12:30 / 14.01.2021
2 119

Erkaklarning bayramiga atalgan hazil she’r

Erkaklarning bayramiga atalgan hazil she’r
ERKAKLARNING BAYRAMI
Singlimmisiz yo yormisiz,
Mug‘ombiru, ayyormisiz,
Ey ayollar tayyormisiz,
Erkaklarning bayramiga?

Bilmam, qancha ig‘vongiz bor,
Har kun bitta g‘avg‘ongiz bor,
Bugun qandoq sovg‘angiz bor,
Erkaklarning bayramiga?

Sovg‘a izlang sal bundayroq,
Hech bo‘lmasa, to‘n va qalpoq,
Yarashmaydi endi paypoq,
Erkaklarning bayramiga!

Eng chiroyli so‘zni harflang,
Xizmatiga jonni saflang,
Yashirilgan pulni sarflang,
Erkaklarning bayramiga.

Qovog‘ingiz oching bir dam,
Qor yoqqani yetar ko‘kdan,
Xalos eting tashvish yukdan,
Erkaklarni bayramiga.

Hamdam, Muxtor, Ali, Vali,
G‘ulom kelar... keyin G‘ani,
Dasturxonni tuzang qani,
Erkaklarning bayramiga.

Do‘stlar shodon yayrashgaymu,
Gap-so‘zimiz qalashgaymu,
«Yuz» olmasak yarashgaymu,
Erkaklarning bayramiga.

Oshlar damlang yog‘liq-yog‘liq,
Qilsak arzir ko‘ngli chog‘liq,
Sakkizinchi mart ham bog‘liq,
Erkaklarning bayramiga.

Mayli tillo va la’l bermang,
Puch yong‘oq va’dalar bermang,
Bir iltimos: halal bermang,
Erkaklarning bayramiga!

O‘lmasbek Samarqandiy
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)