10:52 / 18.06.2020
3 524

Ayshu ishpat gipdobi

Ayshu ishpat gipdobi
Ertalab ishxonasiga, kechki payt uyiga talpingan odamni baxtiyor deydilar. Chunki sevimli mashg‘uloti bilan band, oilasi tinch, dili pok, halol mehnat qilib baraka topadi, hurmat qozonadi. Aksincha, biron joyda yolchitib ishlamagan, yengiltabiat, nafsi-yu hirsini jilovlay olmagan kimsaning biri ikki bo‘lmaydi. Sudlanuvchilarning uchalasi ham rasman ishlamagan. Har xil yo‘llar bilan topgan pulini ayshu ishratga sarflashgan.

Marg‘ilonlik yigirma yetti yashar Kimsanbek (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) uylanganidan keyin ham o‘zini jilovlab olmadi. Qo‘shni davlatdan ko‘chib kelib qolgan, oilasidan ajrashgan, o‘zidan yetti yashar katta Rohila degan ayol bilan don olishib yuradi. Mart oyining so‘nggi kunlaridan birida kechqurun Farg‘ona shahridagi ko‘pqavatli uyda turadigan Rohilaning xonadoniga kirib keladi. Ayol bu kecha bandman deya uni yotog‘idan chiqib kelgan Shalola bilan tanishtiradi. So‘ng «Onamdan xabar olishim kerak» deydi.

Kimsanbekning mashinasida uchalasi «Issiq non» korxonasiga borishadi. Do‘kondan xarid qilgan oziq-ovqatni Rohila ko‘pqavatli uyda yashaydigan onasiga berib chiqadi. Kimsanbek Rohilani uyiga eltib qo‘yadi. Tun yarimlaganda Shalola bilan Rohilanikiga qaytib borishadi. U yolg‘iz emas, boshqa bir xushtori Diyorbek bilan edi. Ikkalasini uyiga kiritadi. Ularga oshxonaga joy solib beradi. O‘zi xushtori bilan yotog‘ida «dam oladi». Diyorbek tun yarmidan o‘tganida uyga bormasam bo‘lmaydi deya chiqib ketadi. Soat tungi uchlarda Kimsanbek Rohilani yotog‘iga kirib uyg‘otadi.

– Ha, nima gap bemahalda?
– Uni o‘ldirib qo‘ydim!
Rohila oshxonaga chiqadi. Jasad ustiga ko‘rpa tashlangan edi.
– Nima qilib qo‘yding? Nimaga, nima uchun?
– Hamiyatimga tegdi. Yomon so‘kinib, jahlimni chiqardi.
– Endi nima bo‘ladi? Tamom, uyim kuydi. Uyni olib qo‘yishsa, ko‘chada qolaman.
– Uni olib ketaman, birov bilmaydi. Ko‘rpaga o‘rab, mashinaga yuklayman. Kanalga tashlab yuboraman…
– Tong otib qoldi. Ko‘rganlarga nima deysan? Yo‘q, hozir tegma. Kechasi, hamma uxlaganda olib ketasan.

Kimsanbekning qorasi o‘chgach, Rohila xushtoriga «Tez yetib keling» deb qo‘ng‘iroq qildi. Oshxonadagi jasadni ko‘rib Diyorbekning kapalagi uchdi.
– IIBga xabar berish kerak.
– Bo‘lmaydi, uyimni olib qo‘yishadi. Kimsanning o‘zi jasadni yo‘q qiladi. Keyin xabar qilamiz.
Diyorbek fohishanikiga kelib-ketib yurgani oshkor bo‘lib xotini bilan qo‘ydi-chiqdi bo‘lishini ko‘z oldiga keltirdi-yu mum tishladi.

Kechqurun soat o‘n yarimda Kimsanbek qo‘ng‘iroq qilib mashinasida yetib keldi. «Hali erta, – dedi uni Diyorbek bilan qarshi olgan Rohila. – Tun yarimlasin, keyin». Kimsanbek ortiga qaytdi. Rohila Diyorbek bilan uyning atrofini bir-ikki aylanishdi. Uning mashinasida kutib o‘tirishdi. Qaytib kelgan Kimsanbek «Qarashvor, bir o‘zim ko‘tara olmayman» dedi. Rohila ko‘nmadi. Kimsanbek ko‘rpaga o‘ralgan jasadni bir amallab ko‘chaga olib chiqdi. Jasad yukxonaga sig‘madi. Uni orqa o‘rindiqqa yotqizib jo‘nadi. Rohila Diyorbek bilan uyiga kirib, oshxonadagi qon dog‘larini, pichoqni artib, tozalab qo‘ydi.

O‘sha tunda, soat birlarda Toshloq tumani IIB profilaktika inspektori jamoatchi yordamchi bilan Katta Farg‘ona kanali tevaragini nazorat qilishga chiqqan edi. Ko‘prikka yaqinlashib kelayotgan yengil mashinaga qarata mashinasining chirog‘ini yoqib qo‘ydi. Yo‘l bo‘yida turib yaqinlashgan mashina haydovchisiga chetga chiqib to‘xtashni ishora qildi. Kimsanbek tushib kelib so‘rashdi. Rulga qaytib o‘tirib hujjat izlaganday bo‘ldi. «Yo‘q ekan, uyda qoldiribman» dedi. «Orqa o‘rindiqdagi nima?» deya so‘radi inspektor. Poyintar-soyintar so‘zlaridan shubhalanib, qo‘lini rulga kishanband qilib qo‘ygach, Kimsanbekning rostini aytishdan o‘zga iloji qolmadi. Inspektor darhol navbatchi qismga qo‘ng‘iroq qildi.

Marhum endigina 18 yoshga to‘lgandi. Fahsh yo‘liga kirib qolganining bilvosita sababi oiladagi muhitga, o‘smirligidan boshlab o‘z holiga tashlab qo‘yilganiga borib taqaladi. Marhumning onasi qizi tez-tez uyidan chiqib ketib, bir necha kundan keyin qaytib kelgan paytlarda o‘rtaga olib dakki berishlari kor qilmaganini, fohishalik qilayotganini eshitgani, tanobini tortib, qattiq turganlarida falokatning oldi olingan bo‘lishi mumkinligini aytib, afsus-nadomatda kuyib yonadi.

Qisman iqrorligidan tashqari qotilning aybi guvohlarning ko‘rsatmalari, dalillar bilan tasdiqlandi. U o‘n ikki yilga ozodlikdan mahrum etildi. Darhol xabar bermasdan jinoyatni yashirgan Rohila va Diyorbekka ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Akmal Muxtarov,
Farg‘ona viloyati prokuraturasi
bo‘lim boshlig‘i

Manba: Huquq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ayshu ishpat gipdobi