17:04 / 02.09.2021
2 005

Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi ITB sammiti avvalida Qur’on tilovat qilindi

Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi ITB sammiti avvalida Qur’on tilovat qilindi
Ayni paytda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 46 yillik yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda. Bu xaqda «Daryo» xabar berdi.

Tadbir boshida Qur’on tilovat qilingach, Prezident nutq so‘zlagan.

- Bismillohir rahmonir rahim. Islom taraqqiyot bankining hurmatli boshqaruvchilari. Muhtaram Muhammad Sulaymon al-Jassir janoblari. Hurmatli mehmonlar.

Barchangizni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan Islom taraqqiyot banki Boshqaruv kengashining 46 yillik anjumanida qutlash sharafiga muyassar bo‘lganimdan g‘oyat mamnunman. O‘zbekistonga xush kelibsiz!

Albatta, bankning yillik anjumani Toshkentda o‘tkazilishi o‘ziga xos ramziy ma’noga ega. Biz buni O‘zbekistonning islom dunyosi rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, mamlakatda so‘nggi besh yil davomida olib borilayotgan izchil islohotlarning e’tirofi, deb hisoblaymiz.

O‘zbek xalqining buyuk ajdodi, butun musulmon olamining ulug‘ namoyandasi Imom al-Buxoriy hazratlari jamlagan ‘Sahihi Buxoriy’ kitobida zikr etilgan hadisi sharifda aytilganidek, ‘albatta, amallar niyatga bog‘liqdir’.

Barchamiz xolis niyat qilgan ekanmiz, Yaratganning marhamati bilan bugun Islom taraqqiyot banki guruhining yillik uchrashuvini jonli ravishda o‘tkazishga muvaffaq bo‘lyapmiz.

Ta’kidlash joizki, mazkur tadbir pandemiya boshlangandan beri dunyodagi xalqaro moliyaviy institutlar orasida birinchi bo‘lib tashkil etilgan nufuzli anjumandir.

Menga berilgan ushbu qulay imkoniyatdan foydalanib, Islom taraqqiyot bankining barcha a’zo davlatlari vakillari nomidan hurmatli birodarimiz — Al-Jassir janoblarini bank prezidenti lavozimida ish boshlagani bilan muborakbod etaman.

Muhtaram al-Jassir janoblari!

Bu yuksak lavozimdagi faoliyatingizni O‘zbekistonga tashrifdan boshlayotganingiz chuqur ramziy ma’noga ega.

Shu sababli yurtimiz bilan hamkorlik sizning mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizning muhim qismiga aylanadi, deb ishonaman. Mamlakatimiz timsolida siz yaqin hamkor va sadoqatli do‘st topdingiz, desam, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Zimmangizdagi ezgu vazifani ado etishda Alloh taolo sizni hamisha qo‘llasin!

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi ITB sammiti avvalida Qur’on tilovat qilindi