22:00 / 16.03.2021
2 883

«O‘zbekiston bizdan 40—50 yilga oldinga o‘tib ketgan» — Sadir Japarov

«O‘zbekiston bizdan 40—50 yilga oldinga o‘tib ketgan» — Sadir Japarov
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov «Azattik» radiosiga bergan intervyusida rivojlangan mamlakatlar bundan yuz yil oldin Qirg‘iziston hozir bosib o‘tayotgan yo‘ldan o‘tganini aytdi. Bu haqda «Gazeta.uz» xabar qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, rivojlangan mamlakatlar «ta’lim, madaniyat va turmush darajasi bo‘yicha ancha oldinda». Qirg‘iziston nega bunday vaziyatga tushib qolgani haqida gapirar ekan, Sadir Japarov O‘zbekistonni misol tariqasida keltirdi.

«Kuni kecha O‘zbekistonga borganda ko‘p narsani sezdim. Hatto rosa uyaldim ham. (Biz qirg‘izlar) 30 yildan beri bir-birimiz bilan siyosatda kelishmay, mitinglar o‘tkazib, faqat etik tozalaydigan cho‘tka ishlab chiqara olibmiz. Fabrika-zavod qurmabmiz. O‘zbekiston bizdan 40—50 yil oldinga o‘tib ketibdi, desam yanglishmayman. Mayda shurupdan tortib, samolyot chiqarishgacha yetib borishibdi», — dedi u.

Shuningdek, Sadir Japarov O‘zbekistonga davlat tashrifi va Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar natijalari haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat rahbarlari barcha chegara masalalarini yaqin uch oy ichida hal qilishga kelishib olgan. Uning ta’kidlashicha, tomonlar o‘rtasida jiddiy kelishmovchiliklar mavjud emas va 24—25 mart kunlari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Kamchibek Tashiyev zarur hujjatlarni imzolash uchun qo‘shni davlatga boradi.

Prezident, shuningdek, so‘nggi kunlarda jamoatchilik tomonidan faol muhokama qilinayotgan Qirg‘izistonda joylashgan O‘zbekistonning So‘x anklavi atrofidagi vaziyatga o‘z munosabatini bildirdi.

«Biz So‘xga reyslarni ochamiz, shuningdek, nazorat punktini qayta ochishni rejalashtirganmiz. Ammo internetda muxolifatchilar va yomon fikrga ega odamlar ‘So‘xga yo‘lak beriladi, yo‘l ochiladi va suv ta’minlanadi’ degan fikrni yoyishni boshladi. Bu noto‘g‘ri ma’lumot. Unkar-Too masalasiga kelsak, Shavkat Mirziyoyev ochiqchasiga aytdi, biz hududga daxl qilmaymiz, u sizga tegishli bo‘lsin, deb», — dedi Sadir Japarov.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «O‘zbekiston bizdan 40—50 yilga oldinga o‘tib ketgan» — Sadir Japarov