20:17 / 21.10.2021
1 871

Qashqadaryoda 9 yil avval bedarak yo‘qolgan fuqaro o‘ldirilib, dalaga ko‘mib ketilgani aniqlandi

Qashqadaryoda 9 yil avval bedarak yo‘qolgan fuqaro o‘ldirilib, dalaga ko‘mib ketilgani aniqlandi
Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati
Bosh prokuratura matbuot xizmati Qashqadaryoda 9 yil avval sodir etilgan qotillik fosh etilganini ma’lum qildi. Aniqlanishicha, 2012 yilning 24 yanvarida Qashqadaryo viloyati, Koson tumani, «Qorabo‘yin» mahallasida yashagan T.G‘. o‘ziga tegishli Nexia-2 avtomashinasida uyidan chiqib ketib, bedarak yo‘qolgan.

T.G‘. boshqaruvidagi avtomashina Samarqand shahar, «Madaniyat» mahallasidagi ko‘p qavatli uyning orqa tomonidan topilgan va holat yuzasidan Qarshi tuman prokuraturasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bedarak yo‘qolgan G‘.T.ning avtomashinasini ko‘zdan kechirish davomida avtomashinaning turli joylaridan jami 14 dona barmoq, kaft izlari olingan.

Mazkur jinoyat ishi yuzasidan Qashqadaryo viloyati prokuraturasi tomonidan viloyat IIB bilan hamkorlikda amalga oshirilgan keng qamrovli tadbirlar natijasida jinoyat fosh etilgan.

Tergovda aniqlanishicha, M.O., T.A. va D.S. bedarak yo‘qolgan G‘.T.ni qasddan o‘ldirib, uning jasadini Chiroqchi tumani, «Sho‘rbozor» mahallasi hududida joylashgan zaxiradagi dala maydonida ko‘mib, avtomashinasini Samarqand shahar, «Madaniyat» mahallasi, «Narpay» ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyning orqa tomoniga tashlab ketgani aniqlangan.

M.O., T.A. va D.S.ning sodir etgan jinoyatlari ularning iqrorlik ko‘rsatuvlari, jinoyat sodir etilgan joyda aniqlangan barmoq izlari, ko‘rsatmalarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish va yuzlashtirish tergov harakatlari hamda boshqa dalillar majmui bilan to‘liq o‘z isbotini topgan.

Ushbu jinoyat ishi yuzasidan 3 nafar shaxsga Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan ayb e’lon qilinib, barchasiga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Xabarda aytilishicha, ayni paytda jinoyat ishi yuzasidan Qashqadaryo viloyati prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qashqadaryoda 9 yil avval bedarak yo‘qolgan fuqaro o‘ldirilib, dalaga ko‘mib ketilgani aniqlandi