13:25 / 24.07.2021
2 452

O‘zbekistonlik o‘quvchilar matematika va biologiya fani bo‘yicha Xalqaro olimpiada g‘olibi bo‘lishdi


Nufuzli olimpiadalar sirasiga kiruvchi Xalqaro matematika olimpiadasi (International Mathematical Olympiad (IMO) va Xalqaro biologiya olimpiadasi (International Biology Olympiad (IBO)da ishtirok etgan o‘zbekistonlik o‘quvchilar 2ta oltin, 2ta kumush va 1ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqida Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

14-24 iyul kunlari dunyoning 110 davlatidan 623 nafar o‘quvchilar ishtirok etgan 62-Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO) natijalari e’lon qilindi.

Natijalarga ko‘ra, Buxoro viloyati 5-IDUM o‘quvchisi Diyorbek Tolipov kumush medalni, Buxoro viloyati Xalqaro matematika maktabi o‘quvchisi Olimjon Olimov bronza medalni va mazkur maktab o‘quvchisi Doniyor Ismoilov imtiyozli diplomni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, 18-23 iyul kunlari dunyoning 76 ta davlati o‘rtasida o‘tkazilgan 32-Xalqaro biologiya olimpiadasida o‘zbekistonlik o‘quvchilar 2 ta oltin, 1 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi:
  • Humoyun Norbekov -JDPI akademik litseyi 2-bosqich o‘quvchisi - oltin medal;
  • Aziza Abduvaliyeva -TPTI akademik litseyi 1-bosqich o‘quvchisi - oltin medal;
  • Yorqinbek Turdiboyev -Navoiy viloyati 11-IDUM o‘quvchisi - kumush medal.
Ayni kunlarda o‘zbekistonlik o‘quvchilar Xalqaro fizika hamda kimyo olimpiadalarida ham ishtirok etmoqda.

Prezidentning fan olimpiadalari g‘oliblarini rag‘batlantirish borasidagi qaroriga ko‘ra, nufuzli fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar va ularning o‘qituvchilari bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
1-o‘rin (oltin medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravari (122,5 mln. so‘m), o‘qituvchisiga – 450 baravar (110,25 mln. so‘m);
2-o‘rin (kumush medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari (73,5 mln. so‘m), o‘qituvchisiga – 250 baravar (61,25 mln. so‘m);
3-o‘rin (bronza medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari (49 mln. so‘m), o‘qituvchisiga –150 baravar (36,75 mln. so‘m).

Xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar va ta’lim muassasasi direktorlari navbatdagi o‘quv yili uchun direktor jamg‘armasidan quyidagicha qo‘shimcha ustama oladi:
1-o‘rin (oltin medal) uchun – 200 foiz;
2-o‘rin (kumush medal) uchun – 175 foiz;
3-o‘rin (bronza medal) uchun – 150 foiz.

Yuqoridagi nufuzli xalqaro olimpiadalarda medalni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar oliy ta’lim muassasalariga imtihonlarsiz imtiyozli ravishda qabul qilinadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonlik o‘quvchilar matematika va biologiya fani bo‘yicha Xalqaro olimpiada g‘olibi bo‘lishdi