13:53 / 08.12.2020
4 646

“Mehr-3” operatsiyasi doirasida Suriyadan 25 nafar ayollar va 73 nafar bolalar olib kelindi

“Mehr-3” operatsiyasi doirasida Suriyadan 25 nafar ayollar va 73 nafar bolalar olib kelindi
So‘nggi 4 yil mobaynida mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash borasida olib borilayotgan izchil siyosat samarasi o‘laroq, nafaqat yurtimizda istiqomat qilayotgan, balki o‘zga yurtlarda murakkab ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolariga ham e’tibor qaratilib, ularning manfaatlari, sha’ni va qadr-qimmati himoya qilinmoqda.

Zero, bunday e’tibordan yot g‘oyalar ta’sirida xorijga chiqib, turmush o‘rtoqlari, ota-onalaridan ayrilib qolgan vatandoshlarimiz ham chetda qolgani yo‘q.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig‘iga ko‘ra, “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi doirasida 2019 yilda Suriya va Iroq davlatlaridan 220 nafar ayollar va bolalar olib kelingan edi.

O‘tgan davr mobaynida “qaynoq nuqtalardan” qaytarilgan bu ayollar va bolalar davlat va jamoatchilik tashkilotlari, mehr-oqibatli fuqarolarimiz yordamida jamiyatimizda o‘z o‘rinlarini topib ketganlarini alohida ta’kidlash joiz.

Bir vaqtning o‘zida Yaqin Sharqdagi janglar olib borilayotgan hududlardagi lagerlarda ushlab turilgan hamyurtlarimizni qaytarish bo‘yicha tadbirlar maxsus xizmatlar tomonidan doimiy ravishda olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning bevosita nazorati ostida “Mehr” operatsiyasining navbatdagi bosqichi amalga oshirilib, bugun Suriya mamlakatining jangovor harakatlar olib borilayotgan hududlaridan 98 nafar yurtdoshlarimiz, ya’ni 25 nafar ayollar va 73 nafar bolalar (ulardan 14 nafari chin yetim bolalar) Vatanimizga qaytarildi.

Hayotning notekis yo‘llarida adashib, o‘zga yurtlarda qiyin ahvolga tushib qolgan bu insonlar endilikda barcha qulayliklarga ega bo‘lgan sog‘lomlashtirish muassasasiga joylashtirilib, issiq ovqat va kiyim-kechak bilan ta’minlanadi. Mutaxassislar tomonidan tibbiy va psixologik yordamlar ko‘rsatiladi.

Shuningdek, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha ham tegishli ishlar amalga oshiriladi.
Kelgusida esa ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga to‘laqonli ijtimoiy moslashuvi uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Mehr-3” operatsiyasi doirasida Suriyadan 25 nafar ayollar va 73 nafar bolalar olib kelindi