23:56 / 24.07.2021
2 843

Toshkentning Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlari chegarasi o‘zgardi


Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qarori bilan poytaxtning Sergeli, Bektemir va Mirzo Ulug‘bek tumanlari hududi Toshkent viloyatining Zangiota, Qibray, Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlari hisobiga 7,8 ming gektardan ko‘proqqa kengaytirildi. Bu haqdagi qaror 23-iyul kuni qabul qilindi deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”.

Kengash qarorida qayd etilishicha, Toshkentda so‘nggi yillarda yirik qurilish loyihalari amalga oshirilib, yangi aholi yashash massivlari, parklar, alleyalar barpo etilmoqda, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlari ishga tushirilmoqda, yo‘l-transport infratuzilmalari obyektlari qurilmoqda.

“Shu bilan birga, Toshkent shahrida bo‘sh yer maydonlarining kamligi natijasida yangi qurilish va infratuzilma obyektlarini barpo etish orqali aholi farovonligini oshirishda qator qiyinchiliklar kuzatilmoqda. Shuningdek, investitsiya loyihalarini mavjud yakka tartibdagi uylar joylashgan yer uchastkalarini davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olinishi aholi o‘rtasida haqli e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda”, — deyiladi hujjatda.

Shu bois “Toshkent shahrining keyingi rivojlanishi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida Toshkent shahrining chegaralarini o‘zgartirish va Toshkent viloyatining Zangiota, Qibray, Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan o‘tadigan jami 7853,3 gektar yerlarni Toshkent shahriga qo‘shib olinishi hisobiga Toshkent shahrining chegaralarini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan”.
Hujjatga ko‘ra:
  • Sergeli tumani tarkibiga Toshkent viloyatining Zangiota tumanidan 1827,1 gektar (shundan, 424,2 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari);
  • Bektemir tumani tarkibiga Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidan 490 gektar (shundan, 154,2 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) va Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidan 1134,2 gektar;
  • Mirzo Ulug‘bek tumani tarkibiga Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2294,6 gektar (shundan, 1090,9 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari);
  • Yashnobod tumani tarkibiga Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2107,4 gektar (shundan, 1002,6 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni, jami 7853,3 gektar yer maydoni Toshkent shahri tarkibiga qo‘shildi.
  • Bundan tashqari, Sergeli va Bektemir tumanlaridan 171,3 gektar yer maydoni Toshkent viloyatiga o‘tkazildi:
  • Sergeli tumanidan 33,8 gektar yer maydoni Toshkent viloyatining Zangiota tumani tarkibiga;
  • Bektemir tumanidan 137,5 gektar yer maydoni Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani tarkibiga o‘tkazildi.
Kengash qarorida Toshkent shahri va viloyati tumanlarining yangi chegaralari tasniflab chiqilgan.
Endilikda Toshkent shahar hokimligining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga iltimosnoma kiritishi kutilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentning Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlari chegarasi o‘zgardi