12:30 / 01.03.2021
1 384

1 martdan nimalar o‘zgardi?

1 martdan nimalar o‘zgardi?
«Huquqiy axborot» kanali 2021 yil 1 martdan kuchga kiradigan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi.

Boshqa hududga borib ishlaydigan o‘qituvchi-pedagoglarga ustamalar to‘lanadi
Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar joriy qilinadi.

Bunda:
  • bir ma’muriy-hududiy birliklar doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz;
  • boshqa ma’muriy-hududiy birlikdan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz maxsus ustamalar to‘lanadi.

Tadbirkorlarga maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalarni o‘rnatishga ruxsat beriladi
Tadbirkorlarga 2021 yil 1 martdan quyidagilarni amalga oshirishga ruxsat etiladi:
  • yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasida avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalari o‘rnatilishini tashkil etish;
  • transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini ta’minlash sohasida avtomobil yo‘llarida avtomatlashtirilgan o‘lchov vositalari bilan jihozlangan og‘irlik va gabarit nazorati bo‘yicha statsionar shoxobchalar o‘rnatilishini tashkil etish.

Ayrim ta’lim tashkilotlari xalq ta’limi sohasidagi xodimlarning malakasini oshiradi
2021 yil 1 martdan pedagog kadrlar tayyorlaydigan OTM hamda litsenziyaga ega nodavlat ta’lim tashkilotlariga xalq ta’limi sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan rahbar, mutaxassis va pedagog xodimlarning malakasini oshirish huquqi beriladi.

Aliment majburiyatlarini bajarish aliment majburiyatlarni ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi orqali amalga oshiriladi
Aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi aliment majburiyatlari bo‘yicha alohida bank hisobvarag‘i bilan integratsiya qilinadi.

Bunda:
  • Majburiy ijro byurosi tomonidan ijro hujjatlari bo‘yicha undiruvchi (aliment oluvchi) nomiga tegishli bank kartasi rasmiylashtiriladi;
  • aliment pullari, shu jumladan qarzdorning ish haqidan ushlab qolingan aliment pullari ushbu aliment majburiyatlari bo‘yicha alohida bank hisobvarag‘i orqali mazkur bank kartasiga o‘tkaziladi.

Tadbirkorlar davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ayrim turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilishida agent sifatida ishtirok etishi mumkin
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida tadbirkorlarga davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan davlat xizmatlari markazlari tomonidan ayrim turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilishida agent sifatida ishtirok etishga ruxsat beriladi.

Bunda:
  • agent sifatida xizmatlarni ko‘rsatuvchi tadbirkorlarning xodimlari akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlari tomonidan beriladigan va ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan xizmatlar turlari aniq belgilangan sertifikatga ega bo‘lishi shart;
  • sertifikatlar 3 yil muddatga beriladi va ularni berish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi;
  • tadbirkorlar tomonidan agent sifatida xizmatlarni ko‘rsatish Davlat xizmatlari agentligining yagona platformasi doirasida amalga oshiriladi.

Elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar ichki ishlar organlari tomonidan aniqlanadi
Ijro hujjatlarida majburiy tartibda qarzdor-jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (O‘zbekiston fuqarosi hisoblanmagan jismoniy shaxs bo‘yicha – shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarning rekvizitlari), shuningdek, qarzdor – yuridik shaxsning soliq to‘lovchi identifikatsiya raqami ko‘rsatiladi.

Elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash, bartaraf etish va ularning oldini olish vazifasi – Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.

Elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklarni aniqlash, bartaraf etish va ularning oldini olish vazifasi – ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Ikki qavatdan yuqori bo‘lgan bino va inshootlar ularning loyiha hujjatlari majburiy ekspertizadan o‘tkazilgan holda quriladi

2021 yil 1 martdan ikki qavatdan yuqori (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish ob’ektning loyiha hujjatlari majburiy ekspertizadan o‘tkazilgan hamda Qurilish vazirligi qoshidagi qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan davlat qurilish nazorati o‘rnatilgan holda amalga oshiriladi.

Qattiq maishiy chiqindilarni saralab yig‘ish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi
Qattiq maishiy chiqindilarni saralab yig‘ish tizimi quyidagi tartibda joriy etiladi:

1-bosqichda (2021 yilda) – Toshkent shahar hokimligi tomonidan belgilanadigan mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida chiqindilarni «qayta ishlanadigan» va «qayta ishlanmaydigan» toifalarga ajratgan holda yig‘ish;

2-bosqichda (2022 yilda) – «Maxsustrans» DUK tomonidan xizmat ko‘rsatiladigan barcha hududlardagi yakka tartibdagi turar-joy sektorida qattiq maishiy chiqindilarni «qayta ishlanadigan» va «qayta ishlanmaydigan» toifalarga ajratgan holda yig‘ish;

3-bosqichda (2023 yildan boshlab) – barcha tumanlarda chiqindilarni «qayta ishlanadigan», «qayta ishlanmaydigan», «organik», «xavfli maishiy chiqindilar» va boshqa toifalarga ajratgan holda yig‘ish.

Bir qator davlatlar fuqarolariga O‘zbekistonga vizasiz kirishga ruxsat beriladi
O‘zbekiston hududiga kirgan kundan e’tiboran 10 kunlik muddatga o‘z yoki uchinchi mamlakatga uchish aviachiptasini taqdim qilgan Bahrayn Qirolligi, Qatar Davlati, Quvayt Davlati, Ummon Sultonligi va Xitoy Xalq Respublikasi, shu jumladan Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong va Makao maxsus ma’muriy hududlari fuqarolari uchun vizasiz rejim belgilandi.

Kumushni birja orqali zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga erkin sotish tartibi joriy etiladi
Zargarlik sohasida keng imkoniyatlar yaratish uchun «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» DK tomonidan kumushni birja orqali zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga erkin sotish tartibi joriy etiladi.

Qishloq xo‘jaligida tadbirkorlarni jalb etgan holda kichik ilmiy-innovatsion korxonalar tashkil etishga ruxsat beriladi
Tajriba tariqasida, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarida tadbirkorlarni jalb etgan holda kichik ilmiy-innovatsion korxonalar tashkil etishga ruxsat beriladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » 1 martdan nimalar o‘zgardi?