O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yurtimiz aholisini O‘zbek tili bayrami kuni bilan samimiy muborakbod etdi.
Qadrli vatandoshlar!
Avvalo, siz, azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni ulug‘ ayyom – O‘zbek tili bayrami kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Albatta, keyingi yillarda mamlakatimizda yangicha ruhda keng nishonlanayotgan bu bayramning alohida fayzi va shukuhi borligini barchamiz yaxshi bilamiz. Ushbu qutlug‘ sanada milliy qadriyatlarimiz gultoji bo‘lgan ona tilimizning tariximiz va taqdirimiz, bugungi hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini, uni rivojlantirish borasida oldimizda turgan dolzarb vazifalarni yanada chuqur his etamiz.
Aziz do‘stlar!
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlarimiz ham yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan xabardorsiz. Buning tasdig‘ini o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini tubdan oshirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Ana shunday sa’y-harakatlarimiz natijasida ona tilimiz nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida ham o‘zining munosib o‘rni va mavqeiga ega bo‘lib bormoqda. Ayniqsa, ona tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida, ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.
Vazirlar Mahkamasi tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi samarali faoliyat ko‘rsatib, g‘oyat muhim bu sohadagi ishlarni muvofiqlashtirib kelmoqda.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tarkibida amaliy filologiya va kompyuter lingvistikasi bo‘yicha yangi yo‘nalishlar ochilib, o‘zbek tilini turli sohalarda qo‘llashga oid tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Oliygoh qoshida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi, 6 ta maxsus o‘quv kursi hamda Alisher Navoiy xalqaro jamg‘armasi tashkil etilgani ham ayni shu maqsadlarga qaratilgani bilan diqqatga sazovordir.
Ana shu ishlarning uzviy davomi sifatida yaqin kelgusida asosiy vazifasi chet ellarda o‘zbek tili, madaniyati va milliy an’analarimizni keng ommalashtirish, gumanitar aloqalarni mustahkamlashdan iborat bo‘lgan Alisher Navoiy xalqaro instituti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
O‘tgan qisqa davrda o‘zbek tilini chuqur o‘rganish va o‘rgatishga xizmat qiladigan 16 ta kitob, jumladan, 9 ta lug‘at nashr qilinganini alohida qayd etish lozim. Ayni vaqtda 5 jilddan iborat «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» fundamental tadqiqoti vazirlik va idoralar, ta’lim-tarbiya maskanlariga, mamlakatimizning chet eldagi diplomatik vakolatxona va konsullik muassasalariga yetkazildi. Shuningdek, chet el fuqarolari va yurtdoshlarimizga o‘zbek tilini o‘rgatadigan onlayn platforma,
o‘zbek tili izohli lug‘atining mobil ilovasi, xorijdagi vatandoshlarimiz uchun maxsus veb-sayt yaratilgani ham albatta muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lgani Tashkilot doirasida iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish bilan birga, turkiy tillar, xususan, o‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda. Mamlakatimiz tashabbusi bilan mazkur tashkilotning Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti ta’sis etilgani buyuk ajdodimiz xotirasi va bebaho merosiga, shunday ulug‘ zotlarni voyaga yetkazgan xalqimizga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtirom ifodasidir.
Bugungi kunda mamlakatimizda 150 ta milliy madaniy markaz ish yuritayotgani, o‘zbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman tillarida ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatayotgani, maktablarimizda ta’lim-tarbiya jarayoni 7 ta tilda olib borilayotgani dunyo amaliyotidagi noyob tajriba ekanini ta’kidlash o‘rinlidir. Yurtimizda chet tillarga ixtisoslashgan hamda o‘quv mashg‘ulotlari xorijiy tillarda o‘tiladigan ta’lim maskanlari soni ortib borayotgani ham shu sohadagi muhim o‘zgarishlar natijasidir.
Muhtaram vatandoshlar!
O‘zbek tilini yanada rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash borasida oldimizda katta va mas’uliyatli vazifalar turganini barchamiz yaxshi anglaymiz.
Hozirgi kunda mamlakatimizda yashayotgan turli millat vakillari va chet el fuqarolarida o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqish va e’tibor ortib borayotganini hisobga olib, ular uchun maxsus darslik, lug‘at va qo‘llanmalar, video va audiomateriallar hajmini oshirish bo‘yicha ishlarni yanada kuchaytirishimiz zarur.
O‘zbek tili jonajon Vatanimizda yashayotgan barcha fuqarolarimiz uchun aziz va qadrli tilga aylanishi, uning jozibadorligini oshirish uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etishimiz, bu maqsadda nafaqat ma’naviy, shu bilan birga, moddiy rag‘batlantirish choralarini ham keng qo‘llashimiz darkor. Xususan, tilshunos va lug‘atshunos olimlarimizning, shoir-adiblarimizning ushbu sohadagi mashaqqatli va sharafli mehnatini munosib qadrlash, ularning ilmiy tadqiqotlari, darslik va qo‘llanmalari, kitob va risolalarini davlat buyurtmasi shaklida nashr etish va keng jamoatchilikka yetkazib berish uchun alohida dastur ishlab chiqib, amalga oshirishimiz zarur.
Davlat tiliga oid barcha ma’lumotlarni o‘zida jamlagan O‘zbek tili milliy korpusini yaratishni tezlashtirish, ona tilimizni Internet global tarmog‘ida ommalashtirish va ushbu makonda mustahkam o‘rin egallashini ta’minlash, dasturiy mahsulotlarning o‘zbekcha ilovalarini yaratish ishlarini jadallashtirish ham oldimizda turgan dolzarb vazifadir.
Aziz va muhtaram yurtdoshlarim!
Hozirgi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu intilish va harakatlarimiz hal qiluvchi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu yo‘lda milliy o‘zligimiz, g‘urur-iftixorimiz timsoli bo‘lgan ona tilimiz, hech shubhasiz, beqiyos kuch-qudrat va ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Ana shunday hayotiy e’tiqod va buyuk maqsad bilan yashayotgan xalqimiz doimo omon bo‘lsin!
Sizlarni bugungi bayram bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik, fayzu baraka tilayman.
Ona tilimiz mangu yashasin! — Shavkat Mirziyoyev. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»