Tracker’ni olib qochgan 13 yoshli bola uni to‘xtatgan YPX xodimlaridan qochib ketdi

Tracker’ni olib qochgan 13 yoshli bola uni to‘xtatgan YPX xodimlaridan qochib ketdi
Kadr: Videodan skrin
Toshkent shahri Chilonzor tumanida 2 noyabr kuni 13 yoshli, 7-sinf o‘quvchisi eshigi ochiq qolgan Tracker avtomobilini olib qochib ketdi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi xabar qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Chilonzor tumanida 2 noyabr kuni kechgi soat 4-5 atrofida Tracker egasi ishdan qaytgach, mashinasini odatdagi joyida qoldirgan. Ammo avtomobil eshigi ochiq qolgan. Ertalab 07:10 atrofida mashinasi yo‘qligidan xabar topgan ayol militsiyaga xabar bergan. Xodimlar tomonidan tumanning Qatortol ko‘chasida xizmat olib borilayotganda 09:30 larda Tracker avtoulovi to‘xtatilgan. U to‘xtamasdan, qarama-qarshi yo‘lga chiqib harakatlangan. Mashina quvilib, siquv yo‘li bilan to‘xtatilgan.

O‘rganishlar natijasida mashinani 13 yoshli, 7-sinf o‘quvchisi boshqargani aniqlangan. U kechasi 01:30 larda o‘rtog‘ining uyiga ketayotganda eshigi qulflanmagan mashinani ko‘rganini, o‘t oldirish tugmasi yordamida uni minib ketganini aytgan. «Mashina boshqarishni A. ismli o‘rtog‘imdan o‘rganganman. 8 soatdan beri avtomobilni minib yuribman», — degan bola.

Qayd etilishicha, mashina egasiga qaytarilgan. Holat yuzasidan bola o‘qiydigan maktabda jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilgan. «Uzr so‘rayman hammadan. Bundan keyin iloji boricha oldini olishga harakat qilaman», — degan bolaning otasi.

Ta’kidlanishicha, bola voyaga yetmagani uchun uning ota-onasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) asosan javobgarlikka tortilgan. Bu kabi harakatlarni amalga oshirgan shaxs bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarimaga tortiladi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar