
Avval xabar berganimizdek, bugun 2021 yil 28 avgust kuni O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasida bir guruh taniqli ulamolar, islomshunos olimlar, tajribali imom-xatiblar, mohir mudarrislar, faol otinoyilar va diniy soha xodimlari “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan mukofotlandi.
Xabaringiz bor, 2021 yil 23 avgust kuni Davlatimiz rahbari «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni bilan mukofotlash to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Diniy-ma’rifiy sohada fidokorona mehnat qilayotgan taniqli ulamolar, tajribali imom-xatiblar, jonkuyar mudarrislar va diniy soha xodimlari ham «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni sohibi bo‘lganlari juda ham quvonarli hol bo‘ldi.
Ushbu tadbirda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning ukalari ham taqdirlandilar. Fursatdan foydalanib Azon.uz muxbiri Muhammad Amin Muhammad Yusuf hazratlari bilan suhbatlashdi.
“Biz avvallari akam Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari bilan televideniyeda ko‘rsatuv qilgan edik. Qo‘l ochib duo qilingan kadrlar efirga uzatilmasdi, ruxsat berishmasdi. U davrlarga nisbatan hozirgi holatimizga shukr qilsa arziydigan. Dindorlarga berilgan e’tibor dinga berilgan e’tibor hisoblanadi”, dedilar Muhammad Amin Muhammad Yusuf hazratlari.
Jumladan, tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov O‘zbekiston mustaqilligi tarixida bunday katta tadbir birinchi marta o‘tkazilayotganini, olim-u, ulamolarga, otinoyilarga ilk bor shunday e’tibor berilayotganini aytib o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi rasi o‘rinbosari Xomidjon Ishmatbekov Qutlug‘ bayram — Mustaqilligimizning 30 yilligi oldidan mana shunday katta tadbirga tashrif buyurgan barcha ulamolar va davlat arboblarini ushbu ayyom bilan tabriklab, sohamiz vakillariga mana shunday e’tibor qaratayotgan yurtboshimizga barcha jamoamiz nomidan chuqur minnatdorchilik bildiraman, deya so‘zini yakunladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar