19:12 / 22.10.2020
1 737

Ziroat Mirziyoyeva ekologiya va atrof-muhitni yaxshilashga oid onlayn davra suhbatida ishtirok etdi

Ziroat Mirziyoyeva ekologiya va atrof-muhitni yaxshilashga oid onlayn davra suhbatida ishtirok etdi
Foto: «Zamin» fondi
BMTning Atrof-muhit dasturi (YUNEP), BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, BMTning Taraqqiyot dasturi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha davlat qo‘mitasi va boshqalar ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida havo sifati, uning monitoringi hamda holatiga oid ma’lumotlar ochiq-oshkoraligi masalalari muhokama qilindi. Tadbirda «Zamin» fondi vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva ishtirok etib, ushbu masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan. Bu haqda fondning axborot xizmati xabar qildi.

«Havoning ifloslanishi chegara bilmaydi. Bu barchamizga ta’sir qiladi va biz ushbu muammoni hal qilish uchun kuchlarni – hukumatlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolik jamiyati, ilmiy doiralar, biznes va sanoat sohasini birlashtirishimiz kerak. Har bir inson toza havodan nafas olishga haqlidir. Hozir, global sog‘liqni saqlash inqiroziga duch kelgan paytimizda, bu ayniqsa muhim», — deya ta’kidlab o‘tgan BMT Atrof-muhit dasturining Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Bruno Pozzi davra suhbatida.

Xabarda qayd etilishicha, «Zamin» fondi hamda YUNEP ko‘magida Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan «Atmosfera havosi ifloslanishining monitoringini avtomatlashtirish» uch bosqichli loyihasining amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Ayni kunlarda loyihaning birinchi bosqichi yakunlanib, 63 ta kuzatuv punkti yagona tahliliy markazga birlashtirilgan. Monitoring natijalari monitoring.meteo.uz ochiq onlayn platformasi va AirUz mobil ilovasida e’lon qilib boriladi.

Foto: «Zamin» fondi
Ikkinchi bosqichda butun respublika bo‘ylab avtomatik havo monitoringi stansiyalarini o‘rnatish va havo monitoringi uchun xalqaro standartlarni joriy etish ko‘zda tutilgan. Uchinchi bosqichda esa monitoring natijalari respublikadagi yagona geoinformatsion ma’lumotlar bazasiga kiritilib, xalqaro axborot tizimlariga integratsiyalanadi.

«Grant mablag‘lari asosida o‘rnatiladigan ushbu stansiyalar to‘liq ishga tushishi natijasida, havo sifati monitoringi xalqaro standartlarga muvofiq har soatda olib boriladi. Fuqarolar o‘zi istiqomat qiladigan joyining havosini ifloslanganlik darajasini va uning sabablarini aniq bilish imkoniga ega bo‘ladi», – deyiladi xabarda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ziroat Mirziyoyeva ekologiya va atrof-muhitni yaxshilashga oid onlayn davra suhbatida ishtirok etdi