date

Yulduz Usmonova ichki ishlar xodimlarini haqorat qilgani uchun jazolanmaganiga izoh berildi

Yulduz Usmonova ichki ishlar xodimlarini haqorat qilgani uchun jazolanmaganiga izoh berildi
Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning ichki ishlar organlari xodimlarini haqorat qilgani uchun jazolanmagani sababini ma’lum qildi.

«Ayrim hollarda odam o‘ylamasdan, bilmasdan yoki ruhiy zo‘riqish orqali shunday ma’lumotlarni berishi mumkin. Keyin bundan o‘zi pushaymon bo‘ladi. Xuddi shunday holat bu yerda ham bo‘ldi. Yulduz Usmonova o‘z aybini tan oldi.

Shunday ruhiy zo‘riqish oqibatida men shu narsalarni qildim. Bu juda men uchun uyatli. Kerak bo‘lsa, men uzr so‘rayman. Kerak bo‘lsa ota-onalaridan uzr so‘rayman’, dedi.

Javobgarlik masalasiga kelganda, jamiyatda ijtimoiy balansni ushlab turadigan ayrim holatlar bor. Yulduz Usmonovaning shaxsiga keladigan bo‘lsak, u xalq artisti, xalqimizning ishonchi, hurmatiga sazovor bo‘lgan inson. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalaydigan ko‘p qo‘shiqlar aytgan. Bundan tashqari, shu paytda u haqiqatan ham ruhiy zo‘riqish ta’sirida bo‘lgani, ichki ishlar organlari xodimlarining unga nisbatan adovati yo‘qligini inobatga olib, kechirimlilik, fuqarolarga imkoniyat berish prinsipidan kelib chiqib, unga nisbatan ma’muriy ish to‘xtatilgan
», — deydi IIV matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov.

May oyining boshida O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova Instagram’da jonli efirga chiqib, ichki ishlar xodimlarini haqoratlaganidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining tanqidlari ostida qoldi.

Toshkent shahar IIBB xonandaning qilmishi yuzasidan surishtiruv boshlanganini bildirdi. Yulduz Usmonova esa «hech narsadan xavotir olmayotgani, hamma narsa Ollohdan ekani»ni aytdi. Keyinroq xonandaning ishi sudga oshirilgani, biroq xonanda sud majlisiga kelmagani xabar qilindi.

Oliy sud esa ish bo‘yicha hujjatlar sudga kelib tushmaganini ma’lum qildi. Keyinroq Yulduz Usmonova qilgan ishidan pushaymon ekanligini, xatosini bo‘yniga olishini bildirib, ichki ishlar organlari xodimlaridan kechirim so‘radi. Shundan so‘ng bu mavzu ko‘pchilikning esidan chiqqan edi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yulduz Usmonova ichki ishlar xodimlarini haqorat qilgani uchun jazolanmaganiga izoh berildi