23:48 / 11.12.2021
2 771

Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi xodimlariga tabrik yo‘lladi

Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi xodimlariga tabrik yo‘lladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlariga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni Prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi. Quyida tabrikning to‘liq matnini taqdim etamiz.

Qadrli vatandoshlar!

Muhtaram dehqon va fermerlar, agrar soha xodimlari!

Bugungi qutlug‘ ayyom – Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan sizlarni, butun xalqimizni chin qalbimdan muborakbod etaman.

Saxovatli zaminimizda go‘zal hosil bayrami nishonlanayotgan shu fayzli damlarda yangi O‘zbekiston ravnaqi va aholi farovonligi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan, qadoq qo‘li va fidoyi qalbi bilan elimizning rizq-nasibasini yaratayotgan, o‘z ishining ustasi bo‘lgan mohir dehqon va fermerlar, bog‘bonlar, chorvador va pillakorlar, suvchilar va irrigatorlar, agronom va mexanizatorlar, agroklasterlarning rahbarlari va ishchi-xodimlari, dehqon xo‘jaligi rahbarlari, sohaning jonkuyar olimlari hamda mutaxassislariga samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Aziz do‘stlar!

Keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida uzoqni ko‘zlagan holda amalga oshirayotgan tub islohotlarimiz tizimda salmoqli natijalarga erishishda muhim omil bo‘lmoqda.

Biz bu yo‘nalishdagi ishlarimizni izchil davom ettirib, mamlakatimizda qulay agrobiznes muhitini yaratish, bu borada investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, sohani sanoatlashtirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz.

O‘z navbatida, omilkor dehqon va fermerlarimiz eng so‘nggi ilm-fan yutuqlarini puxta o‘rgangan holda, ko‘p yillik boy bilim va tajribalari bilan soha taraqqiyoti uchun azmu shijoat ko‘rsatayotganini alohida ta’kidlash lozim.

Hammamizga ayonki, dehqonchilik yer yuzidagi eng sharafli, ayni vaqtda mashaqqatli kasblardan biridir. Yurtimiz qishloq xo‘jalik sohasi bu yil ham turli qiyinchiliklarga duch kelganiga barchamiz guvohmiz.

Avvalo, dunyo miqyosida davom etayotgan pandemiya ta’siri, qolaversa, bahorda yog‘ingarchilikning kam bo‘lgani, yoz chillasining o‘ta issiq kelishi, suv resurslarining har yilgidan sezilarli darajada tanqisligi dehqonlarimizning iroda va matonatini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi.

Lekin mavjud muammolarga qaramasdan, barcha tarmoqlarda mo‘l hosil yetishtirib, avvalgi yillarga nisbatan yuqori marralarga erishganingiz uchun siz, azizlarga har qancha tahsin aytsak, arziydi.

Bu yil respublikamiz bo‘yicha 20 million tonnadan ortiq meva-sabzavot, 7,4 million tonnaga yaqin don, 3,4 million tonnadan ziyod paxta xom ashyosi, 23 ming tonna pilla, 2,6 million tonna go‘sht, 11 million tonnadan ortiq sut mahsulotlari, 8,3 milliard dona tuxum, 400 ming tonna baliq yetishtirilgani yil bo‘yi tunu kun qilingan mashaqqatli mehnatning munosib samarasidir.

Bu haqda gapirganda, g‘allaning har gektaridan 95-100 sentnerdan hosil olgan Marhamat tumanidagi «Sotvoldiyev Hoshimjon», Buvayda tumanidagi «Islomjon Shukurullo», Ohangaron tumanidagi «Najmiddin Faxriddin fayz», Do‘stlik tumanidagi «Farhod», Romitan tumanidagi «Ko‘hna Buxoro», Qarshi tumanidagi «Mo‘l hosil sifat», Rishton tumanidagi «Mohinur fayzli gavhari», Qumqo‘rg‘on tumanidagi «Padang», Ellikqal’a tumanidagi «Saxtiyon Azamati», To‘raqo‘rg‘on tumanidagi «Shohida burguti» kabi fermer xo‘jaliklarining nomlarini mamnuniyat bilan e’tirof etamiz.

Agrar sohaning yana bir muhim tarmog‘i – paxtachilikda olib borilayotgan islohotlar natijasida joriy mavsumda o‘tgan yilga nisbatan 422 ming tonna ko‘p paxta xom ashyosi yetishtirildi. Hosildorlik esa o‘rtacha 6,3 sentnerga oshgani ayniqsa e’tiborlidir.

Bunday ulkan xirmonni yaratishga salmoqli hissa qo‘shgan Qumqo‘rg‘on tumanidagi «Termiz Jayxun», Do‘stlik tumanidagi «Sangzor-tekstil», Zafarobod tumanidagi «Jizzax kenteks», Boyovut tumanidagi «Boyovut tekstil klaster», Qorako‘l tumanidagi «Qorako‘l kumush kalava», G‘ijduvon tumanidagi «Buxoro agro klaster», To‘raqo‘rg‘on tumanidagi «Namangan to‘qimachi klaster», Paxtachi tumanidagi «Paxtachi klaster», Oqqo‘rg‘on tumanidagi «Oqqo‘rg‘on agro klaster», Yangiariq tumanidagi «Yangiariq teks», Bog‘ot tumanidagi «Koboteks» kabi paxta-to‘qimachilik klasterlari, shuningdek, Jarqo‘rg‘on tumanidagi «Xushboq bobo», Sharof Rashidov tumanidagi «Norqozoq ota», Yuqori Chirchiq tumanidagi «Tangirberdi ota», Qo‘rg‘ontepa tumanidagi «Savay ko‘rki», Peshku tumanidagi «Varaxsho nurli zamini», Beruniy tumanidagi «Rahmatulla Chaman» fermer xo‘jaliklari hammaga namuna bo‘lganini minnatdorlik bilan ta’kidlaymiz.

Qadrli yurtdoshlar!

Bugungi kuchli raqobat sharoitida qishloq xo‘jaligi tizimida ham yangicha yondashuv, innovatsiyalar va ilg‘or ishlanmalarni, intensiv va resurs tejaydigan texnologiyalarni izchil tatbiq etishni zamonning o‘zi taqozo qilmoqda.

Keyingi paytda butun dunyoda bo‘lgani kabi mintaqamizda ham yuz berayotgan iqlim o‘zgarishlari, suv resurslarining tobora taqchil bo‘lib borayotgani, ekologik muammolar sohada ilm-fan va ishlab chiqarish uyg‘unligini ta’minlash naqadar dolzarb ekanini ko‘rsatmoqda.

Ana shu omillarni hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi sohada islohotlarni yanada chuqurlashtirish va innovatsion texnologiyalarni qo‘llash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholiga sifatli mahsulotlar yetkazib berish, eksport geografiyasini kengaytirishdek ustuvor masalalarda dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Qishloq xo‘jaligida bozor mexanizmlariga asoslangan, boshqaruvning mutlaqo zamonaviy shakli bo‘lgan klaster tizimi joriy etilayotgani amalda o‘zini to‘la oqlamoqda. Ushbu innovatsion tizim agrar sohani rivojlantirishning muhim vositasiga, qishloq aholisining kafolatli daromad manbaiga aylanib bormoqda.

Hozirgi vaqtda yurtimizda barcha yo‘nalishlarda 651 ta agroklaster faoliyat yuritib, paxta va g‘allaning 100 foizi, meva-sabzavotning 40 foizidan ortig‘i aynan ana shunday korxonalar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.

Agroklasterlar qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, sohani sanoatlashtirish, mahsulotlarni chuqur qayta ishlash, pirovardida chetga xom ashyo emas, qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulot eksport qilish, bandlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish kabi asosiy vazifalarni samarali amalga oshirmoqda.

Natijada birgina paxtachilikda tolani qayta ishlash ko‘rsatkichi 2,5 baravarga oshdi. Hosilning 100 foizi mamlakatimizda qayta ishlanishi tufayli ip-kalava ishlab chiqarish 2 baravarga, tayyor mahsulot hajmi 3 baravarga ortdi. Bu boradagi yillik eksport miqdori qariyb 3 milliard dollarni tashkil qildi.

Yer qadrini biladigan, uning har qarichidan unumli foydalanadigan, doimo izlanib, noyob tajriba maktabi yaratgan klaster rahbarlari, fermer va dehqonlarimiz, shuningdek, meva-sabzavot, sholi, dorivor giyohlar yetishtirish, chorvachilik va boshqa sohalarda ham yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelayotgani g‘oyatda ahamiyatlidir.

Hurmatli soha vakillari!

Sizlarga ma’lumki, so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini oshirish, oborotdan chiqqan ekin maydonlarini qayta foydalanishga kiritish, lalmi yerlarni o‘zlashtirish ishlariga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. 2020-2021 yillarda 369 ming gektar yer qayta foydalanishga kiritildi. Suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat tomonidan subsidiya ajratish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, yangi issiqxonalar tashkil etish, oziq-ovqat mahsulotlari tannarxining barqarorligini ta’minlash borasidagi ishlar ham o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Xususan, birgina 2021 yilning o‘zida 797 gektar maydonda qiymati 2,3 trillion so‘mlik 398 ta zamonaviy issiqxona ishga tushirilib, 11 mingdan ortiq kishining bandligi ta’minlandi.

Bularning barchasi ichki bozor ehtiyojini qondirish bilan bir qatorda, eksport imkoniyatlarini kengaytirib, qishloq joylarida ko‘rkam va qulay bo‘lgan savdo, logistika markazlari va qayta ishlash korxonalarini rivojlantirmoqda Xorijiy mamlakatlar bozorlariga yangi istiqbolli yo‘nalishlar ochilib, qariyb 1,5 million tonna meva-sabzavot mahsulotlari 65 ta davlatga eksport qilindi.

Bu o‘rinda, eksport ko‘rsatkichlarida o‘tgan yilga nisbatan dukkakli mahsulotlar 122 foizga, uzum mahsulotlari 142 foizga, sabzavotlar 103 foizga hamda yong‘oq mahsulotlari 1,8 barobarga o‘sganini alohida qayd etish lozim.

Ayni paytda, yangi loyihalar ustida ishlash, bozor mexanizmlari tamoyillarini keng joriy etgan holda mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, xizmat ko‘rsatish turlarini ko‘paytirish va sifatini yanada yaxshilash, malakali mutaxassislarni tayyorlash masalalari diqqatimiz markazida bo‘lishi lozim. Ana shu talab va mezonlardan kelib chiqqan holda, sohada keng ko‘lamli islohotlarni joriy etish rejalashtirilmoqda.

Jumladan, mahsulot yetishtirish tannarxini 30-35 foizga qisqartirish, yer unumdorligini oshirish, dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravarga ko‘paytirish, eksportbop mahsulotlar yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash hamda meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, agrosanoat korxonalarini xom ashyo bilan ta’minlash va ishlab chiqarish hajmini keskin o‘stirish, chorvachilik tarmoqlari faoliyatini takomillashtirish, suv xo‘jaligi ob’ektlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida boshqarish tizimiga o‘tish kelgusida o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatadi, albatta.

Oldimizda turgan bunday mas’uliyatli vazifalarni bajarishda barchangiz yelkama-yelka turib, bir tanu bir jon bo‘lib, bor malaka va tajribangizni, kuch-g‘ayrat va salohiyatingizni safarbar etishingizga ishonaman.

Muhtaram do‘stlarim, qadrdonlarim!
Mir Alisher Navoiy hazratlarining bobodehqonlarni ulug‘lab, ular yerga urug‘ sochib, el-yurt uchun rizq yo‘lini ochadilar, deb aytgan so‘zlarida teran hayotiy ma’no borligini hammamiz yaxshi bilamiz.

Sizlarni ushbu fayzli va shukuhli ayyom bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman.

Kirib kelayotgan yangi – 2022 yilda hosilimiz yanada mo‘l bo‘lsin!
Xalqimiz, elimiz dasturxonidan to‘kin-sochinlik hech qachon arimasin!

Umringizdan, mehnatingizdan baraka toping, tanti va bag‘rikeng, yaratuvchan va ona zaminni sevib ardoqlaydigan azizlarim!
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi prezidenti

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni sifatida bayram qilinadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi xodimlariga tabrik yo‘lladi