08:30 / 17.09.2020
779

Rossiyada o‘zbekistonlik migrantlarga bepul til va kasb o‘rganish imkoniyati taqdim etilmoqda

Rossiyada o‘zbekistonlik migrantlarga bepul til va kasb o‘rganish imkoniyati taqdim etilmoqda
Foto: RIA Novosti
Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turgan o‘zbekistonlik vatandoshlar uchun til va kasb o‘rganish borasida ajoyib imkoniyat taqdim etilmoqda. O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Worldskills Uzbekistan assotsiatsiyasi, Worldskills Russia ittifoqi va Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti bilan hamkorlikda shunday tashabbus bilan chiqdi. Bu haqda vazirlik Axborot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan mehnat migrantlarini bepul kasbga o‘qitish loyihasi amalga oshiriladi.

“Agar siz Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatini olib borayotgan bo‘lsangiz va rus tili yoki mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarni bepul o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, @uzrivoj_bot (Telegram) tizimida o‘z arizangizni qoldiring.

Loyiha doirasida mehnat migrantlari uchun Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon (Kazan), Yekaterinburg va Novosibirsk shaharlarida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha 1 oylik (72 soatlik) va 2 oylik(144 soatlik) o‘quv kurslari tashkil etiladi:

- rus tili;
- o‘z kasbi bo‘yicha malaka oshirish;
- yangi kasb o‘rganish.

Malaka oshirish va kasb o‘rganish kurslarida xizmat ko‘rsatish, qurilish va kompyuter texnologiyalari sohasida dars o‘tiladi. Kurslar kunduzi va ishlovchilar uchun ish vaqtidan keyin 19-00 dan 22-00 gacha tashkil etiladi.

Kurslarga har kuni qatnab o‘qishga imkoni bo‘lmaganlar uchun o‘quv markazlarida yotoqxona tashkil etiladi. Kurslar va yotoqxona bo‘yicha barcha xarajatlar Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi va mehnat migrantlari uchun mutlaqo BЕPUL.

O‘quv kurslarini tugatgan fuqaroga "Worldskills" standartlari asosida o‘qiganlikni tasdiqlovchi va malaka darajasini ko‘rsatuvchi skills passport (malaka pasporti) beriladi.

Agar siz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga bepul o‘qib, o‘z malakangizni oshirmoqchi bo‘lsangiz:
- Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining telegramdagi @uzrivoj_bot tizimi;
- Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining +998 71 202 33 55 telefon raqami;
- Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi RFdagi vakolatxonasining +7 925 759 59 25 telefon raqami orqali murojaat qilib, ariza qoldirishingiz mumkin”.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)