01:27 / 22.07.2020
8 210

Rasul Kusherbayev'ning UzAuto Motors'ga javobi: Monopoliya kasalligi'ning asorati

Rasul Kusherbayev'ning UzAuto Motors'ga javobi: Monopoliya kasalligi'ning asorati
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev, UzAuto Motors javobiga nisbatan o‘z fikrini rasmiy Telegram kanalida bildirdi.

Xususan, «Men "O‘zavtosanoat" va "O‘zavtomotors" boshqa-boshqa tashkilot, deb hisoblardim. Biroq "O‘zavtomotors"ning mendan ranjib qilgan munosabatidan "O‘zavtomotors" kompaniyasi O‘zbekiston avtomobil bozoridagi barcha ishtirokchilarga teng imkoniyat va sharoitlar yaratib berishi kerak bo‘lgan "O‘zavtosanoat"ni o‘ziga tegishli tuzilma, deb hisoblashi ko‘rinayapti. Bu "monopoliya kasalligi"ning asorati bo‘lsa kerak. Bo‘lmasam kompaniya "O‘zavtosanoat"ni ishlarini o‘ziga yopishtirib olishdan sal uyalgan bo‘lardi. Yo rostanam "O‘zavtosanoat" va "O‘zavtomotors" nomi har xil o‘zi bitta tashkilotmi? Tushunarsiz.

Men kechagi fikrimda uchta faktni keltirganman. Bular:

- "O‘zavtomotors"ning oshirilgan, ya’ni
shu yil mart oyida butun xalqni norozi qilib ko‘tarib olgan narxda xatto "tez yordam" uchun ham "Damas" avtomobillarini sotayotganligi;

- Rossiyaning Ufa kabi shahrida ko‘p miqdordagi avtomobillar ochiq osmon ostida tashlandiq turib qolsa ham O‘zbekiston xalqi o‘zimizda qimmat, "defektli" va qiyin shartlarda avtomobillar sotib olishga majbur bo‘layotganligi;

- "O‘zavtomotors"ni xalqqa tanlov imkoniyatini bermaydigan monopolist bo‘lib yashab kelayotganligi.

"O‘zavtomotors" aytingchi, bularni qaysi biri yolg‘on?

Deputat qanday bo‘lishi kerakligi haqida o‘zingiz tushunmaydigan gaplar bilan hammani chalg‘itib, qonunlarni o‘zgartirish deputatlarni qo‘lidaku, deb o‘zingizni oqlamoqchi bo‘libsiz. Asosiy e’tiroz- Sizning monopolist bo‘la turib, xalq fikri bilan hisoblashmasligingizda.

Endi agar kompaniyada yuristlar bo‘lsa yaxshilab qonunchilikni o‘qisin: sizga monopol huquqni parlament bermagan, siz Prezident va hukumat qarorlari bilan bu imtiyozlarga ega bo‘lgansiz va shular ortida "berkinmachoq" o‘ynayapsiz. Bu yerga "homiylik ishi" deb boshqa ishlarni tiqishtirib gapni olib qochmang. Agarki vaqti kelib parlamentga sizni vakolatlaringizni qonun bilan tartibga solishning imkoniyati berilsa xalq vakillari xalq fikridan kelib chiqib, qaror qiladi. Bunga shubha qilmang!

Lekin hozir sizga xalq fikri qiziqmas. Agar qiziq bo‘lganida mart oyida qilgan ishingiz- monopol bo‘la turib butun xalqni norozi qilib avtomobil narxlarini bunchalik oshirmasdingiz, "tez yordam" uchun "Damas"laringizni oshirilgan narxda xalqingizga sotmasdingiz.

Sizga homiylik qilmading, deb boshqa ishlarni so‘ramadik. Kim qo‘lidan nima kelsa qilayapti, siz esa qurbingiz yetadigan joyida qattiqlik qilayapsiz.

Meni populist, noprofessional, yolg‘onchi, ko‘r, kar, go‘l deysizmi yoki kimlargadir shikoyat qilasizmi farqi yo‘q. Men Siz haqingizda ko‘pchilikka ma’lum haqiqatni aytaveraman: Siz ichkarida baribiri monopol va nomard ishtirokchi sifatida qolaverasiz. To‘g‘ri bu gaplar og‘ir, lekin haqiqat shu.

Agar gapim noto‘g‘ri bo‘lsa qani ertagayoq xalqni norozi qilgan ish- avtomobil narxlarini tushiring, sotilmay chiriyotgan avtomobillarni yanayam arzon qilib soting, hech bo‘lmasa "tez yordam" uchun "Damas"laringizni arzonlating, men yolg‘onchi bo‘lay, roziman.

Menga saylovchilar bilan qanday ishlashni o‘rgatish esa Sizgamas. Har qalay Sizdan farqli ravishda men imkoniyatim boricha ularni rozi qilishga harakat qilaman, og‘ir kunida foyda qilishni o‘ylamayman.

So‘nggida maslahatim: achchiq bo‘lsa ham faktni fakt bilan yengadi oldi-qochdi, jahl gaplar bilan emas. Buni piarchilaringizga ham tushuntiring!", – deydi deputat.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rasul Kusherbayev'ning UzAuto Motors'ga javobi: Monopoliya kasalligi'ning asorati