13:37 / 10.12.2021
2 420

Qashqadaryolik o‘qituvchilar ishga kirish uchun direktorga pora berilishini ma’lum qilgan

Qashqadaryolik o‘qituvchilar ishga kirish uchun direktorga pora berilishini ma’lum qilgan
Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat kengashining navbatdagi sessiyasida viloyatning sobiq hokimi Zoir Mirzayev tashabbusi bilan Qarshi shahridagi maktablarda so‘rovnoma o‘tkazilgani, so‘rovnomada qatnashgan 31-maktab o‘qituvchilarining 42 foizi maktabga ishga kirish uchun direktorga pul berilishini, belgilangan «stavka» 300 dollardan 500 dollargacha ekanini aytgani ma’lum qilindi. Bu haqda sessiyani onlayn kuzatgan «Daryo» muxbiri xabar berdi.

Qayd etilishicha, 9 dekabr soat 14:00 da boshlangan Xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdagi sessiyasi Facebook’dagi jonli efirda jamoatchilik e’tiboriga havola qilingan.

Sessiyada so‘z olgan deputat Yulduz Ershageva viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i To‘lqin Karimovga yuzlanib, viloyatdagi maktablarda tanish-bilishchilik, urug‘-aymoqchilik ildiz otib ketganini, hatto maktablarga ishga kirmoqchi bo‘lgan o‘qituvchilar ham ishini pora orqali hal etayotganini bildirdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda har kuni Qashqadaryodagi maktablarning achinarli ahvoli, salbiy holatlari haqida yozilayotgani har bir qashqadaryolikning dilini og‘ritadi, albatta. Biz eng avvalo kelajagimizni o‘ylashimiz kerak, bugungi maktab o‘quvchilari, farzandlarimiz ertaga shu yerda, bizning o‘rnimizda o‘tiradi.

Maktabda millat kelajaklari tarbiyalanmoqda. Lekin ming afsuski bugun viloyatdagi maktablarimizning ahvoli qoniqarli emas. Shunday maktablar borki, muhit yomonligi sabab ayrim o‘qituvchilar maktabga borgisi kelmaydi. Ba’zi maktab direktorlari 10, 15 ba’zan 20 yillab maktabni boshqarayotganini ko‘rishimiz mumkin.

Agar o‘sha maktab yaxshi natijalarni ko‘rsatayotgan bo‘lsa, mayli, direktorning omadini bersin, ammo aksariyat hollarda unaqa emasligi, maktabda tanish-bilishchilik, mahalliychilik, qarindosh-urug‘chilik bo‘layotgani ma’lum bo‘lyapti
», — dedi sessiyada so‘z olgan deputat Yulduz Ergasheva.

Deputat viloyatning sobiq hokimi Zoir Mirzayev taklifi va tashabbusi bilan Qarshi shahridagi maktablarda ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazilganini, bu orqali maktab direktorlarining faoliyati hamda maktabdagi korrupsion holatlarni oshkor qilish maqsad qilinganini bildirdi.

«Qarshi shahridagi 31-maktab o‘qituvchilari bilan o‘tkazilgan so‘rovnomada 84 nafar o‘qituvchi ishtirok etib, ularning 42 foizi maktabga ishga kirish uchun direktorga pora berilishini, pora direktor kotibasiga berilishini bildirgan bo‘lsa, 7-maktab o‘qituvchilari maktabga ishga kirish narxi 300 dollardan 500 dollargacha ekanini bildirgan», — dedi viloyat deputati.

Deputatning ma’lumot berishicha, so‘rovnomalar natijasiga ko‘ra maktablarda xodimni ishga olish uchun, o‘qituvchiga ustama berish uchun, shuningdek, maktabga kelgan komissiya uchun pul yig‘ilishi odatiy holga aylangani ma’lum bo‘lgan.

«Qarshi shahridagi maktab o‘qituvchilarining yozishicha, o‘tgan o‘quv yilidagi dars taqsimotlarida bir soat dars narxi 100 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yildagi dars taqsimotlarida bu narx 300 ming so‘mni tashkil qilgan», — dedi deputat Yulduz Ergasheva.

Facebook’dagi onlayn efirdan anglashilishicha, deputat Yulduz Ergasheva tomonidan deputatlar e’tiboriga havola qilingan ma’lumotlar deputatlar tomonidan sovuq qarshilangan va bemavrid aytilgan ma’lumot deya e’tirof etildi. Xususan, deputat Lola Saodatova bu ma’lumotlar maxsus komissiyada muhokama qilinishi kerakligini aytadi.

Deputat nutqini tinglagan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i To‘lqin Karimov esa bunday ayblovlarni yakuniy xulosa ko‘rinishida prokuraturaga taqdim etish lozimligini, deputatlar talabi bilan sessiyada ishi ko‘rilib, ishdan olingan maktab direktorlari sud orqali ishga qayta tiklanayotganini, shunday vaziyatlarda boshqarma boshlig‘i sifatida u sud tomonidan jarimaga tortilib qolayotganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, «Daryo»da viloyatning G‘uzor tumanidagi 49-maktab direktori Faxriddin Xoliqov maktabga ishga kirish niyatida bo‘lgan o‘qituvchidan 300 dollar talab qilib, ishga olishi uchun unga «uchta kal berishi» lozimligini aytib, ta’magirlikka yo‘l qo‘yayotgani oshkor qilgandi. Mazkur holatga e’tibor qaratgan G‘uzor tuman prokuraturasi holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlanganini bildirgan bo‘la-da, yakuniy xulosa haqida jamoatchilikka axborot berishni unutdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qashqadaryolik o‘qituvchilar ishga kirish uchun direktorga pora berilishini ma’lum qilgan