00:58 / 02.08.2021
2 393

Farg‘onada Tojikistondan qariyb 2 kg gashish olib o‘tgan shaxs va uning sherigi ushlandi


Foto: DXX matbuot xizmati
Tojikistonning So‘g‘d viloyati Konibodom tumanida yashovchi 43 yoshli shaxs 1,914 kilogramm gashish giyohvandlik moddasini kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekiston hududiga olib o‘tgani aniqlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmatiga tayanib, O‘zA xabar berdi.

Ushbu shaxs Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida yashovchi sherigi 30 yoshli mahalliy fuqaroning avtomashinasida Uchko‘prik tumani hududida harakatlanayotgan vaqtida DXXning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Ta’kidlanishicha, Tojikiston fuqarosi muqaddam qotillikda ayblanib sudlangan bo‘lsa, uning farg‘onalik sherigi esa muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tagan.

Shuningdek, Tojikistonning So‘g‘d viloyati Spitamen tumanida yashovchi 47 yoshli fuqaro noma’lum shaxslar tomonidan Toshkent viloyatining Bekobod tumani hududiga o‘tkazilgan va xufiyona joyga berkitib qo‘yilgan 963 gramm gashish moddasini olgani aniqlangan. U Namangan viloyati Norin tumanida istiqomat qiluvchi 41 yoshli jinoiy sherigi bilan mahalliy fuqaro boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomashinada vodiy tomon yo‘lga chiqqan.

Ular Namangan viloyatining Pop tumanida joylashgan «Namangan» YPX maskanida DXX va Bojxona qo‘mitasining hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Samarqand viloyatining Urgut shahrida yashovchi 51 yoshli, muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudlangan shaxs esa yana bir bor shu kabi jinoyatga qo‘l urdi.

U 1983 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqarodan 787 gramm geroin giyohvand moddasini 12 ming AQSH dollariga sotib olib, uning avtomashinasida tuman markazi tomon harakatlanayotgan vaqtida DXXning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat IIB va Bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlangan.

Namangan viloyatida kuzatilgan holatlarning birida Zarkent—Namangan yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan Damas»rusumli avtomashina to‘xtatilgan.

Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi, muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan 29 yoshli shaxsning yonida 420 gramm gashish moddasi borligi aniqlanib, protsessual tarzda rasmiylashtirib olingan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida u Qirg‘izistondan olib o‘tgan ushbu giyohvandlik moddasini Namangan shahrida yashovchi 33 yoshli shaxsga berishi kerakligi ma’lum bo‘lib, u ham tadbir doirasida ushlangan.

Shuningdek, Namangan—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan Spark rusumli avtomashina Pop tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yashovchi 30 yoshli fuqaro tegishli yumshoq o‘yinchoq ichiga yashirilgan 205 gramm gashish moddasi protsessual tarzda rasmiylashtirib olingan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida u Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazilgan ushbu narkotik moddani Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi 34 yoshli fuqarodan olgani ma’lum bo‘lib, u ham qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Farg‘onada Tojikistondan qariyb 2 kg gashish olib o‘tgan shaxs va uning sherigi ushlandi