13:45 / 19.11.2021
5 470

Komilov: «Afg‘on muammosi yukini mintaqa davlatlari, ayniqsa, eng yaqin qo‘shnilar yelkasiga yuklamaslik kerak»

Komilov: «Afg‘on muammosi yukini mintaqa davlatlari, ayniqsa, eng yaqin qo‘shnilar yelkasiga yuklamaslik kerak»
Foto: Tashqi ishlar vazirligi
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekiston–Yevropa Ittifoqi hamkorlik kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha jurnalistlar qiziqtirgan savollariga javob berdi. Xususan, vazir belgiyalik jurnalist Sadid Laylumning bir qancha savollariga javob berib o‘tdi.

«Shu uch oy davomida O‘zbekiston hukumatining yuqori martabali a’zolari Afg‘onistonga bir necha bor tashrif buyurdi. Shuningdek, ‘Tolibon’ va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar 1997 yildan beri, menimcha, ozmi-ko‘pmi ochiq.

Savolim shundan iboratki, kelajakni qanday ko‘rasiz va ‘Tolibon’ boshqa guruhlarni qo‘shmagan holda tashkil qilgan vazirlar mahkamasiga qanday munosabatdasiz? Men ular inklyuziv hukumat deb ataydigan narsani nazarda tutyapman, lekin aslida unday emas.

Afg‘onistondagi boshqa millatlar va ayollarga imkon berilmay tuzilgan hukumat bilan O‘zbekiston munosabat o‘rnatmoqchimi? Bu mamlakatning kelajagini qanday ko‘rasiz? Va shuningdek, elektr ta’minoti haqida nima deysiz? Ushbu yo‘nalishda ishlashni davom ettirish imkoniyati bormi?
», – deya savol bergan Sadid Laylum.

Abdulaziz Komilov jurnalist savollariga quyidagicha javob berdi.

«Bu muhim savol uchun rahmat. Biz Afg‘oniston masalasida O‘zbekistonning pozitsiyasini bir necha bor bildirganmiz. Shu munosabat bilan men buni takrorlamoqchi emasman. Men nimadan qochish kerakligini va bizning fikrimizcha, nima qilish kerakligini aytib bermoqchiman.

Birinchidan, Afg‘oniston xalqaro hamjamiyatdan ajralgan holda qolmasligi kerak. Koalitsiya qo‘shinlarining bu mamlakatdan olib chiqilishi Afg‘oniston kelajagi uchun umumiy manfaatlar va jamoaviy mas’uliyat soqit bo‘lishini anglatmasligi kerak.

Ikkinchidan, Afg‘oniston notinch davlatga aylanmasligi kerak.

Uchinchidan, Afg‘onistondagi urush noharbiy usullar bilan davom ettirilmasligi kerak. Bu yerda men aktivlarni muzlatish, barqaror insonparvarlik yordami va uni yetkazib berishdagi kechikishlarni nazarda tutyapman, bu esa «Tolibon»ni o‘zini izolyatsiya qilish siyosatini olib borishga undamoqda.

Endi bu vaziyatda nima qilish kerak?

Birinchidan, Afg‘onistondagi mavjud voqelikni va kuchlarning yangi muvozanatini tan olish muhim. Afg‘on muammosi yukini mintaqa davlatlari, ayniqsa, eng yaqin qo‘shnilar yelkasiga yuklamaslik kerak.

Ikkinchidan, Afg‘onistonda gumanitar inqirozning oldini olish zarur. Afg‘onistonning xorijiy banklardagi aktivlarini muzlatib qo‘yish va tranzaksiyalarni tiklash kerak.

Uchinchidan, biz aniq aytishimiz kerakki, «Tolibon»ning tan olinishi ma’lum shartlarga bog‘liq: barcha guruhlarning vakillariga asoslangan hukumat tuzish, asosiy inson huquqlarini ta’minlash, yaxshi qo‘shnichilik siyosatini yuritish, terrorizm, giyohvand moddalar savdosi, uyushgan jinoyatchilik va boshqalarga qarshi kurash.

To‘rtinchidan, Afg‘onistonning iqtisodiy rivojlanishiga har tomonlama yordam berishimiz kerak.

Nihoyat, beshinchidan, «Tolibon»ning ijobiy qadamlarini har tomonlama rag‘batlantirish kerak. Misol uchun, qizlar uchun maktablar ochish, ayollarga davlat muassasalarida ishlash huquqini berish va hokazo. Ayni paytda yangi muvaqqat hukumatning bu borada qadamlari bor.

Shu bois, xonimlar va janoblar, bu O‘zbekistonning Afg‘onistonga nisbatan xalqaro hamjamiyat, jumladan, Yevropa Ittifoqi tomonidan qanday choralar ko‘rishi kerakligi haqidagi juda aniq va ochiq pozitsiyasidir.

O‘zbekistonga kelsak, biz energetika va transport kommunikatsiyalari sohasida jiddiy loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Biz Afg‘oniston muvaqqat hukumati a’zolarini O‘zbekistonga taklif qildik va iqtisodiyot, savdo-sotiq hattoki xavfsizlik sohasida ham hamkorlikni qanday yo‘lga qo‘yish haqida kelishib oldik.

Afg‘onistonning yangi rasmiylari bilan muzokaralar olib borganimizda ular chegara xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kafolatlar berdi. Bundan tashqari, biz harbiy koalitsiya bilan hamkorlik qilgan va ularga yordam bergan G‘arb davlatlari vakillari, fuqarolari va afg‘onlarni bir necha yirik evakuatsiya operatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarimizni muvofiqlashtirdik.

Shunday ekan, qadamma-qadam kerakli natijaga erishish mumkinligiga umid qilamiz. Boshqa tanlovimiz yo‘q. Bu haqiqatni tan olish va mintaqa davlatlari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini izlash kerak. Albatta, biz muvaqqat hukumatni bir tomonlama tan olmoqchi emasmiz. Umumiy xalqaro yondashuv bo‘lishi kerak», – deydi Komilov.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Komilov: «Afg‘on muammosi yukini mintaqa davlatlari, ayniqsa, eng yaqin qo‘shnilar yelkasiga yuklamaslik kerak»