10:30 / 21.01.2021
1 941

«Mobil telefon ko‘pincha yot mafkurani tarqatadigan qurolga aylanmoqda» – Shavkat Mirziyoyev

«Mobil telefon ko‘pincha yot mafkurani tarqatadigan qurolga aylanmoqda» – Shavkat Mirziyoyev
Foto: Prezident matbuot xizmati
2021 yilning 19 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari uzluksiz ta’lim tizimida ma’naviy tarbiya asoslarini kuchaytirish lozimligini qayd etdi. Bu haqda «Daryo» xabar bermoqda.

«Tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi, deymiz. Lekin ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etishda bu qoidaga amal qilinmayapti. Bu borada bog‘cha, maktab, oliy ta’lim, mahalla – har biri alohida ish olib boryapti. Shuning uchun ma’naviy-ma’rifiy ishlarning yagona tizimini yaratish, unda har bir mas’ul idoraning vazifasi va birgalikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlarini aniq belgilab qo‘yish zarur.

Xususan, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida jajji farzandlarimizni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan birgalikda ma’naviy-tarbiyaviy ishlar tizimini yaratishi kerak. Bunda, ayniqsa, xususiy va davlat-sheriklik asosidagi bog‘chalarga ma’naviy va metodik yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratish lozim. Joylardagi Ma’naviyat va ma’rifat kengashlari bu masalaga alohida ahamiyat berishi lozim. Shu maqsadda, Kengash a’zolarini har bir maktabgacha ta’lim tashkilotiga doimiy biriktirib, mas’uliyatini belgilab qo‘yish zarur
», dedi Prezident.

Davlat rahbari maktablarda 5-sinfdan boshlab yagona sinf rahbarini tayinlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish lozimligini ta’kidladi.

«Xabarlaringiz bor, biz mamlakatimizdagi 10 mingdan ortiq maktabga taniqli adib va jurnalistlarni, ma’naviyatchilarni ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi sifatida biriktirdik. Ular maktabda ma’naviy muhitni yaxshilash, o‘quvchilarning adabiyot, madaniyat va san’atga qiziqishini oshirish hamda ijodiy tafakkurini rivojlantirish orqali vatanparvarlik tuyg‘ularini tarbiyalash uchun mas’ul bo‘ladi.

Yana bir masala. Maktablarda 5-sinfdan boshlab yagona sinf rahbarini tayinlash amaliyotini yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Bu o‘qituvchi 11-sinfga qadar bolalarning ma’naviy tarbiyachisiga, ota-onasidek qadrdoniga aylanishi zarur.

Shuni qayd etish joizki, bugun bolalarimizni maktab, ota-ona yoki institut emas, aksariyat holda qo‘lidagi telefon tarbiyalamoqda, desak bu ham haqiqat. Mobil telefon endi oddiy aloqa vositasi emas, ko‘pincha yot mafkurani tarqatadigan qurolga aylanmoqda.

Ma’naviyatimizga mutlaqo begona bo‘lgan zararli g‘oyalar chegarani buzmasdan, bildirmasdan xonadonimizga, jamiyatimizga kirib kelyapti. Soat sari emas, minut sari kirib boryapti. Bularning barchasi biz uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib yangrashi zarur
», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Mobil telefon ko‘pincha yot mafkurani tarqatadigan qurolga aylanmoqda» – Shavkat Mirziyoyev