08:00 / 10.07.2021
2 094

«Korrupsion jinoyatlarning aniq ro‘yxati shakllantirilishi kutilmoqda» – Oliy sud raisi o‘rinbosari


Bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolari korrupsiya deganda, ko‘proq pora olish va pora berish, mazkur jarayonda vositachilik qilishni tushunishmoqda. Shu bois Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan farmonda Jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq ro‘yxatini belgilash vazifasi qo‘yilgan. Bu haqda 9 iyul, juma kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z bordi, deya xabar bermoqda «Daryo».

Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimovning ta’kidlashicha, joriy yilning 1 oktabrigacha korrupsion jinoyatlarning aniq ro‘yxati belgilab beriladi.

«Prezident farmonida Jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq ro‘yxatini belgilab berish vazifasi qo‘yilgan. Bu nima beradi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Afsuski, bugungi kunda fuqarolarimiz korrupsiya deganda, ko‘proq pora olish va pora berish, shu jarayonda vositachilik qilishni tushunishadi. Aslini olganda, davlat xizmatchisi o‘zi egallab turgan lavozimi yoki moddiy mansabdor shaxsning moddiy javobgarligida bo‘lgan mulklardan noqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirish maqsadida qilingan har bir harakat korrupsion jinoyatni keltirib chiqaradi.

Masalan, aybdorga ishonib topshirilgan o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish (Jinoyat kodeksining 167-moddasi) iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar turkumiga kiritilgan. Pora olish, berish va ushbu jarayonda vositachilik qilish boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar turkumiga kiritilgan. Shu bilan bir qatorda, xo‘jalik faoliyati sohasidagi jinoyatlar turkumiga kiruvchi noqonuniy tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzishda ham davlat organi vakillarining aralashuvi korrupsion jinoyatlarni keltirib chiqaradi.

Bundan tashqari, xususiy mulk huquqi bilan bog‘liq jinoyatlar, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi jinoyatlar toifalari borki, bular bugungi kunda amalda bo‘lgan Jinoyat kodeksida har bir soha bo‘yicha bo‘lib tashlangan. Lekin aynan qaysi jinoyat tarkibi va qaysi holatda korrupsion jinoyat bo‘lishi aniq belgilab berilmaganligi nafaqat fuqarolarimizda korrupsion jinoyat haqida tushuncha paydo qilish, balki kodeksni amaliyotda qo‘llash vakolatiga ega bo‘lgan shaxslarda ham ayrim tushunmovchiliklarni tug‘diradi.

Prezident farmonida belgilangan topshiriqqa ko‘ra, 2021 yilning 1 oktabrigacha qonun loyihalariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali korrupsion jinoyatlarning aniq ro‘yxati belgilab berilishi kutilyapti. Natijada aynan qaysi jinoyatlar korrupsion jinoyat ekanligi nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari, balki fuqarolarimizga ham aniq bo‘ladi», — dedi Muslimov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Korrupsion jinoyatlarning aniq ro‘yxati shakllantirilishi kutilmoqda» – Oliy sud raisi o‘rinbosari