21:51 / 03.12.2021
2 966

Ehtiyot bo‘ling! Ko‘rinmas qotil ovga chiqqan

Ehtiyot bo‘ling! Ko‘rinmas qotil ovga chiqqan
Ko‘rinmas qotil o‘z qurbonlarini ayniqsa kechalari ovlaydi. Ko‘pincha uning qurbonlari – butun boshli oilalar. Xpress loyihasi to‘liq formatdagi ilk ko‘rsatuvida barchani dahshatli qotil – is gazidan ogoh bo‘lishga chaqiradi.

O‘zbekiston aholisining katta qismi qish kelishi bilan almisoqdan qolgan ikki yoqilg‘i turlari – ko‘mir, o‘tin va tappi yoqa boshlaydi.

O‘zimizning yurtimizdan qazib olinadigan gazga o‘zimiz yolchimaymiz.

Almisoqdan qolgan yoqilg‘ilar esa odamlarning uyini isitish bilan birga, ba’zida jimgina jonini ham olyapti. Soqov va ko‘rinmas qotil deb ataladigan is gazi oqibatida butun boshli oilalar ertalab uyqudan uyg‘onmayapti.

Bu – bir oiladan ba’zan hech bir nom-nishon qolmaydi degan gap.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 2020 yilda O‘zbekistonda 106 kishi is gazi va gaz portlashidan halok bo‘lgan. 2021 yilning noyabrigacha esa 96 kishi is gazi sabab vafot etdi.

Is gazidan zaharlanish sabab birvarakayiga 1 qizi va 2 nevarasini yerga qo‘ygan urgutlik ota-ona o‘sha mudhish hodisani shunday eslaydi:
Qizim vaqtli turib, tong saharda ish boshlardi. O‘sha kuni ertalab qaynog‘asi borsa, uyning chirog‘i yoqilgan, oyoq kiyimlar eshik yonida turgan ekan. Mollar tashqariga chiqarilmagan, uyda hech kim yo‘q. Keyin borib, derazasini ochishsa, to‘rttovi ham qimirlamay yotganmish. Xontaxtada kecha terilgan mayiz turganmish...

Xolmurod Ochilov bu xuddi yomon tushga o‘xshashi, birdaniga 3 yaqinining jasadini ko‘rish kinolarda ham bo‘lmasligini aytadi.
Olamdan o‘tganidan beri, boshimda bir tumanday narsa paydo bo‘ldi. Hech ketmaydi. Kechalari uyqum qochib ketadi. Bolalar bilmasin deb yakka uyga kirib yig‘layman. O‘zimcha suhbatlashaman. Buni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman. Bir kunda 3 kishini yo‘qotishni tasavvur ham qilib bo‘lmaydi”, – deydi alam bilan marhumaning otasi.

Toksikolog Ne’mat Eshboyevning ma’lumot berishicha, is gazi – yopiq xonalarda qozonlar, ko‘mir, o‘tin yoki boshqa yoqilg‘ilarni yoqish oqibatida sodir bo‘ladigan gaz. Agar dudburonlar bekilib qolgan bo‘lsa, havo yetishmasligi sabab tabiiy gazning to‘liq yonmasligi oqibatida is gazi paydo bo‘ladi.

Fuqarolar kunbo‘yi ish yoki o‘qishda bo‘lgani sabab kechqurun ularda bosh og‘rishi, uyqusirash, charchoqlik alomatlari bo‘ladi. O‘sha paytda odamlarimiz yotib uxlashga harakat qiladi. Is gazining ham ilk belgilari uyqusirash, yotinqirash, bosh aylanishi va charchoqlik. Shuning uchun ham is gazini farqlay olishmaydi. Uni ayyor gaz deyishadi. Chunki is gazi hidsiz va ta’msiz. Bemorlar zaharlanganda uzoq vaqt reabilitatsiya talab qilinadi, tutqanoq sindromi, aqliy zaiflik ham bo‘lishi mumkin”, – deydi mutaxassis.

Is gazidan zaharlanish ko‘pincha tabiiy gaz yaxshi yetib bormagan qishloq hududlarida sodir bo‘lyapti.

Masalan, mening 2 nafar kelinim bor. Uyda o‘zim va ular uchun jami 3 ta pechka yonishi kerak. 3 ta uyning pechkasiga 5 tonna ko‘mir olsam, yetishi mumkin. 5 tonna ko‘mir uchun tonnasiga 400 mingdan 2 million so‘m ketadi. Ko‘mir qancha yaxshi qurigan bo‘lsa, shuncha yaxshi yonadi. Qurbi yetganlar issiq ob-havoda olib quritib qo‘yadi”, – deydi Urgutning Chumchuqli qishlog‘ida yashovchi 66 yoshli Abduhakim Shodmonov.

Ko‘pincha muammoni olib chiqqanlardan yechim taklif qilish ham so‘raladi. Bizningcha, masalaga ikki xil yechim bor.

Birinchi variant murakkab va uzoqroq vaqt talab qiladi: energetika sohasidagi muammolarni tezroq va samarali hal qilish. Albatta, hukumat bu yo‘nalishda ishlayotganini aytishi mumkin, biroq biz aytmoqchi bo‘lgan ikkinchi yechim paysalga solinyapti: O‘zbekiston bo‘ylab barcha aholi uylarini to‘liq davlat budjeti hisobidan gazoanalizatorlar bilan jihozlash.

Hamyurtlarimizni esa is gazi xavfiga befarq qaramaslikka, qo‘lbola va ishonchsiz pechlardan foydalanmaslikka, dudburonlarni tez-tez tozalab turishga chaqirib qolamiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ehtiyot bo‘ling! Ko‘rinmas qotil ovga chiqqan