23:50 / 02.10.2021
2 009

YPX xodimini haqorat qilgani uchun qo‘lga olingan avtobloger 15 sutkaga qamaldi (video)

YPX xodimini haqorat qilgani uchun qo‘lga olingan avtobloger 15 sutkaga qamaldi (video)
Foto: Telegram
Ijtimoiy tarmoqlarda Bobur G‘aniyev nomi bilan tanilgan bloger Uchtepa tumani IIO FMB xodimlari tomonidan ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi. Toshkent shahar IIBBning ma’lum qilishicha, avtoblogerga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Ma’lum qilinishicha, 30 sentabr kun soat 23:30 larda Uchtepa tumani «Farhod» bozori ro‘parasida o‘tkazilayotgan «Xavfsiz poytaxt» profilaktik tadbiri davomida Toshkent shahar IIBB YHXB YPX inspektorlari tomonidan Epica rusumli avtomashina to‘xtatilgan.

Transport vositasi haydovchisi 1993 yilda tug‘ilgan Abror Kozubayevning hujjatlari tekshirilgan. Shu jarayonda Epica rusumli avtomashinada yo‘lovchi sifatida o‘tirgan 1987 yilda tug‘ilgan Bobur G‘aniyev (internetda YPX xodimlarini tanqid qilgan videolari bilan tanilgan) YPX inspektorlarini haqorat qilib, janjal ko‘targan. IIO xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan jamoat tartibini buzgan.

Shundan so‘ng transport vositasining haydovchisi, yo‘lovchilari Bobur G‘aniyev va Obit Salimov Uchtepa tumani IIO FMBga olib borilgan. Holat yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish va tekshiruv o‘tkazish jarayonida Bobur G‘aniyevning shaxsiy uyali telefon apparatida pornografik mazmundagi, qonunda taqiqlangan videomateriallar va fotosuratlar borligi aniqlangan.

Toshkent shahar IIBB ijtimoiy tarmoqlarda Bobur G‘aniyevga nisbatan kuch ishlatilgani to‘g‘risida tarqalgan xabarlarga ham to‘xtalib o‘tib, aslida bunday emasligini ta’kidlagan. Blogerning o‘zi ham qonunbuzarlik sodir etganini tan olgan.

«Yo‘lovchi sifatida kelayotgandim, Chilonzor tumanida YPX xodimlari bizni to‘xtatdi… Ozgina jahlim chiqib turganiga PPX va YPX xodimini haqorat qilib qo‘ydim, qonuniy talablarini bajarmadim… Pushaymonligimni aytmoqchiman. Ayrim hamkasblarimdan tasdiqlanmagan narsalarni tarqatmasliklarini so‘rayman», — deydi avtobloger.

Yuz bergan holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudiga taqdim etilgan. Unga ko‘ra, Bobur G‘aniyev Ma’muriy javogarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgani uchun (haqorat qilish) BHMning 20 barobari (5,4 million so‘m), 194-modda (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bo‘yicha BHMning 1 baravari (270 ming so‘m), 195-modda (ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) bo‘yicha esa 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi belgilangan. Bundan tashqari, Epica haydovchisi va yana bir yo‘lovchiga ham tegishlicha jazo tayinlangan.

Shuningdek, Bobur G‘aniyevning telefonida aniqlangan pornografik ma’lumotlar tarqatilgan yoki tarqatilmaganini tekshirish maqsadida ekspertiza belgilangan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » YPX xodimini haqorat qilgani uchun qo‘lga olingan avtobloger 15 sutkaga qamaldi (video)