23:39 / 03.10.2021
1 604

Abdulaziz Komilov: «AQSH 5 mln dozadan ortiq vaksinalarni beg‘araz taqdim etganidan minnatdormiz»

Abdulaziz Komilov: «AQSH 5 mln dozadan ortiq vaksinalarni beg‘araz taqdim etganidan minnatdormiz»
Foto: TIV matbuot xizmati
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 3 oktabr kuni AQSH davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Uendi Sherman bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda TIV matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, suhbat chog‘ida O‘zbekiston—AQSH kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilindi. Abdulaziz Komilov Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida jamiyatning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Davlat departamenti vakili AQSH tomoni O‘zbekistonda olib borilayotgan keng o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Mintaqadagi vaziyat va Afg‘onistondagi voqealar rivoji yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar Afg‘onistonda keng milliy yarashuv va inklyuziv hukumatni shakllantirish jarayoniga ko‘maklashish, mamlakatda insonning asosiy huquq va erkinliklariga rioya etilishini ta’minlash, gumanitar inqirozning oldini olish zarurligini ta’kidladi.

Foto: TIV rasmiy vakili
Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali va tashkiliy jihatlari, xususan, Strategik hamkorlik muloqotining birinchi yig‘ilishini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

TIV rasmiy vakili Yusuf Kabuljonovning ma’lum qilishicha, Abdulaziz Komilov Moderna va Pfizer vaksinalarni beg‘araz taqdim etgani uchun AQSH hukumatiga minnatdorchilik ham bildirdi.

Foto: TIV matbuot xizmati
«Biz AQSH hukumatidan mamlakatimizga Moderna va Pfizer kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan 5 milliondan ortiq dozadagi vaksinalarni beg‘araz asnoda taqdim etgani uchun alohida minnatdormiz», — degan vazir.

Eslatib o‘tamiz, 30 iyul kuni O‘zbekistonga koronavirusga qarshi 3 million 60 doza Moderna vaksinasi olib kelingandi. Vaksina AQSH tomonidan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining COVAX dasturi doirasida ajratilgan bo‘lib, maxsus havo qatnovi vositasida AQSHning Alabama shtatidan mamlakatga yetkazib berilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Abdulaziz Komilov: «AQSH 5 mln dozadan ortiq vaksinalarni beg‘araz taqdim etganidan minnatdormiz»