10:40 / 21.10.2021
1 596

Shavkat Mirziyoyev Jahongir Ortiqxo‘jayevning poytaxt hokimi etib tayinlanishi va Toshkentning kelajagi haqida gapirdi

Shavkat Mirziyoyev Jahongir Ortiqxo‘jayevning poytaxt hokimi etib tayinlanishi va Toshkentning kelajagi haqida gapirdi
Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev 19 oktabr kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvda Jahongir Ortiqxo‘jayevning poytaxt hokimi etib tayinlanishining sababini aytdi va shaharni qanday rivojlantirish rejalashtirilayotgani haqida gapirdi.

«Men nima uchun Jahongir Ortiqxo‘jayevni Toshkent shahri hokimligiga qo‘ydim? Bu odam tadbirkor. Tadbirkorlik bilan poytaxtni rivojlantirishi uchun bu lavozimni berdik. Zamon shiddat bilan o‘zgaryapti. Tadbirkorlik zamon talabi bo‘lyapti. Endi Ortiqxo‘jayev ham kerak bo‘lsa 10 barobar ko‘proq harakat qilishi lozim», — dedi Mirziyoyev.

Uning qayd etishicha, kelgusi besh yilda xorijdan Toshkentga keladigan mehmonlarni 3 million nafarga yetkazib, turizm xizmatlari hajmini 1 milliard dollarga olib chiqish bo‘yicha barcha imkoniyatlar bor.

«Savdo sohasini iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish, boshqa tarmoqlar uchun ‘drayver’ga aylantirish uchun eng katta masala bu – savdo maydonlarining yetarli emasligi. Misol uchun, so‘nggi ikki yilda shaharda savdo maydonlari 2 barobarga oshgan bo‘lsa-da, ularning hajmi yirik megapolislarga nisbatan, 10-15 baravarga past», – deydi u.

Qayd etilishicha, kelgusi besh yilda shahardagi savdo maydonlari 10 barobarga oshiriladi. Buning uchun:
- 44 ta yirik savdo va ko‘ngilochar markazlari ishga tushiriladi;
- har bir tumanda tun-u kun faoliyat ko‘rsatadigan savdo va ko‘ngilochar ko‘chalar barpo etiladi;
- yangi qurilayotgan uy-joylar va biznes markazlarning pastki qavatlari oldindan xizmat ko‘rsatish va savdo sohasiga ixtisoslashtiriladi.

Savdo va xizmatlar sohasidagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, yangi mehmonxonalar va 5 ming kvadrat metrdan katta savdo komplekslari:
- besh yil davomida mol-mulk solig‘ini 2 barobar past stavkada to‘laydi;
- qurilgan binolarning amortizatsiya xarajatlarini ikki yil davomida to‘liq qoplash orqali, foyda solig‘ini kamaytirish imkoniyati yaratiladi.

Shahar mahallalarida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga, yiliga 1 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning qayd etishicha, «Toshkent – biznes uchun ulkan imkoniyatlar shahri» dasturini amalga oshirish orqali kelgusi besh yil ichida yalpi hududiy mahsulot hajmi 200 trillion so‘mga yetkazilib, qariyb 2 barobarga o‘sishi ta’minlanadi.

«Kelajakda Toshkent shahrini ilg‘or innovatsion va investitsion hududga aylantiramiz. Shaharda joylashgan og‘ir sanoat korxonalari poytaxt tashqarisiga bosqichma-bosqich ko‘chiriladi. Shaharda esa yuqori texnologiyali innovatsion tarmoqlar – elektronika va elektrotexnika, IT-injiniring, biotexnologiya korxonalari joylashadi.

«O‘zekspomarkaz» hududida Toshkent xalqaro moliyaviy markazi barpo etiladi va unda faoliyat yuritadigan xalqaro banklar, moliyaviy institutlar, yuridik, konsalting va investitsion kompaniyalarga qulay sharoitlar yaratiladi. Ushbu markaz nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqamiz uchun Investitsiyalar xabiga aylanadi.

Shahar uchun alohida Ilg‘or loyihalar va injiniring markazi ochiladi. Shuningdek, kadrlar zaxirasini yaratish maqsadida, «ta’lim–ilm–tadqiqot» tamoyili asosida har bir oliygoh o‘quv dasturlari «yashil» va «raqamli» iqtisodiyotga yo‘naltirish uchun transformatsiya qilinadi. Ushbu tizimning o‘zagi Yangi O‘zbekiston universiteti bo‘ladi.

Har bir tumanda Innovatsiya va texnologiya markazi hamda «loyiha guruhlari» tashkil etilib, ularda davlat-xususiy sheriklik asosida alohida texnopark va IT maktabi faoliyat yuritadi. Istiqbolli loyihalarga To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi 30 foiz ulush bilan kiradi va bunga 200 million dollar ajratiladi.

Yangi tashkil etiladigan O‘zbekiston taraqqiyot banki tomonidan Toshkent shahri tadbirkorlariga qulay shartlarda uzoq muddatli kreditlar ajratish uchun 1 milliard dollar resurslar tijorat banklari orqali emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘naltiriladi. Poytaxtga investitsiya va ilg‘or texnologiyalar, eng nufuzli xalqaro kompaniyalarni keng jalb qilish uchun kelgusi yili «Toshkent xalqaro investitsiya forumi» o‘tkaziladi. Bu orqali qo‘shimcha 10 milliard dollar investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatini yaratamiz.

Umuman, Toshkent shahrida keyingi besh yilda 14 milliard dollarlik 2 mingga yaqin investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 250 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi. Toshkent shahri atrofida «sanoat belbog‘i» tashkil qilinib, Bektemir, Sergeli, Yashnobod va Yangihayot tumanlari yuqori daromad keltiruvchi sanoat tarmoqlariga moslashtiriladi
», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev Jahongir Ortiqxo‘jayevning poytaxt hokimi etib tayinlanishi va Toshkentning kelajagi haqida gapirdi