date
views 2 157

Putin G‘alaba paradiga kelgani uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirdi

Putin G‘alaba paradiga kelgani uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirdi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kremlda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Prezidentlar bir-birlarini Ikkini jahon urushidagi fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba bilan tabriklashdi. Putin G‘alaba paradida O‘zbekiston qurolli kuchlarining 75 nafar a’zosi qatnashishini olqishladi.

«Hurmatli Shavkat Miromonovich, sizni ko‘rib turganimdan juda xursandman. Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba munosabati bilan o‘tkaziladigan tantanalarga tashrif buyurganingizdan xursand bo‘ldim. O‘zbekiston harbiy kuchlarining 75 nafar a’zosi Qizil maydondan yurib o‘tishi munosabatlarimizda o‘ziga xos ramziy ma’no anglatadi.

9 may kuni Toshkentda G‘alaba bog‘ini ochganingizdan xabarim bor. Shu o‘rinda urush vaqtida frontga O‘zbekistondan 2 million odam jalb qilinganini unutmaslik kerak. Jangda 500 ming nafar o‘zbeklar halok bo‘lgan va 130 ming kishi bedarak yo‘qolgan. Bu katta yo‘qotish. Siz sobiq ittifoqning qolgan respublikalaridan 2 million odamni qabul qilgansiz, frontga xizmat qilgan ko‘plab ishlab chiqarish korxonalari O‘zbekistonga ko‘chirilgan. Bir so‘z bilan aytganda, bu bizning umumiy tariximiz, umumiy g‘alabamiz.

To‘g‘ri, biz hozir mustaqil davlat sifatida rivojlanyapmiz, ammo bizning strategik va ittifoqchilik munosabatlarimiz juda yaxshi. Iqtisodiy sohada hamkorligimiz yaxshi darajada, maxsus xizmatlarimiz, harbiylarimiz o‘rtasida hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shavkat Miromonovich, sizni ko‘rib turganimdan xursandligimni yana bir bor aytmoqchiman
», dedi Putin.

Shavkat Mirziyoyev kirish so‘zida Rossiya tomoni Ikkinchi jahon urushi vaqtida O‘zbekisiondan qatnashgan odamlarning sonini aniqlashtirish uchun o‘z arxivlarini ochib berganini minnatdorlik bilan ta’kidladi.

«Vladimir Vladimirovich, avvalo taklif uchun rahmat. Xalqimiz nomidan sizni bu buyuk g‘alaba, fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba bilan tabriklayman. Aytganingizdek, bu bizning umumiy g‘alabamiz. Siz ta’kidlagan bog‘ aslida butun boshli memorial kompleks. Umid qilaman, u yerga siz bilan birga boramiz. Bu kompleks bugungi kunimiz uchun jon bergan ota-bobolarimiz xotirasiga hurmat belgisi.

Fursatdan foydalanib Rossiya tomoniga, xususan mudofaa vazirligiga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ular ikki yil davomida arxivlarini ochib berganlari hisobiga ko‘p ma’lumotlarni aniqlashtirdik. Avval bizdan jangda qatnashganlar soni 1,5 million deb aytilardi, ikki yil davomida birga ishlab, frontga 2 million atrofida o‘zbekistonliklar ketganini aniqladik. Bedarak yo‘qolganlar sonini ham Rossiya tomoni bilan birga aniqlashtirdik.

G‘alaba bog‘i biz hech qachon unutmasligimiz kerak bo‘lgan xotiraga bag‘ishlab qurilgan. Bu ayniqsa yosh avlod tarbiyasiga o‘z hissasini qo‘shishiga umid qilaman. Yoshlar bugungi kun yo‘q joydan kelib qolmaganini, ota-bobolari jang maydonlarida jang qilganliklarini unutmasligi kerak.

Vladimir Vladimirovich, so‘nggi 2,5 yilda birgalikda amalga oshirgan ishlarimiz real raqamlarda aks etdi. O‘rtamizdagi mahsulot aylanmasi o‘sdi. Siz bilan ko‘rsatkichlarni 10 milliardga yetkazish haqida kelishgandik va hozirning o‘zida 7 milliardga yaqinlashdik.

Pandemiya rejalarimizni buzib qo‘ydi, biz davlat tashrifini amalga oshirishimiz kerak edi. Shunday bo‘lsa-da, munosabatlarimiz rivojlanib boryapti. O‘rtamizdagi harbiy-texnik, madaniy-gumanitar sohada hamkorlik yaxshi darajada amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda Rossiyaning 10ta oliygohi filliallari ochildi. Shundan 7tasi so‘nggi ikki yilda ochildi va yana 4ta fillial joriy yil oxirigacha ochilishi kutilmoqda.

1 iyul Rossiya uchun tarixiy kun bo‘ladi. Umid qilaman, konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlar rus xalqiga xizmat qiladi. Yana bir marta taklif uchun rahmat aytaman
», deya so‘zini yakunladi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuv so‘ngida Putin O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida kulinariya sohasida ham hamkorlik yaxshi rivojlayotganini aytib, hazillashdi va Shavkat Mirziyoyevni tushlikka taklif qildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Putin G‘alaba paradiga kelgani uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirdi
-->