date
views 2 834

Shavkat Mirziyoyev qo‘shni davlatlar rahbarlari bilan uchrashuvda qanday tashabbuslar ko‘tardi?


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida bir qator tashabbuslarni ko‘tarib chiqdi.

Unga ko‘ra:
– sanoat kooperatsiyasi, innovatsiya va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish hisobiga qo‘shilgan qiymatning uzun zanjirlarini yaratish hamda to‘laqonli erkin savdo rejimiga o‘tishga asoslangan Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini shakllantirish. Bularning barchasi Savdo-iqtisodiy hamkorlikning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi bitimda aks ettirish;

– mintaqani qit’adagi muhim tranzit «xab»larining biriga aylantirish, jumladan Kaspiy dengizi portlari, yirik transchegaraviy logistika markazlarini imkon qadar to‘liq quvvat bilan ishlashini ta’minlash;

– «yashil» energetika va energiya tejamkor texnologiyalarni jadal joriy etish orqali umumiy energetika makonini shakllantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish. Shu bilan bir qatorda, Markaziy Osiyo mamlakatlarining Elektr energetikasi muvofiqlashtiruvchi kengashini faollashtirish, uning mandati va vakolatlarini kengaytirish hamda mamlakatlarning kengashdagi vakillik darajasini oshirish;

– pandemiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish va o‘zaro yordam ko‘rsatishni kuchaytirish. Bunda test natijalari va emlash sertifikatlarini tan olish bo‘yicha yagona axborot tizimini ishga tushirish, yuqumli kasalliklarni profilaktika, diagnostika qilish va davolash, tibbiyot xodimlarini tayyorlash sohasida tajriba almashishni kengaytirish, farmakologiyada ilmiy hamkorlikni hamda hayotiy muhim dori vositalarini ishlab chiqarishda kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish;

– mintaqaning ekologik muammolarini yechishda hamkorlik ko‘lamini kengaytirish. Shu ma’noda mamlakatlarimizning iqlim o‘zgarishlariga moslashishiga, resurs tejovchi texnologiyalarning yana keng joriy etilishiga xizmat qiladigan «Markaziy Osiyo uchun «yashil» kun tartibi» mintaqaviy dasturini ishlab chiqish;

– O‘zbekistonda Markaziy Osiyo yoshlari forumini o‘tkazish. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasida ishonch va do‘stlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lishi ta’kidlandi;

– turizm xizmatlarining butun doirasini qamrab oladigan «Bir sayohat – butun mintaqa» qo‘shma dasturini amaliy ro‘yobga chiqarish;

– mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga barqaror tus berish, shu maqsadda «xalq diplomatiyasi», ya’ni parlamentlar, fuqarolik jamiyati institutlari va media sohasi salohiyatidan yanada keng foydalanish muhim ekani qayd etildi. Toshkent shahrida Mintaqaviy parlament forumini o‘tkazish takliflari ilgari surildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev qo‘shni davlatlar rahbarlari bilan uchrashuvda qanday tashabbuslar ko‘tardi?