13:55 / 15.11.2021
1 792

O‘zbekiston Mozori Sharif aeroportini rekonstruksiya qiladi

O‘zbekiston Mozori Sharif aeroportini rekonstruksiya qiladi
Foto: TOLOnews
14 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidentining maxsus vakili Ismatulla Ergashev Afg‘oniston shimolidagi Balx viloyatida mahalliy rasmiylar bilan uchrashuvda O‘zbekiston Mozori Sharifdagi Mavlono Jaloliddin Muhammad Balxiy xalqaro aeroportini rekonstruksiya qilishini ma’lum qildi. Bu haqda TOLOnews’ga tayanib, «Gazeta.uz» xabar berdi.

Ismatulla Irgashev viloyat rasmiylaridan tashqari, Afg‘oniston Transport va aviatsiya vazirligi vakillari bilan ham uchrashgan. Ergashevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston afg‘onlarga aeroportni rekonstruksiya qilish, texnik nosozliklar va jihozlarni ta’mirlashda yordam berish uchun 30 kishidan iborat texnik guruh yuborgan.

«Bizdan aeroport faoliyatini tiklash va zararlangan uskunani ta’mirlashda yordam berishga chaqirishdi. Shu bois O‘zbekistondan 30 nafar texnik xodim olib keldik. Tez orada aeroport foydalanishga topshiriladi», — deydi u.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Afg‘onistonga turli sohalarda, xususan, infratuzilma sohasida yordam berishga harakat qiladi.
Shu bilan birga, Balx mahalliy rasmiylari O‘zbekistonni Afg‘oniston bilan iqtisodiy sohalarda va ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalarini kengaytirishda hamkorlik qilishga chaqirgan.

«Afg‘onistonning O‘zbekiston oldidagi elektr energiyasi bo‘yicha qarzi yuzasidan ham muzokaralar bo‘lib o‘tdi va biz bank tizimidagi muammolar hal bo‘lgach, to‘lovni to‘lashimizni va O‘zbekiston import qilinadigan elektr energiyasini qisqartirmasligi kerakligini aytdik», — deydi Balx viloyati gubernatori Qudratulloh Hamza.

«O‘zbekiston jamoasi aeroportning barcha jihozlari va har bir uchastkasini ta’mirlab, qayta ishga tushiradi. Shuningdek, Mavlono aeroportida vazirlikning 83 nafarga yaqin texnik xodimlarini O‘zbekistonda o‘qitadi», — deydi Afg‘oniston transport va aviatsiya vaziri o‘rinbosari Hasibulla Sorush.

Eslatib o‘tamiz, 7 oktabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Afg‘oniston muvaqqat hukumat rahbarining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mulla Abdul Kabir boshchiligidagi Afg‘oniston rahbariyati vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgandi. Uchrashuv davomida tomonlar yaqin orada Termiz shahrida savdo-iqtisodiy masalalarini, jumladan, Surxon — Puli-Xumri elektr uzatish tarmoqlari va Mozori-Sharif—Kobul—Peshovar yo‘nalishi bo‘ylab temir yo‘l qurish loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qilish uchun qo‘shma muzokaralar o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olgandi.

16 oktabr kuni Termizda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi va Afg‘oniston muvaqqati hukumati vakillari muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar muzokara davomida qish mavsumi davomida ikki tomonlama savdoni kengaytirishni, shuningdek, Afg‘onistonga yetkazib berilayotgan yoqilg‘i va birinchi galdagi zaruriy tovarlar hajmini oshirishni muhokama qilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston Mozori Sharif aeroportini rekonstruksiya qiladi