09:27 / 08.07.2020
1 188

Pandemiya sharoitida Haj mavsumini tashkil etish qoidalari belgilandi

Pandemiya sharoitida Haj mavsumini tashkil etish qoidalari belgilandi
Foto: Abdel Ghani Bashir / AFP via Getty Images
Saudiya Arabistonida iyul oyi oxiri – avgust oyi boshlariga to‘g‘ri kelayotgan Haj mavsumi bu yil faqat mahalliy musulmonlar ishtirokida o‘tkaziladi. Podshohlik hukumati haj ibodatini koronavirus pandemiyasi sharoitida o‘tkazish tartibini tasdiqladi.

Asharq Al-Awsatgazetasining xabar berishicha, koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida, Ka’bani 7 marotaba aylanish (tavof) chog‘ida baytullohni o‘pish yoki hech bo‘lmasa uni qo‘li bilan ushlashga urinish taqiqlanadi. Xavfsizlik maqsadida Ka’ba to‘siqlar bilan o‘rab qo‘yiladi.

Shaytonga tosh otish uchun jamlangan musulmonlar soni bir vaqtning o‘zida 50 kishidan oshmasligi kerak.

Ziyoratchilarni olib yuruvchi avtobuslar o‘z sig‘imining yarmigacha bo‘lgan miqdorda odam tashishi mumkin. Barcha ishtirokchilar tibbiy niqoblarda bo‘lishi va ijtimoiy masofalanishga rioya etishi talab etiladi. Ularning harorati doimiy ravishda o‘lchanib, salomatligining holati nazorat qilib boriladi.

Ovqatlanish va suvga aloqador masalalarda ham muayyan tartiblar o‘rnatiladi. Oziq-ovqat va ichimliklar faqatgina shaxsiy foydalanish uchun yopiq idishlarda beriladi. Muqaddas Zamzam suvi uchun ham faqat bir martalik idishlardan foydalaniladi.

Muzdalifa vodiysi va Arofat tepaligida ziyoratchilar har 50 kv metrga 10 kishidan bo‘lib joylashishadi, chodirlar orasidagi masofa 1,5 metrdan kam bo‘lmasligi talab etiladi.

Har yili 2 milliondan ortiq ziyoratchi ishtirokida o‘tgan Haj mavsumida bu yil 10 ming nafar musulmon qatnashadi. Shundan 30 foizi Saudiya Arabistoni fuqarolari, 70 foizi esa podshohlik rezidentlari bo‘ladi.

Bu yilgi Haj mavsumi xorijlik ziyoratchilarsiz o‘tishi e’lon qilingan. Qamariy taqvimga asosan, 2020 yilgi Haj ibodati vaqti iyul oyining oxiriga to‘g‘ri keladi.

Saudiya Arabistoni aholisi orasida Haj ibodatini ado etmoqchi bo‘lganlar shu hafta dushanbadan jumagacha maxsus portal orqali ro‘yxatdan o‘tishlari lozim. Ro‘yxatga yozilganlarni tanlab olishda talabgorning yoshi 30-50 yosh oralig‘ida bo‘lishi, surunkali kasalliklari bo‘lmasligi, avval Haj ibodatini ado etmagani, koronavirusga topshirgan testi manfiy chiqqani, Hajdan avval ham, keyin ham 14 kunlik karantin davrini o‘tay olishiga urg‘u qaratiladi.

Ma’lumot uchun, Saudiya Arabistoni – arab davlatlari ichida koronavirusga chalinganlar soni eng yuqori mamlakat bo‘lib o‘tmoqda. Podshohlikda 217 mingdan ortiq kishi virus yuqtirib olgan, ulardan 2 mingdan ortig‘i vafot etib, 155 mingga yaqini sog‘aygan.

Pandemiya tarqalishing oldini olish bo‘yicha choralar doirasida mart oyida mamlakatdagi barcha masjidlar yopilgan edi. Iyun oyidan ular bosqichma-bosqich ochila boshladi. Ayni paytda Madina shahridagi Nabaviy masjidida ibodatlarga ruxsat berilgan bo‘lsa, Makkadagi Masjid-ul Harom haj mavsumiga qadar yopiq qolishi belgilangan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)