10:15 / 18.05.2021
3 165

Zo‘ravonlikning jazosi Qiyomatga qoladimi?


Quyidagilarni bir ayolning nidosi emas, balki Ilohiy risolat - Islom nidosi deb tushuning!!
* * *
Andijon va Samarqanddagi ayollarga nisbatan vahshiyliklar mavzusi internetni portlatdi, endi u zo‘ravonlarni qamashadi, shu bilan odamlar tinchlanadi.

Lekin bu bilan ayollarga nisbatan zo‘ravonlik to‘xtaydimi? Muammo hal bo‘lish u yoqda tursin, vaziyat salgina yaxshilanadimi?

Yo‘q! Unday bo‘lmaydi. Uch kunda unutamiz, shu bilan keyingi zo‘ravonlik oshkor bo‘lguncha (ko‘pda oshkor bo‘lmaydi).
Chunki bunday jinoyatlar zo‘ravon (erkak) va qurbon (ayol)ning hayotiga turlicha ta’sir qiladi. Erkak bir qilmishiga bir jazo oladi: qamaladi, biror yilda balki afv bilan chiqar, shu bilan “yigitchilik”, “erkakchilik” deb jamiyat buni unutadi, qabul qiladi, rozi bo‘ladi, murosa qiladi....

Ayol esa bir marta emas, bir umrga qurbon bo‘ladi, endi uni jamiyat avvalgidek qabul qilmaydi. Aybsiz bo‘lsa-da, aybdor bo‘lib qolaveradi. Erkaklar u yoqda tursin, birinchi bo‘lib o‘z hamjinslari, ayollar ayblaydi, men avliyoroqman degan pozitsiyadan turvolib.

Shuning uchun keyingi qurbonlar vaziyatni yashiradi, keyingi vahshiylar esa zo‘ravonlik jazosizligining timsoli bo‘lib hammaning ko‘z o‘ngida bemalol yashab yuraveradi. Mana shu hol zo‘ravonlikning hech qachon to‘xtamasligiga sabab.
Zo‘rlash holatlarida ko‘pincha “g‘unajin ko‘zini suzmasa...” deb ayollarni ayblab qoladilar.

Agar ish ikki tomon roziligi bilan ro‘y bergan bo‘lsa,buni qizlar va yigitlar tarbiyasiga, axloqiga yo‘yish mumkin, sababni va chorani shu yo‘nalishdan izlasa mantiq bo‘ladi. Lekin kuch ishlatish, zo‘rlash, bir tomonning ojizligidan foydalanish, buni vahshiylarcha amalga oshirish, keyin esa shu vahshiylarning jamiyatda bemalol yashab yura olishi – bu g‘ayriinsoniy holat, buni jamiyatning qusuri, fikrlashi, dunyoqarashi, ayol va erkakka nisbatan turlicha standartlari oqibati deb baholash kerak.

Kap-katta, uylangan, bir necha bolalari bor erkaklar, bittasining yoshi 40 dan oshgan hatto. Ularni nima to‘xtatishi mumkin edi? Shu ishni qilsam, hayotim barbod bo‘ladi degan o‘y! Yetti pushtimga isnodi tegadi degan fikr! Lekin unday o‘y-fikr yo‘q, chunki bunga asos yo‘q. Bu erkaklarni jazosizlik, qilgan ishining oqibati yengil bo‘lishi, “baribir hech nima qilolmaydi, kim ishonardi, o‘zini ayblaymiz, birovga aytolmaydi” degan fikrlash quturtirgan. Axir, ko‘pni ko‘rgan, tajribali erkaklar qilyapti bu ishni, o‘smirlar emas! Ularda bu vahshiylikni oila yo maktab emas, JAMIYaT tarbiyalagan!

Nimaga zo‘ravon erkakni jamiyat o‘zidan chetlatmaydi?
Nega vaqt o‘tishi bilan uni qabul qilishadi va kechirishadi-yu, ayolni qabul qilishmaydi? Nega zo‘ravon erkak ma’lum vaqt o‘tgach yana oshnalari bilan bemalol osh yeb, to‘yga borib, elga qo‘shilib, o‘g‘il-qiz uylab, to‘n kiyib yura oladi, zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayolni “it tekkan qovun” deb birov davraga qo‘shmaydi, o‘sha oiladan qiz olishni istashmaydi, o‘tsa ortidan pichir-pichir, g‘iybat, bosim bir umr tinmaydi?

Nega vahshiy erkak qamaladi, chiqadi va o‘zini osmaydi, yoqmaydi, ayol esa o‘zini osadi, yoqadi, suvga tashlaydi? U axloqsizlik qilmadi, ko‘zini suzmadi, uni bir vahshiy mayib qildi-ku!
Qiz xor jamiyat, ayol xor jamiyat!

Bunaqa dunyoqarash, fikrlash, munosabat bilan zo‘ravonlik to‘xtamaydi. Toki ayollar va erkaklarga jamiyat tozaligi, axloqi borasida birdek mas’uliyat va javobgarlik yuklanmas ekan, toki ikki xil standartlar to‘xtamas ekan, zo‘ravonlik to‘xtamaydi! Keyingi qurbon esa sizning yaqiningiz bo‘lishi mumkin!

P.S. Aytgancha, statistikaga qarab qo‘yinglar: Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2020 yilda nomusga tegish holatlari 28 foizga oshgan. 2021 yilning dastlabki uch oyi ichida huquq-tartibot idoralariga zo‘ravonlikka uchragan ayollar tomonidan 11 mingdan ortiq murojaat bo‘lgan.

Shahnoza Soatova,
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining maslahatchisi, bloger.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Zo‘ravonlikning jazosi Qiyomatga qoladimi?