan yer uchastkasini ekilgan teraklari bilan birga mahalliy fuqarolardan biriga ehtiyoj tufayli sotgan. Endi deputatning yerini sotib olgan fuqaroni siquvga olishmoqda. Yuqoridagi kabi u ham mazkur ishga “firib” aralashganini tan olsa, hammasi joyida bo‘larkan.

Xullas, bu odamlar bilan gaplashsangiz, Kusherbayevning osmoniga to‘planayotgan qora bulutlarni shundoqqina o‘zingiz ko‘rasiz.

Biz omi odamlar esa shu kunlarda Rasul Kusherbayevni Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) rutbasida ko‘rish orzusida edik. Prezident uning kiftiga qoqqanida endi xalq vakili uzoq-uzoqlarga parvoz qiladi, xalq dardini hukumat oldiga olib chiqaveradi, degan umidlarda edik.

Iso Masih yoshidagi bu yigitni hayotda ko‘rmaganman, muloqotda ham bo‘lmaganman. Uning chiqishlarini, qonunchilikka sharhlarini kuzatib hurmatim oshgan. Avtomobillar farasini yoqib yurish “islohot”ini sindirganidan tortib, “snos”lar epidemiyasiga qarshi kurashini bilaman, xolos.

Parlament saylovlaridagi debatlarda uning shijoati, pragmatik fikrlashidan ko‘nglim to‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda uni odamlar qahramonga chiqarishayotganini ko‘rib havasim kelgan. Afsus, endi esa voqealar rivoji men qo‘rqayotgan o‘zandan ketsa, uning boshiga tushadigan tashvishlardan cho‘chiyapman.

Prezident millat istiqboli, yurt tamadduni uchun mamlakatga “oltin bosh”lar kerak, deya xorijda yurgan bilag‘on yoshlarimizni Vatanga chorlamoqda. Biz esa bunday boshlarni kesishga harakat qilib yotibmiz. Iste’dodli jurnalist Anora Sodiqovaning qalamini sindirdik, deputat Kusherbayevning yo‘llariga mina qo‘yyapmiz.

Biz o‘z foydasini bilmaydigan qanchalik nodon kishilarmiz...

Abdurahmon Tashanov
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Deputat Kusherbayev boshida "qora bulut aylanyapti"mi?