10:23 / 15.08.2021
1 965

O‘zbekiston 84 nafar afg‘on harbiy xizmatchisini qabul qildi

O‘zbekiston 84 nafar afg‘on harbiy xizmatchisini qabul qildi
80 dan ortiq afg‘onistonlik harbiy xizmatchilar O‘zbekiston davlat chegarasini kesib o‘tdi va chegarachilar tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusup Kabuljanov ma’lum qildi.

Mozori-Sharif qulaganidan so‘ng Afg‘onistonning Hayraton shahrini O‘zbekistonning Termiz shahri bilan bog‘lovchi «Do‘stlik» ko‘prigidagi vaziyat. 2021 yil 14 avgust.
Foto: Telegram / @tashkent_land

«2021 yilning 14 avgust kuni Afg‘oniston bilan davlat chegarasining bo‘linmalaridan birida Afg‘oniston Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilaridan iborat 84 kishilik guruh davlat chegarasini kesib o‘tdi va DXX Chegara qo‘shinlari chegara otryadlari tomonidan qo‘lga olindi. Chegarani buzganlar qarshilik ko‘rsatmagan va ko‘makka muhtojligini bildirgan, jumladan, 3 nafar yaralangan shaxsga tibbiy yordam so‘ragan», — deyiladi xabarda.

Afg‘onistonning mazkur fuqarolari bilan zarur tekshiruv-filtrlash jarayonlari va sanitariya-epidemiologiya tadbirlari o‘tkazilgan, ularning ayrimlariga tibbiy yordam ko‘rsatilgan, shuningdek, oziq-ovqat va ularning vaqtincha joylashishi tashkil etilgan.

Shu bilan birga, Termiz—Hayraton ko‘prigining Afg‘oniston qismida Afg‘oniston hukumat kuchlarining harbiy xizmatchilari to‘plangani qayd etildi. Bu shaxslarga insonparvarlik yordami ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda.

«O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg‘oniston fuqarolarining vataniga qaytishi va Termiz—Hayraton ko‘prigi hududidagi vaziyatni tartibga solish borasida Afg‘oniston tomoni bilan muzokaralar olib bormoqda», — deyiladi TIV xabarida.

Bundan tashqari, 14 avgust kun davomida Termiz—Mozori-Sharif temir yo‘l uchastkasida xizmat ko‘rsatuvchi O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish tashkil etilgan.

Ta’kidlanishicha, davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish kuchaytirilgan tartibda olib borilmoqda, barcha zarur xavfsizlik choralari ko‘rilgan. Termizda xavfsizlik idoralari rahbarlari va davlat hokimiyati organlari vakillaridan iborat tezkor shtab joylashtirilgan.

Ayni vaqtda, Afg‘onistonning ToloNews telekanalining Telegram’dagi sahifasida 15 avgust kuni soat 9:18 da joylashtirilgan xabarga ko‘ra, Termiz va Hayratonni bog‘lab turuvchi «Do‘stlik» ko‘prigi hamon afg‘onistonliklar bilan to‘la, chegara yopiq («minglab afg‘onistonlik jangchilar Hayraton ko‘prigi ochilib, undan o‘tishni kutmoqda»). «O‘zbekiston chegarachilari faqat yuqori martabali afg‘on amaldorlarining kirishiga ruxsat bergan», — deyiladi telekanal xabarida.

Termiz—Hayraton ko‘prigi, 15 avgust, yakshanba tongidagi holatdan lavha.
Foto: Telegram / @tolo_news

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston 84 nafar afg‘on harbiy xizmatchisini qabul qildi