15:18 / 11.12.2020
3 978

Erkin Vohidovni yig‘latgan muallim

Erkin Vohidovni yig‘latgan muallim
Gazeta bejizga tarixning mo‘’jaz bir sahifasiga qiyoslanmaydi. «Farg‘ona haqiqati» gazetasi taxlamlarini varaqlab, 1998 yil fevral oyi sonlarida taniqli shoir Yo‘ldosh So‘laymonning bir maqolasiga ko‘zim tushdi. Unda xalqimizning ardoqli ijodkori Erkin Vohidov bilan bog‘liq bir voqea haqida yozilgan.

1964 yil. Erkin Vohidov Farg‘onaga keldi, – deya boshlanadi maqola. – Uning da’vati bilan Huvaydo boboning qabri qayerdaligini surishtirdik. Farg‘ona tumanining Chimyon qishlog‘iga borib, qadimiy bozor va Chimyonsoy qirg‘og‘idagi so‘lim choyxonaga tushayotganimizda eski qadrdonimiz, keksa muallim Boltaboy Ergashevni ko‘rib qoldik. Unga shoirni tanishtirdim.

– Erkin Vohidov sizmi, kamtarlik haqida she’r yozgan sizmi? – deya shoirga tikilib qoldi. Keyin menga qarab, ko‘nglim g‘alati bo‘lib ketdi, deya ko‘zlari yoshlandi: tavba, xuddi o‘zi!
– Tinchlikmi?

Boltaboy aka savolimizga javob bermay, Erkin Vohidovga tikildi.
– 1933 yili o‘qituvchilik faoliyatimni Oltiariq tumanida boshlaganman.
– Do‘stingiz Cho‘yanboy Vohidovmidi? – dedi shoir betoqatlanib.
– Siz uning kimi bo‘lasiz?
– O‘g‘li.
– Iye, o‘g‘limi?
– Ha, hozir dadamning yoshidaman.

Erkinjon o‘tirolmadi. U naridagi terakzorga kirib yig‘ladi, qayerda turganini unutib, ovoz chiqarib yig‘ladi. Birozdan so‘ng kelib Boltaboy aka bilan quchoqlashib ko‘rishdi.

– Siz haqingizda ko‘p eshitgandim, lekin do‘stimning farzandi ekanligingizni bilmasdim, – deya keksa muallim shoirni bag‘riga bosdi.

Shu tariqa uchalamiz tepalikka chiqib Huvaydo hazratlarining tikonzor-u yantoqlar orasida qorayib ko‘ringan somon shuvoqli qabrini ziyorat qildik. Uning avlodlaridan bo‘lgan Muqim Maxsim bilan suhbatlashdik.

Ta’kidlash joizki, istiqlol yillarida ushbu maskan obodonlashtirilib, muhtasham ziyoratgohga aylantirildi. Ayni paytda hazrat Huvaydo maqbarasi yurtimizning turli hududlaridan keluvchi sayyohlarning sevimli maskani hisoblanadi.

B. Madiyorov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Erkin Vohidovni yig‘latgan muallim