U majlisdan chiqib, shosha-pisha yugurganicha uyiga qarab ketayotgan edi. Hamkasblari ortidan: «Ha, tinchlikmi, buncha shoshib qayerga ketyapsan, uchrashuving bormi?» deb gap tashlashdi. U: «Ha, uchrashuvim bor», dedi ularga eshittirib. So‘ngra o‘ziga o‘zi pichirlab: «Ha, Robbim bilan uchrashuvim bor», deb qo‘ydi.
Yo‘lda tegmaganga ham tosh otadiganlardan bittasi: «Ha, yugur, yugur, kech qolasan», deya qitmirlik qilganiga ham e’tibor qilmadi. Allohdan barchaga hidoyat so‘rab, yo‘lida davom etdi.
U asr namozidan biroz oldin uyiga keldi. Eshikni ukasi ochdi. U salomlashib bo‘lgach: «Uyda kimlar bor?» dedi. Ukasi o‘zidan boshqa hech kim yo‘qligini aytdi.
U: «Onam bilan singlim to‘yga ketishdimi?» dedi. «Ha», degan javobni olgach, «Shuncha tushuntirsam ham baribir ketishibdi-da, unday to‘ylarga bormaslik kerak», dedi.
Namozini ado etib bo‘lgach, Allohga kaftlarini ochib yuzlandi, ko‘p-ko‘p duo qildi, har doimgi duosini ham takrorladi: «Robbim, Yaratuvchim, bizlarni yo‘qdan bor qilgan Allohim, O‘zing bizlarni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilgin. Meni hidoyatli hidoyatchi bandalaringdan qilib qo‘ygin. Meni yaqinlarimning hidoyatiga sababchi qil». Keyin kitob o‘qishga kirishib ketdi. Asr vaqtigacha kitobdan boshini ko‘tarmadi. Namoz vaqti bo‘lgach, uni ado etib bo‘ldi ham-ki, onasi va singlisi uyga kirib kelishdi.
U onasi va singlisini – Allohning izni ila – bir amallab satrda yurishga va namozga o‘rgatib olgan edi. Shunda ham ba’zan beparvolik qilib qazo qilib qo‘yishar edi. U doim namoz vaqtlarini eslatib, ado etgan-etmaganlarini so‘rab turardi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, uning salom-alikdan so‘ng birinchi so‘ragan narsasi «Peshinni o‘qidinglarmi?» bo‘ldi. Bunga onasi oddiy qilib: «Namoz o‘qigani vaqtimiz bo‘lmadi», deb qo‘ya qoldi.
Shu payt: «Eh, onajonim, keldinglarmi, charchab qolmadinglarmi, «to‘yga borsang, to‘yib bor»dan bo‘lib, och qolmadinglarmi?» deb ukasi kirib keldi. Onasi kenjasini quchoq ochib kutib oldi, bag‘riga bosib: «Shu kenjam boshqacha mehribon bo‘ldi-da, onasining qornini o‘ylaydi-ya», deb laganbardor o‘g‘lini erkalab ketdi. Akasi xonadan chiqib ketar ekan, ukasining: «Xo‘sh, nimalar bo‘ldi shunday qilib?» degan savolini eshitib, eshik ortida to‘xtadi.
Singlisi: «Zo‘r bo‘ldi, dahshat! Kuyov hammaning oldida kelinga tort yedirdi. Mana, videoga ham olvolganman» deya, telefonidagi har turli pardoz-andoz, yarim-yirtiq fata-mata deganlarini ishga solib, nikoh to‘yiga juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan va yuzini tabassum bilan yanada bezagan kelinga tirjayganicha tort kesib, sanchqi bilan hammaning oldida yedirayotgan rashksiz er zotidan bo‘lgan kuyovning videosini taqdim qildi.
Akasi nima qilishini ham bilmay qoldi – ichkariga kirib bir nimalar desin yoki nima qilsin...
Aytadiganini aytib bo‘lgan edi, foydasi bo‘lmadi-ku endi nima qilsin...
Ha, onasining qornini o‘ylagan o‘g‘li «mehribon» bo‘ldi, onasidan maqtovlar eshitib o‘tiribdi, onasining oxiratini o‘ylagan o‘g‘li esa eshik ortida, nima qilishini bilmay turibdi.
Oxunjon Oxunov
Manba: islom.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Global Janub kimniki?
Lukashenko G‘arbga tahdid bilan chiqdi
Zoir Mirzayev “Telefonsiz maktab”ga 300 mln so‘m mukofot berdi
Mariya Zaxarova ukrainaliklarni Amerika hindulariga o‘xshatdi
Piyoda yurish va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanish depressiyaga chalinishni 23 foizga kamaytiradi
Ispaniya va Gretsiya Kiyevga Patriot tizimlarini yetkazib berishdan bosh tortdi
Ruslar Abrams tanklarining zaif tomonini topishdi
AQSHning G‘azodagi siyosatidan norozi Davlat departamenti rasmiysi iste’foga chiqdi