16:23 / 23.05.2021
1 895

Sergelidagi beshta hovlining yonib ketishiga suv yetishmovchiligi va yo‘llardagi tirbandlik sabab qilib ko‘rsatildi


Foto: Videodan kadr / «Qalampir.uz»
Toshkentning Sergeli tumanidagi xonadonlarning birida 20 may kuni yong‘in chiqib, o‘t yana ikki xonadonga ham o‘tgani haqida xabar berilgan edi. FVV yong‘inni bartaraf etishda o‘t o‘chiruvchilar tirbandlikda qolib ketgani va suv bosimi pastligi muammosi ta’sir ko‘rsatganini qayd etdi.

Sergeli tumani «Past Darxon» MFY Navro‘z 6-tor ko‘chasida joylashgan xonadonlarning birida yong‘in bo‘layotganligi yuzasidan xabar Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining tezkor-qutqaruv guruhiga 20 may soat 07:35 da kelib tushgan. Yarim soatdan so‘ng FVV matbuot xizmati yong‘in haqida dastlabki axborot bergan va bu vaqtda faqat bitta xonadonda yong‘in qayd etilgan bo‘lgan.

Keyinroq FVV mazkur hodisa yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim etib, yong‘in joyiga birinchi bo‘linma soat 07:45 da (10 daqiqada) yetib borgani, qolgan yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari soat 07:47 dan soat 08:24 ga qadar, jami 5 ta bo‘linma yong‘in joyiga yetib borganini ma’lum qilgan.

«Yong‘in sodir bo‘lgan xonadon qo‘shni xonadonlarga zich qilib qurilgani, yong‘inga qarshi devorlar bo‘lmagani, shu bilan birga, shamol tezligi yuqori bo‘lib turgani sabab yong‘in boshqa xonadonlarga ham tezlik bilan tarqalib, oqibatda 3 ta xonadonga tegishli 200 metr kvadrat maydonda yong‘in yuzaga kelgan», — deb qayd etgan vazirlik.

FVV, shuningdek, tonggi vaqtda poytaxt ko‘chalarida tirbandliklar bo‘lganini, «Past Darxon» MFY, Navro‘z 6-tor ko‘chasidagi yerosti gidrantining suv bosimi past bo‘lgani, bu kabi holatlar yong‘inni tezlik bilan bartaraf etishga salbiy ta’sir ko‘rsatganini bildirib o‘tgan.

Yong‘indan jabrlangan va halok bo‘lganlar qayd etilmagan. Hozirda yong‘in sabablari va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
MY5 telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, 19 may kuni soat 19:10 da Sergeli tumanining qator mahallalari elektr enegiyasidan uzilgan. Ertasi kuni elektr ta’minoti tiklangan, biroq «Navro‘z» mahallasida elektr uzatish tarmoqlarida «ayrim muammolar» yuzaga kelgan va oqibatda yong‘in sodir bo‘lgan.

Mahallada yashovchi ayol elektr tiklanganidan so‘ng «hammayoq yorug‘ bo‘lib ketganini» aytgan. Telekanalning qayd etishicha, yong‘in to‘rtta xonadonni yaroqsiz ahvolga keltirgan.

«O‘t o‘chiruvchilar 45 daqiqada keldi, deydi aholi vakillari. Ertalabki 7 larda sodir bo‘lgan yong‘inni o‘chirishga 5 soat sarflangan», — deyiladi MY5 xabarida.

Yana bir fuqaro jabrlanganlar yo‘qligi, lekin hech narsa, shu jumladan, hujjatlar va pullar ham yonib ketganini ta’kidlagan.

Yong‘in kuni voqea joyiga borib, aholi bilan suhbatlashgan «Qalampir.uz»ning ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida beshta uy yongan. Yong‘indan uyi zararlangan fuqarolar bunga elektr korxonasini ayblamoqda. Ularga ko‘ra, voqeadan bir kun avval yuz bergan shamoldan so‘ng tarmoqda uzilgan simlar bor-yo‘qligini tekshirmasdan turib, elektr tarmog‘ini qayta tiklagan.

Fuqarolarning bu fikriga Zangiota tumani elektr tarmoqlari korxonasi bosh mutaxassisi quyidagicha munosabat bildigan: «Soha mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqiladi, bu qisqa tutashuvdanmi yoki boshqa narsadan. Aniqlik kiritib, o‘rganib chiqish xulosasi taqdim etiladi».

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sergelidagi beshta hovlining yonib ketishiga suv yetishmovchiligi va yo‘llardagi tirbandlik sabab qilib ko‘rsatildi