19:05 / 25.08.2021
2 266

1 sentabrdan qonunchilikda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

1 sentabrdan qonunchilikda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?
2021 yil 1 sentabrdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tamiz.

Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori oshiriladi
Prezident farmoni bilan 2021 yil 1 sentabrdan boshlab O‘zbekistonda minimal pensiya va nafaqalar miqdori oshiriladi.

Farmonga ko‘ra:
- mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 822 ming so‘m;
- bazaviy hisoblash miqdori – oyiga 270 ming so‘m;
- pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 289 ming so‘m;
- yoshga doir eng kam pensiyalar – oyiga 565 ming so‘m;
- bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa – oyiga 622 ming so‘m;
- zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa – oyiga 440 ming so‘m;
- ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiyalarning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda – oyiga 440 ming so‘m;
- belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan 623 ming so‘mgacha, pensiya oluvchilarning yoshga doir va nogironlik bo‘yicha pensiyalari miqdori – oyiga 623 ming so‘m etib belgilandi.

Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi joriy etiladi
Prezident farmoniga asosan 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa hamda bola 2 yoshga to‘lguniga qadar uni parvarish qilish nafaqasi o‘rniga kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi joriy etiladi.

Bolalar nafaqasini tayinlashda:
- inobatga olinadigan bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha oshiriladi;
- to‘lov muddati 6 oydan 12 oygacha oshiriladi;
- uning miqdorini oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilash tartibi qo‘llanadi.
Shuningdek, yakka-yolg‘iz bo‘lgan fuqarolarga, farzandi bo‘lmagan yoki barcha farzandlari 18 yoshdan katta bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlanadi.

2021 yil 1 sentabrdan boshlab bolalar nafaqasi va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam to‘lovlari quyidagi miqdorlarda belgilandi:

a) bolalar nafaqasining har oylik miqdori:
  • 250 000 so‘m — 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun, 325 000 so‘m — yoshi 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun;
  • 150 000 so‘m — oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha;
  • 100 000 so‘mdan — oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun;

b) kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori — 380 000 so‘m.

Haydovchilardan bir qator hujjatlarni talab qilish tartibi bekor qilinadi
Hukumat qarori bilan haydovchilardan avtomototransport vositasini boshqarish uchun ishonchnoma (notarial tartibda tasdiqlangan), texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot, avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma elektron shaklga o‘tkazish orqali mazkur hujjatlarni avtomototransport vositasi haydovchisidan talab etish tartibi bekor qilinadi.

Yakka tartibdagi taksichilar o‘z faoliyatini faqat agregatorlar xizmatidan foydalangan holda amalga oshiradi
Prezident qaroriga ko‘ra, yakka tartibdagi taksichilar o‘z faoliyatini faqatgina agregatorlar xizmatidan foydalangan holda amalga oshiradi.

Agregatorlar xizmatidan foydalanish uchun yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksi yoki yakka tartibdagi taksi litsenziyasiga ega bo‘lish, maxsus tekshiruv punktlarida oylik tibbiy ko‘rikdan o‘tish, 6 oyda kamida 1 marta texnik ko‘rikdan o‘tish kabi shartlarni bajarish lozim bo‘ladi.

Xorijga ishlashga ketayotgan fuqarolarning xorijiy til imtihoni, yo‘l chiptasi va «ishchi viza»ni rasmiylashtirish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi
Prezident qaroriga asosan 2021 yil 1 sentabrdan 2022 yil 1 sentabrga qadar Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan «labor-migration» dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan, kasb-hunar yoki xorijiy tillarga o‘qigan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga:
  • xorijiy tillar yoki kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda — BHMning 3 baravarigacha miqdorda;
  • yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun — BHMning 2 baravarigacha miqdorda;
  • rivojlangan davlatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirishga «ishchi viza»ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun — BHMning 5 baravarigacha miqdorda kompensatsiya to‘lanadi.

Tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlari butun respublika hududida ko‘rsatiladi
Hukumat qaroriga muvofiq, tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlari butun respublika hududida ko‘rsatiladi.

Ma’lumot uchun, tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlari:
- bolaning ota-onasi yoki vasiysi (homiysi), tutingan ota-onasi, ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoki ularning yaqin qarindoshlariga yoxud ota-onasidan biri vakolat bergan boshqa shaxslarga tug‘ilganlik haqidagi tibbiy ma’lumotnoma berish;
- tug‘ilganlikni qayd etish;
- poliklinikaga hisobga qo‘yish;
- bir martalik nafaqa pulini olish;
- bolani otasi yoki onasi yoxud vasiysi (homiysi), tutingan ota-onasi doimiy ro‘yxatda turgan manzili bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish;
- bolani davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga navbatga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini qamrab oladi.

Gul eksport qiladigan tadbirkorlar xarajatlarining yarmi qoplab beriladi
Prezident qaroriga ko‘ra, 2021 — 2024 yillarda yillik eksport tushumida gul eksportidan tushum ulushi kamida 30 foizni va 100 ming AQSH dollardan ko‘pni tashkil qiladigan tadbirkorlik sub’ektlarining xomashyo (gul ko‘chatlari, urug‘lari, piyozlari va payvandtaglari) importi uchun sarflangan transport xarajatlarining 50 foizi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplanadi.

Pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish yil davomida amalga oshiriladi
Prezident qaroriga binoan malaka toifasini berish va saqlab qolish bo‘yicha maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish yil davomida amalga oshiriladi.

Shuningdek, uzrli sabablarga ko‘ra (mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik, tug‘ish hamda bolani parvarish qilish ta’tili va boshqalar) attestatsiyadan o‘tmagan pedagog kadrlar ish faoliyatiga qaytganlariga bir yil to‘lgandan so‘ng attestatsiyaga jalb etiladi va mazkur davr mobaynida ularning malaka toifasi saqlab qolinadi.

Ilmiy unvon va ilmiy darajalarni berish vakolati respublikaning nufuzli oliy ta’lim muassasalariga o‘tkaziladi
Prezident farmoniga ko‘ra, ilmiy unvon va ilmiy darajalarni berish vakolati 2021 yil 1 sentabrdan boshlab respublikaning nufuzli oliy ta’lim muassasalarining ilmiy kengashlariga bosqichma-bosqich o‘tkaziladi.

Jismoniy shaxslarning avtotransport vositalari ko‘chma texnik nazorat liniyalarida majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi
Hukumat qaroriga ko‘ra, jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan M1 toifadagi avtotransport vositalarini tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishda harakatlanuvchi mobil texnik nazorat liniyalaridan foydalaniladi.

Shuningdek, xorijiy davlatlarga chiqadigan transport vositalaridan tashqari barcha transport vositalariga texnik ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi talonlarni berish amaliyoti bekor qilinadi.

Davlat ishtirokidagi tashkilotlar tomonidan birjada sotilayotgan mahsulotlarni avtotransportda tashish xizmatlari faqat elektron auksion tartibida amalga oshiriladi
Prezident qaroriga ko‘ra, monopol va davlat ishtirokidagi tashkilotlar tomonidan birja savdolarida sotilayotgan mahsulotlarni avtotransportda tashish xizmatlari faqat elektron logistika savdo portali orqali auksion tartibida amalga oshiriladi.

Ichki ishlar organlarining serjant tarkibidagi lavozimlariga faqat oliy ma’lumotlilar qabul qilinadi

Prezident qaroriga binoan 2021 yil 1 sentabrdan boshlab:
- ichki ishlar organlari rahbar tarkibining tegishli lavozimlariga tayinlanish uchun Akademiya magistraturasida o‘qish lozim bo‘ladi;
- ichki ishlar organlarining serjant tarkibidagi lavozimlarida xizmatni o‘tash uchun faqat oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar qabul qilinadi;
- ichki ishlar organlarining safdor tarkibidagi lavozimlariga nomzodlar faqat idoraviy akademik litseylar, harbiy-akademik litseylar bitiruvchilari, profilaktika inspektorining yordamchilari, shuningdek, oliy ma’lumotga ega yoki sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha tahsil olayotgan shaxslar orasidan qabul qilinadi.

Masofaviy ta’lim beruvchi NTMlarga binoga ega bo‘lish talabi bekor qilinadi
Prezident qaroriga ko‘ra, masofaviy (onlayn) ta’limga asoslangan nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish uchun mulkiy yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida binolarning mavjud bo‘lishi haqida talab bekor qilinadi.

Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi natijalarga erishgan maktablarga Prezident sovrini beriladi
Prezident qaroriga asosan xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi natijalarga erishgan maktablarni rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti sovrini ta’sis etiladi.

Bunda, sovrin uchun musobaqalar umumta’lim maktablari o‘rtasida 3 bosqichda tashkil etiladi.

Davlat tashkilotlariga ishga qabul qilishdagi tanlov jarayonlarini Internetda jonli kuzatish mumkin bo‘ladi
Prezident qarori bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarda (keyingi o‘rinlarda — davlat organlari va tashkilotlari) ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish hamda tanlov doirasida o‘tkaziladigan sinov tadbirlarini Internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida kuzatishni nazarda tutuvchi tartib joriy etiladi.

Jismoniy va yuridik shaxslardan ob’ektlarni «E-auksion» platformasida auksionga chiqarganlik uchun yig‘im olinmaydi
Prezident qarori bilan «E-auksion» savdo platformasidagi elektron onlayn-auksionlar tartib-taomillarining yagona tartibi joriy etildi. Unga ko‘ra, ishtirokchilarga auksionda qatnashish uchun elektron raqamli imzo kaliti sertifikati bepul taqdim qilinadi hamda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ob’ektlarni auksionga chiqarish uchun to‘lanadigan yig‘im bekor qilinadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » 1 sentabrdan qonunchilikda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?
[/banner_pushhouse