08:53 / 26.01.2021
3 176

Otasi tomonidan zo‘rlanganini aytgan andijonlik qiz: «Isbotim bo‘lmasa-da, holat haqiqatan yuz bergan»

Otasi tomonidan zo‘rlanganini aytgan andijonlik qiz: «Isbotim bo‘lmasa-da, holat haqiqatan yuz bergan»
Foto: Videodan skrinshot
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida yashovchi voyaga yetmagan qiz otasi tomonidan zo‘rlab kelingani haqida video tarqaldi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Bosh prokuraturasi holat yuzasidan tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi.

Xabar qilinishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Xo‘jaobod tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari o‘tkazilmoqda. Tekshirish jarayoni Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

«Daryo» muxbiri voqea tafsilotini bilish maqsadida zo‘rlangani aytilgan qiz, uning otasi va mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bilan suhbatlashdi.

«Chimbuloq» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ma’ruf Jabborovning aytishicha, zo‘rlanganini aytgan R. ismli qiz bir necha marotaba oilaviy kelishmovchilik va janjallar bo‘yicha unga murojaat qilgan. Qiz o‘zi va o‘gay onasining kelishmovchiligini aytib bergan.

«Bu qiz Xo‘jaobod tumanidagi maktabda o‘qigan. Oilaviy sharoiti o‘rtacha. Otasi shu tumandagi maktabda oshpaz bo‘lib ishlaydi. Onasi xususiy trikotaj sexida tikuvchi. A.T.ning uch nafar farzandi bor. Kattasi shu qiz. Oila va xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha mutaxassisimiz shu qiz yashayotgan ko‘chada istiqomat qiladi. U ham har kuni vaziyatni nazorat qilib yurgan. Qiz maktabda o‘qishdan tashqari markazdagi oshxonada ‘ofitsiantka’ bo‘lib ishlardi. Shu sababli uyga ba’zida yarim tunda, kech qolib kelardi. Kech qolgan kunlari otasi uni tergab, sabablarini so‘rashi oqibatida ham janjallar kelib chiqqan paytlar bo‘lgan», — deydi Ma’ruf Jabborov.

Mahalla raisi qiz otasi tomonidan zo‘rlanayotgani haqida hech qachon yo yozma, yo og‘zaki murojaat qilmaganini, 9 yanvar kuni ushbu xonadonga borganda ham hech narsa demaganligini bildirdi.

Rais Jabborovning qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi paytlarda qizning harakatlari ham o‘zgarib qolgan. U buni 2019 yilda uning Rossiyaga chiqib ketgani hamda karantin paytida bog‘da begona bola bilan turganidan kelib chiqib xulosa qilgan.

«2019 yil dekabr oyida A.T. bizga qizi yo‘qolib qolganini aytganda rosa qidirganmiz. Bu bo‘yicha uni topishda yordam so‘rab, hattoki ichki ishlar bo‘limiga ham murojaat qilingan. Qidiruvlar natijasida qizning Rossiyaga ketib qolganligi aniqlangan. Ikki oydan so‘ng qaytib kelgan. Keyin yana uydagilari bilan yashagan», — dedi MFY raisi.

«Bundan tashqari o‘tgan yil karantin paytida profilaktika inspektorlari Xo‘jaobod istirohat bog‘ida qizni begona kimsa bilan quchoqlashib turganligini ko‘rgan va xotin-qizlar bo‘yicha o‘rinbosarim bu bo‘yicha qiz bilan suhbatlashgan. O‘shanda u haqiqatan ham begona kimsa bilan bo‘lganligini tan olgan va yigit unga uylanmoqchiligini aytgan. O‘rinbosarim esa unga hali yoshligini, xato qilayotganligini, u bolaning shirin so‘zlariga uchmasdan or-nomusini saqlashi lozimligini aytib, to‘g‘ri tushuntirgan», — deydi rais.

«Chimbuloq» mahalla fuqarolar yig‘ini raisining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Artiqxon Ahmedova qiz bilan bir necha marotaba gaplashgan bo‘lsa-da, u otasi tomonidan jinsiy tajovuz bo‘layotganligi haqida ma’lumot bermaganligini aytdi.

Qizning otasi A.T. esa qizi gapga kirmaganligi sabab uni ko‘p tergaganini aytib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda aytilayotgan holatlar umuman bo‘lmaganligini bildirdi.

Foto: Videodan skrinshot
«R. katta qizim. Onasi vafot etganidan keyin 2011 yil ikkinchi xotinimga uylandim. Undan bir nafar farzandim bor. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoni ko‘rdim. Ko‘rib, o‘zimni qayerga urishimni ham bilmay qoldim. Ayting-chi, ota bo‘lib uni so‘kishga haqqim bo‘lsa kerak? So‘ksam ‘Ey, tur, hayvon. Kap-katta qizsan, o‘tirgan uyingni yig‘ishtirib qo‘ygin. It ham yotgan joyini dumi bilan tozalab qo‘yadi’, deb so‘kaman.

Tan olaman ko‘proq uni hayvon deb so‘kardim. Har safar bo‘pti, derdi, ammo qilmasdi. Turgan narsalar qanday bo‘lsa, joyida shunday qolib ketardi. O‘g‘lim bor, shuning ukasi. Eshikni ochganda yo menga, yo onasiga ‘Opamga aytinglar, uyni yig‘ishtirib qo‘ysin, sasib ketibdi’, deydi. Xudoga shukur, yeyish-ichishda kamchiligi yo‘q.

Uni ko‘proq tergardim. Nimaga? Biror joyga ketyapman desa, ertaroq kelgin derdim. Lekin aksariyat paytlarda tungi 11-12 da o‘zim qidirib, olib kelardim. Menga indamasdan ketib qolardi. Buloqboshi tomonlardan topib kelgan vaqtlarim bo‘lgan. 2018 yil 12 dekabr kuni ham Rossiyaga ketib qolgan
», — deydi qizning otasi.

«Daryo» muxbiri bilan suhbatlashgan ota qizi aytgan holat bo‘lmaganligini takrorlab, ishni yoptiradigan darajada daromadi yo‘qligini ta’kidlagan.

«Qizimga insof bersin, deyman xolos. Boshqa nima deyman...‘Uchastkavoy’larning ham ismini aytib, yopdi-yopdi qildi, deb ularni ham ayblabdi. Mening ishni yoptiradigan darajada daromadim yo‘q. Shukur, bola-chaqamni boqishga kuchim yetadi, qolganiga imkoniyatim ham yo‘q. Ota-onam borni bor, yo‘qni yo‘q, deb o‘rgatishgan. Qizimga biror narsa deyolmayman. Insof berishini so‘rayman xolos», — deydi qizning otasi.

Zo‘rlanganini aytgan qiz «Daryo» muxbiri bilan suhbatda bolaligida otasi onasiga ham uyatsiz videolarni qo‘yib, g‘ayritabiiy harakatlar qilganini bildirdi.

«Onam 2010 yil 17 noyabr kuni jigar sirrozi kasalligidan vafot etgan. Men va ukam qolganmiz. Haqiqatni aytishim kerak, otam onamga ham uyda turli uyatsiz videolarni qo‘yib, g‘ayritabiiy harakatlar qilardi. Onam o‘lganidan keyin, 2011 yilda otam ikkinchi xotiniga uylandi. O‘shanda men to‘rtinchi sinfda o‘qirdim. Avvalgi ikki-uch yil davomida o‘gay onam bilan munosabatimiz yaxshi bo‘lmagan. Bola bo‘lsam ham urardi.

Esimda 5-sinfda o‘qigan paytim o‘gay onam boshimga temir bilan urgan. Buni mahalladagilar ham, hattoki maktabimiz direktori hamda sinfdoshlarim ham ko‘rgan. Holatni momom (amakimning xotini)ga aytganman, u tez yordamga olib borib, davolatgan. IIBga yozib berganimizdan keyin o‘gay onam sudlanib, jarimaga tortilgan. 6-sinfga o‘tganimdan keyin munosabatlarimiz yaxshilangan. Shundan beri o‘rtamizda hech qanday muammo bo‘lmagan
», — deydi zo‘rlanganini aytgan qiz.

Qizning aytishicha, otasi uni 9-sinfda o‘qiyotgan paytida oyoq-qo‘lini bog‘lab, zo‘rlagan va «yo men bilan bo‘lasan, yo bu uyda yashamaysan», deb po‘pisa qilgan. Shundan so‘ng ota o‘z qizini muntazam zo‘rlab, kaltaklab kelgan.

«2017 yilning mart oyi edi. Soat 12 lar atrofida darslar tugab, uyga qaytgandim. Kelib, uyimizda hammom yo‘qligi sababli hech kim yo‘qligidan foydalanib, tezroq cho‘milish uchun gazga suv qo‘ydim. Suv yarim soatlar atrofida qaynadi. Yuvinayotgan paytim, ya’ni soat 14 larda dadam mast holatda keldi. Kelib, eshikni ochganda yopib qo‘yishini so‘radim. U esa aksincha ichkariga kirib, eshikni ichkaridan qulflab oldi va menga yaqinlashdi. Yalang‘och bo‘lganim uchun endi kiyimimni olaman deganimda dadam tortib olib, meni ushlab oldi.

Keyin uydagi qiyqim materiallar bilan qo‘l-oyog‘imni bog‘ladi. Otamning harakatlaridan qo‘rqib, baqirganimda og‘zimni ham yopib, to‘shakka tashladi. Bu paytda qo‘shnimiz Habiba opa chiqib qolgan. Tashqaridan turib ‘nima bo‘lyapti?’ deb so‘raganida dadam oynadan qarab ‘gap qaytarayotganligi uchun urishyapman’ degani uchun uyiga chiqib ketgandi. Oradan to‘rt yil o‘tganligi uchun Habiba opa bu kunni qanchalik eslaydi, bilmadim.

Opa chiqib ketganidan keyin dadam ‘agar yana baqirsang, o‘lasan’ deb qo‘rqitgan va zo‘rlagan. Buni ko‘tarolmasdan o‘sha payt hushimdan ketganman. Keyin nima bo‘lganini bilmayman. Uch-to‘rt soatlardan keyin o‘zimga kelganimda yalang‘och holimda ustimga ko‘rpa tashlanganini ko‘rganman. Turganimda hamma yog‘im zirqirab og‘rigan, tanamdan qon oqqan. O‘zimga kelib, qo‘shnimiz Xolis opanikiga chiqqanman. Unga butun vujudim og‘riyapti deganimda, ayollar kasalligi boshlanibdi, shekilli deb, og‘riq qoldiruvchi dori bergan. To‘g‘risi, shu kuni opaga aytishga juda qo‘rqqanman.

Mana shu voqeadan so‘ng doimiy ravishda haftada ikki-uch marotaba zo‘rlanganman. Qarshilik ko‘rsatsam urardi. Og‘zi burnim qon bo‘lgan kunlari meni qo‘shnilarimiz ham ko‘rgan. Dadam asosan mast holatda kelib, bu ishlarni qilardi. Onam kunduzi ishda bo‘lgani uchun bulardan xabari bo‘lmagan. Ukam darsdan keyin ishlardi, shu sababli uyda mendan boshqa hech kim bo‘lmasdi. Zo‘rlanish holatim oxirgi marotaba o‘tgan yilning dekabr oyida yuz berdi. Hozir yoshim 19 da. Ertaga men ham oila qurib, baxtli yashashni xohlayman. Begona emas, o‘z otam bunday qilishini kechirolmayman
», — deydi u.

Qizning aytishicha, u o‘zini bir necha marotaba o‘ldirishga ham harakat qilgan.

«Har safar holat takrorlanar ekan, to‘yganimdan kanalga borib o‘zimni tashlamoqchi bo‘lardim. Jur’atim yetmagani uchun yana yig‘lab-yig‘lab ortimga qaytardim. Hammasidan qutulish uchun hech kimga indamay 2019 yilning dekabr oyida Rossiyaga qochib ketganman. Tog‘amning xotini, ya’ni kelinoyim yo‘lkiraga pul jo‘natib, o‘sha yerdan ish ham topib bergan. Achinarlisi, u yerga borgan ilk kunlarimdayoq menga nisbatan erkaklar zo‘ravonlik qilishga intilishgan. O‘zimni himoya qilish va hayotdan to‘yganimdan u yerda o‘zimni osganman. Lekin yana tirik qolganman. Shundan keyin Rossiyada birov menga biror narsa demagan, tegajog‘lik ham qilmagan. Ukamning yig‘lab telefon qilgani uchun bir yarim-ikki oycha yo‘lkiraga yarasha ishlab, qaytib kelganman. Qaytganimdan keyin holat yana davom etgan», — deydi zo‘rlanganini aytgan qiz.

Qizning aytishicha, ichki ishlar organlari, mahalla qo‘mitasi, xotin-qizlar bo‘yicha maslahatchilar ham bu holatga e’tiborsiz qaramoqda.

«Bunaqa ayblov bilan chiqish og‘ir masala. Lekin otamning bu qilmishlarini butun dunyo bilishi va boshqalarga ham dars bo‘lishi kerak. Bilaman, bunday ayblovni qo‘yish katta gunoh. 19 yoshli qiz uchun qo‘rqmasdan olib chiqish, bu gaplarni gapirish men uchun oson emas, judayam og‘ir. Hech kim meni eshitmaganidan keyin ommaga olib chiqishga majburman. Isbotim bo‘lmasa-da, holat haqiqatan yuz bergan. Aytganlarim yolg‘on yoki tuhmat ham emas. Buning uchun qasam ichishga ham tayyorman. Yolg‘on ma’lumot berilishi ortidan jazoga tortilishimdan yaxshi xabardorman.

Agarda yolg‘on gapirayotgan bo‘lsam, javobgarlikka tayyorman. Yorilishdan boshqa ilojim qolmadi. Odamlarning aytishicha, otam qamalsa o‘gay onam uydan ketadi, shundan keyin uy-joy yoki mol-mulk unga qoladi, deyishyaptikan. Afsuski, buni ular aytgan niyatda ommaga olib chiqmayapman. O‘ylab ko‘ring, bu voqeadan keyin qanday qilib mahallada yoki tumanda yashashim mumkin. Endi nafaqat Xo‘jaobodda, balki Andijonda ham yasholmasligimni bilaman. Maqsadim — menga nisbatan bo‘layotgan zo‘ravonlikka chek qo‘yish
», — deydi u.

Muallif: Umidjon Mamarasulov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Otasi tomonidan zo‘rlanganini aytgan andijonlik qiz: «Isbotim bo‘lmasa-da, holat haqiqatan yuz bergan»