09:23 / 09.02.2021
1 644

Sergelida 3 ta Spark’dan 11 mln. so‘mdan ortiq pul va buyumlarni o‘g‘irlaganlar qo‘lga olindi

Sergelida 3 ta Spark’dan 11 mln. so‘mdan ortiq pul va buyumlarni o‘g‘irlaganlar qo‘lga olindi
Kadr: Videodan skrinshot
Toshkent shahri Sergeli tumanida 4 nafar shaxs Spark rusumli avtomobillardan qo‘shimcha jihozlar va pullarni o‘g‘irlagani aniqlandi, deya xabar bermoqda Toshkent shahar IIBB axborot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 2021 yil 15 yanvar kuni tonggi soat 00:30 dan 06:00 ga qadar bo‘lgan vaqtda to‘rt nafar noma’lum shaxs Sergeli tumani 8-qurilish hududi va 8-dahasida o‘g‘rilik jinoyatini sodir etgani to‘g‘risida navbatchilik qismiga xabar kelib tushgan.

Voqea joyiga yetib borgan tezkor tergov guruhi tergov harakatlarini olib bordi. Aniqlanishicha, mazkur jinoyatga qo‘l urgan shaxslar dastlab tumanning 8-dahasida qarovsiz qoldirilgan Spark rusumli avtomobil eshiklarini qattiq jism bilan ochib, salondagi 700 ming so‘m turadigan videoregistrator jihozini o‘g‘irlab, voqea joyidan g‘oyib bo‘lgan.

Bundan tashqari jinoiy harakatlarini davom ettirib, 8-qurilish mavzesidagi 35-uy oldida turgan boshqa bir Spark mashinasidan qiymati 1 million 400 ming so‘m bo‘lgan radar-detektor moslamasini og‘irlaydi.

Shuningdek, jinoiy guruh yana bir Spark’ni temir qaychi yordamida ochadi va ichidan videoregistrator, telefon quvvatlagich, 4 million so‘mlik qo‘l soati, 200 AQSH dollari, bundan tashqari, 3 million so‘m pullarni o‘maradi.

Ushbu jinoyatlarni sodir etgan yigitlarning shaxsi aniqlanib, jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi va tergov bo‘limiga topshirildi.

Jinoyat ishini tergov qilish davomida gumonlanuvchilardan daliliy ashyo sifatida videoregistrator, qo‘l soati, temir qaychi, qo‘lqop ko‘zdan kechirilib olingan.

«Shuncha asraganim bilan baribir shu ishni qilibdi. Hech ko‘chaga chiqarmagan ona edim men», — deydi ayblanuvchilardan birining onasi.
«Spark mashinasiga yetkazilgan zararlarni qoplab berdik. Kechirishlarini so‘raymiz. Bundan buyon farzandim tarbiyasi bilan shug‘ullanaman», — deydi yana bir ayblanuvchining otasi.

Mazkur holatlar yuzasidan Sergeli tumani IIO faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «a» bandi (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sergelida 3 ta Spark’dan 11 mln. so‘mdan ortiq pul va buyumlarni o‘g‘irlaganlar qo‘lga olindi