14:38 / 20.01.2021
2 619

«O‘zbekistonda ham koronavirusga qarshi jamoaviy immunitet hosil bo‘lgan»

«O‘zbekistonda ham koronavirusga qarshi jamoaviy immunitet hosil bo‘lgan»
O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologiya va jamoat salomatligi xizmati va Virusologiya ilmiy-tekshirish intituti tomonidan mamlakat aholisi orasida jamoaviy immunitet qay darajada shakllanganini o‘rganish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botirjon Qurbonov «Daryo» muxbiri Musulmonbek Ibrohimovga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Avvalroq COVID-19’ga qarshi Xitoy vaksinasi sinovda ishtirok etayotgan o‘zbekistonliklarning 30 foizi koronavirus infeksiyasini o‘zi sezmay, alomatlarsiz o‘tkazgani, bu haqda faqat vaksina sinovlari oldidan topshirilgan qon tahlilidan koronavirusga qarshi antitanachalar chiqqach xabar topgani haqida xabar berilgan edi. Shu munosabat bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vakili jamoaviy immunitet masalasida fikr bildirdi.

«Alohida ayta olamanki, O‘zbekistonda ham jamoaviy immunitet hosil bo‘lgan. Siz aytib o‘tgandek 70—80 foiz emas, 30—40 foiz atrofida bo‘lishi mumkin. Jamoaviy immunitet aholining 70—80 foizi darajasida hali shakllanmagan. Bu kasallik yangi, virus o‘ziga xos, bemorda kasallanishdan so‘ng turg‘un immunitet hosil bo‘lmaydi, antitanachalar 3—4 oy davomida yo‘qolib boradi, shuni inobatga olib, kasallik epidemiologik tarzda yana avj olishi mumkinligidan kelib chiqib, ogohlikni susaytirmaslik kerak», — dedi Botirjon Qurbonov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bemorlar organizmidagi antitanachalar yo‘qolmaydigan darajada paydo bo‘lsa, yillar davomida saqlanib turadigan bo‘lsa, «unda siz aytgandek jamoaviy immunitet shakllanadi va jamoaviy immunitet ushbu kollektivni bir qancha vaqt davomida kasallikdan himoya qiladi».

Avvalroq Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining boshqa bir o‘rinbosari Nurmat Otabekov «agar aholining 70 foizida immunitetni shakllantira olsak (emlash orqali yoki kasallanish oqibatida), demak, biz pandemiyani jilovlay olamiz, aniqroq aytsak, biz uni yengamiz», degan edi. Ayni vaqtda, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Barno Abdusamatova jamoaviy immunitet shakllanishi uchun aholining 60 foizdan 80 foizgacha bo‘lgan qismi kasallanib, sog‘ayishi kerakligi, «O‘zbekiston hech qachon bu yo‘lni tanlamas»ligini ta’kidlagan edi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh ilmiy xodimi Sumiya Svaminatan esa 2021 yilda (ta’kidlanishicha, pandemiyaning ikkinchi yili birinchisidan ko‘ra og‘irroq bo‘lishi mumkin) koronavirusga qarshi jamoaviy immunitet paydo bo‘lmasligini ta’kidlagan edi. «Hattoki vaksinalar kasallikka tez chalinuvchan odamlarni himoya qilishni boshlaganida ham, biz 2021 yilda ommaviy immunitetning qandaydir darajasiga yeta olmaymiz», — degan u.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «O‘zbekistonda ham koronavirusga qarshi jamoaviy immunitet hosil bo‘lgan»